Muxlislar Husanovni maqtayapti: "Siti"da yangi devor paydo bo‘lmoqda...

O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov "Manchester Citi" safida o‘ynayotgani sayin, uning nomi faqat mahalliy muxlislar emas, balki butun dunyodagi futbol ishqibozlari va mutaxassislari orasida ham ko‘proq tilga olinayotgani sezilyapti. Angliya Premer-ligasi, mamlakat kuboklari va UEFA Chempionlar ligasi kabi katta maydonlarda u o‘z uslubi bilan “men shu yerga tasodifan kelmadim” degan signalni qayta-qayta beryapti.
Eng qizig‘i, Husanov Gvardiola jamoasida bir pozitsiyaga “qotib” qolmay, himoyaning o‘ng qanotida ham, markazida ham ishonchli o‘ynay oladigan futbolchi sifatida tanilib ulgurdi. Jismonan baquvvat, kurashuvchan, tezkor va duellarda hech kimdan cho‘chimaydigan xarakter — Xosep Gvardiola tizimida ayniqsa qadrlanadigan sifatlar. Shu bois ekspertlar bugun Husanovni Yevropadagi eng yaxshi yosh himoyachilar qatorida tilga ola boshladi.
Biz esa uning so‘nggi uchrashuvlaridan keyin turli mamlakatlardagi muxlislar yozgan fikr-mulohazalarni jamladik. Ularni o‘qib chiqsangiz, bir narsa aniq: ko‘pchilik Husanovni nafaqat “yaxshi himoyachi”, balki “Siti mudofaasini qayta tiklaydigan figura” deb ham ko‘ryapti.
Leo Ferns:
Husanov juda yaxshi himoyachi. Men ko‘rayotgan yagona kamchilik, to‘p bilan ishlashni yaxshilashi kerak. Bu ko‘proq o‘ynash va tajriba orqali keladi. Shunga erishsa, u oldinga hujum qilib, uzun uzatmalar ham bera oladi.
Da Slow:
Aqlbovar qilmaydigan darajada o‘ynayotgan Husanov hali 21 yoshda! Pep aytganidek, jamoada eng yaxshi markaziy himoyachi bo‘ladi.
Abdoul Fataw Dai:
Husanov qanday qilib shunchalik baland sakraydi?
Victor Hamulonga:
Husanov hozirgi kunda “Siti”dagi yagona ishonchli himoyachi.
Magdi:
Husanov “Manchester Siti” murakkab vaziyatda qolgan vaziyatda maydonga tushishga loyiq ekanini isbotladi. Eng qizig‘i, men 1996-yildan beri “Manchester Yunayted” muxlisiman, lekin Husanov sabab “Siti” o‘yinlarini ko‘rishga, hatto ularni “Yunayted”dan ko‘ra yaxshiroq bilishga majbur bo‘ldim.
Isaac Newkippeton:
Himoya chizig‘i Yoshko Gvardiol – Mark Gexi – Ruben Diash – Abduqodir Husanovdan tashkil topishi kerak.
Sulaiman Dan Vice:
Husanov klubning mudofaa vaziri.
Sofo Sophonia:
Abduqodir Husanov “Manchester Siti”dagi o‘yinlari bilan barchani hayratda qoldirmoqda! 21 yoshli futbolchi Angliyaga kelganidan beri ancha o‘zgardi.
Uning jismoniy kuchliligi, tezligi va to‘p bilan o‘zini erkin tutishi Pep tizimi uchun katta aktiv. O‘ng qanot himoyachisi va markaziy himoyachi bo‘lib o‘ynash oson emas, ammo Husanovning universalligi o‘yinni o‘zgartirayapti. Agar u shu formani saqlab qolsa, Yevropaning eng yuqori darajasida kuzatishga arziydigan futbolchi bo‘ladi.
Akill Ashik:
Husanov to‘p bilan ishlashini yanada yaxshilab olsa, mutlaqo zo‘r o‘yinchiga aylanadi.
Shingirai Chizengeni:
Abduqodirni Ruben Diash bilan markazda birga o‘ynatib ko‘ringlar. U hech kimdan cho‘chimaydigan va hech narsadan chekinmaydigan yigit.
Philip Ryan:
Abduqodir bizdagi eng yaxshi himoyachi. Umid qilaman, Pep Diashni o‘ynatish uchun uni zaxiraga o‘tqazmaydi.
Leonard Fonga:
Menga uning o‘yin uslubi yoqadi. Himoyachilar agressiv bo‘lishini yaxshi ko‘raman, huddi Husanov kabi.
Handy Sphe:
Mening eng yaxshi ko‘rgan himoyachim — Husanov.
Rasheed Kusale:
Abduqodir uzun uzatmalarda ham juda yaxshi. “Vulverxempton”ga qarshi bahsda Marmushga bergan o‘sha pasi ajoyib edi.
Warren Paterson:
O‘tgan mavsumdayoq aytgandim, bu bola jahon darajasida bo‘ladi. Unda hammasi bor. Faqat tajriba kerak, hozir esa u shuni olayapti.
Irwan Ardiansyah:
Abduqodir afsonaga aylanadi. Ishonch bilan aytaman, u Kilian Mbappe tezligiga ham yetisha oladi.
Frank D. Chimeza Mashikizo:
Husanov “Siti”dagi birinchi o‘yinidanoq mening favoritimga aylangan.
David Collinge:
Husanov ancha yosh va hali o‘rganyapti, lekin uning jismoniy kuchiga teng keladigan yo‘q.
Preye Atikpa:
Husanovni zo‘r tayanch yarim himoyachiga aylantirish mumkin. Uning o‘yinni o‘qishi juda kuchli. Uni Rodri bilan juft qilib, Niko Gonsalesni oldinga surish kerak. Uning tiklanishi juda yaxshi ketyapti.
Chikondi Nasiyaya:
Chempionlar ligasida Husanovni o‘ynatish kerak, u yerda yanada samarali bo‘lishi mumkin.
Agoot Ayor Mabil:
Pep shu to‘rtlikni qo‘llashi kerak: Husanov, Ruben Diash, Mark Gexi va Rayan Ayt-Nuri.
Jæçk Chiẞhímbæ:
Abduqodir uchrashuvlarni Diash va Gexi bilan birga boshlashi kerak. Gexi o‘ng himoyachi sifatida, Diash va Husanov esa markazda o‘ynasin.
Muxlislar fikrlarida bir chiziq juda ravshan: Husanovning kuchli tomonlari — tezlik, jismoniy tayyorgarlik, qattiq xarakter va pozitsiya tanlash. Tanqid sifatida esa ko‘pchilik bir narsani qayta-qayta aytadi: to‘p bilan ishlashni yanada sayqallashtirsa, u “yaxshi himoyachi”dan “elita himoyachi”ga aylanadi. Bu esa eng yomon tanqid emas — aksincha, o‘sish nuqtasi aniq degani.
Endi eng muhim savol: Husanov shu tempni saqlab qoladimi? Agar u forma, sog‘liq va ishonchni ushlab tursa, Gvardiola tizimidagi universal himoyachi sifatida uning roli yanada kattalashishi mumkin. Muxlislar “mudofaa vaziri” deb atayaptimi — demak, jamoa ishona boshlagan. Endi esa navbat maydonda: har o‘yinda o‘z so‘zini yana bir marta isbotlash.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!