date

Gvardiola Husanovga maqtov yog‘dirdi: uni "Fulxem"ga qarshi tayyor dedi

Gvardiola Husanovga maqtov yog‘dirdi: uni "Fulxem"ga qarshi tayyor dedi
Angliya Premer-ligasida chempionlik yo‘lida qadamlar har hafta yanada og‘irlashib bormoqda. «Arsenal» olti ochko bilan oldinga chiqib olgan bir paytda, uni quvib kelayotgan «Manchester Siti» 26-turda o‘z maydonida navbatdagi bahsini o‘tkazadi. O‘tgan turda «Enfild»da «Liverpul»ni 2:1 hisobida mag‘lub etgan Xosep Gvardiola jamoasi bu safar o‘z muxlislari oldida «Fulxem»ga qarshi maydonga tushadi.

Bahs oldidan esa eng ko‘p muhokama qilingan masala — «Liverpul»ga qarshi o‘yinda boshidan zarba olgan Abduqodir Husanovning ahvoli edi. Chunki ikkinchi bo‘lim boshlarida Janluiji Donnarumma bilan to‘qnashuvdan keyin 21 yoshli markaziy himoyachi maydonni ertaroq tark etishga majbur bo‘lgandi.

Gvardiola esa muxlislarni tinchlantirib qo‘ydi: Husanov «Fulxem»ga qarshi o‘ynashga tayyor.

"Siti" ustozi Abduqodirning tiklanishi yaxshi kechganini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, jamoada tajribali markaziy himoyachilar Ruben Diash va Yoshko Gvardiol yo‘q paytda Husanovning qaytishi «Siti» uchun katta kuch bo‘lgani sir emas. Yanvar oyi yakuniga ko‘ra, u jamoasining eng yaxshi o‘yinchisi, deb topilgani ham buning yaqqol isboti.

  • Husanov ancha yaxshi holatda va o‘ynay oladi, - dedi «Manchester Siti» bosh murabbiyi.

Gvardiolaga yana bir qiziq savol ham berildi: Husanovning ingliz tili qay darajada yaxshilanayotgani haqida. Pep esa odatdagidek yumorni ham qo‘shib o‘tdi:

  • Tan olaman, Abduqodir hali ingliz tilida Uilyam Shekspirdek gapirmaydi. Lekin uning tilni o‘zlashtirishi tobora yaxshilanyapti. U biz nimani xohlayotganimizni, gaplarimizni to‘liq tushunadi. Bu holat har safar yanada yaxshi tomonga o‘zgaryapti.

Eng muhim jihat — Gvardiola Husanov haqida faqat jismoniy kuch nuqtayi nazaridan gapirmadi. U himoyachining aqlli, chuqur fikrlaydigan futbolchi ekanini alohida urg‘uladi.

Pepning ta’kidlashicha, ko‘pchilik Husanovni “kuchli va tez” deb biladi, ammo uning o‘yinni o‘qishi, vaziyatni oldindan his qilishi, doim to‘g‘ri pozitsiya tanlashi — eng katta afzalliklaridan biri.

  • Husanov juda aqlli yigit. Odatda, odamlar uni jismoniy tomondan juda kuchli va o‘ta tezkor futbolchi, deb bilishadi va uning chuqur fikrlay olishiga e’tibor berishmaydi. Aslida mutlaqo teskarisi. Uning tafakkuri kuchli ekanini doim to‘g‘ri pozitsiya tanlashi ko‘rsatmoqda.

Uning tezligi ham “sur’at uchun sur’at” emas — pozitsiyasini tez tiklab olishi, xavfli vaziyatlarda jamoani qutqarib qolishi bilan qimmat. 

  • Abduqodir haqiqatan juda-juda tezkor. O‘z pozitsiyalarini tiklab olish — uning eng muhim fazilatlaridan biri. Lekin bu bilan cheklanib qolmaydi, Husanovga baho berishda adashmang, u aqlli futbolchi. Odatda, bunday jismoniy kuchga ega o‘yinchi atrofida nima bo‘layotganini his qilmaydi, barchasi faqat jismoniy holatiga bog‘liq bo‘ladi. Husanovda esa ikkalasi – kuch ham, aql ham bor.

Shuningdek, to‘p bilan o‘ynashi ham sezilarli darajada o‘sib borayotgani aytildi. «Siti» murabbiylar shtabi uni yanada rivojlantirishga turtki beryapti va bu jarayon davom etadi. Gvardiola hatto juda katta ishonch bilan quyidagi fikrni ham bildirib o‘tdi: Husanov hali juda yosh, ochiq fikrli va u «Siti»da markaziy himoyada uzoq yillar o‘ynaydigan futbolchiga aylanishi mumkin.

  • Shuning uchun u to‘p bilan o‘ynashda ham yaxshilanyapti. Uni yanada rivojlanishga undayapmiz. Va u yana o‘sadi. Bu yoshda u ochiq fikrli. Yaqinda aytganimdek, hozir “Siti”da markaziy himoyada ko‘p, juda ko‘p yillar o‘ynaydigan futbolchi bor, - dedi Xosep Gvardiola.

«Manchester Siti» — «Fulxem» uchrashuvi 11 fevraldan 12 fevralga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan soat 00:30 da start oladi. Muxlislar esa bitta narsani kutayapti: Husanov maydonga chiqsa, «Enfild»da yarim qolgan “jang” bu kecha davom etadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Gvardiola Husanovga maqtov yog‘dirdi: uni "Fulxem"ga qarshi tayyor dedi