Angliya liga Kubogi. Husanov va "Manchester Siti" finalda (video)

Angliya Liga kubogi yarim finali javob bahsida “Manchester Siti” o‘z maydonida “Nyukasl”ni mag‘lub etib, finalga yo‘llanmani rasmiylashtirdi. Gvardiola shogirdlari 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, hal qiluvchi bosqichda “Arsenal”ga qarshi to‘qnash keladigan bo‘ldi.
Uchrashuvda asosiy qahramon — Omar Marmush. U ilk daqiqalardanoq hujumda juda faol ko‘rindi va raqib himoyasini “qiynalgan rejim”ga o‘tkazib qo‘ydi. Marmush 7-daqiqada hisobni ochib, jamoasiga erta ustunlik bergan bo‘lsa, 29-daqiqada yana bir bor to‘pni darvozaga joylab, dublga erishdi. “Siti”ning uchinchi goli esa 32-daqiqada Reynders hisobiga yozildi — bu epizodda ham “shaharliklar”ning tezkorligi va kombinatsion o‘yini hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
“Nyukasl” esa ikkinchi bo‘limda uyg‘onishga urinib ko‘rdi. 62-daqiqada Elanga farqni qisqartirib, intrigani qaytarishga harakat qildi. Biroq “Siti” o‘yin nazoratini qo‘ldan chiqarmadi: markazda to‘p aylanishi, pozitsion hujumlar va zarur paytda tempni “o‘ldirish” — bularning barchasi mezbonlarga natijani saqlab qolishda yordam berdi.
O‘zbekiston muxlislari uchun eng quvonarli jihat — Abduqodir Husanovning o‘yini bo‘ldi. Himoyachi butun bahs davomida maydonda to‘liq harakat qildi va jamoasi bilan birga finalga chiqqan tarkibning ajralmas bo‘lagi ekanini ko‘rsatdi. Yarim final kabi bosim katta bo‘lgan o‘yinda 90 daqiqa maydonda qolish — bu ishonch va barqarorlik belgisi.
Shu tariqa, “Manchester Siti” Angliya Liga kubogi finaliga chiqdi. Endi Gvardiola jamoasini katta to‘qnashuv kutib turibdi — finalda raqib “Arsenal”. Kubok uchun kurashda endi har bir mayda detal muhim: bir vaziyat, bir qaror, bir zarba taqdirni hal qiladi.
Angliya Liga kubogi. Yarimfinal
Manchester Siti – Nyukasl 3:1
Gollar: Marmush 7, 29, Reynders 32 – Elanga 62
Manchester Siti: Trafford, Nunes, Abduqodir Husanov, Ake (Alleyn, 46), Ait-Nuri, Niko, Reynders, O’Rayli (Rodri, 71), Semenyo (Holand, 71), Foden (Sherki, 72), Marmush.
Nyukasl: Ramsdeyl, Trippiyer (Osula, 76), Holl (J.Merfi, 46), Tiau, Bern, Remsi, Botman, Tonali, Gordon (Barns, 44), Uillok (Elanga, 46), Voltemade (Vissa, 46).
Ogohlantirishlar: Nunes 27, Niko 78.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!