Ignatyev JCh-2026da guruh bosqichida oson o'yinlar ko'payadi

2026 yilgi jahon chempionati 48 jamoaga kengaytirilishi FIFA uchun tashkiliy hamda sport nuqtayi nazaridan jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Bu fikrni Rossiya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Boris Ignatyev bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Mutaxassisning aytishicha, Osiyo va Afrika terma jamoalari uchun mundial yo'lini yengillashtirayotgan yangi format, avvalo, tijoriy manfaatlarga xizmat qiladi. Biroq sport tomoshasi jihatidan guruh bosqichida natijasi oldindan taxmin qilinadigan bahslar soni ortadi: kuchli jamoalar yetarli qarshilikka duch kelmaydi.
«Raqobat tomondan turnirning boshlanishi biroz “xiralashadi”: favoritlar guruhdan oson chiqib ketadi. Pley-offda esa charchoq to'planib boradi, shu sabab o'yinlar avvalgidek tomoshabop bo'lmaydi», — dedi Ignatyev. Uning so'zlarini Gazeta.Ru keltirdi.
Eslatib o'tamiz, JCh-2026 Shimoliy Amerikadagi uch davlat — AQSH, Meksika va Kanadada bo'lib o'tadi. Turnir 11 iyunda start oladi, final esa 19 iyulga belgilangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!