Samarqandning "Dinamo" jamoasi pedofiliya ishi bilan tanilgan futbolchini oldi

Samarqandning “Dinamo” klubi voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etganlik uchun avval sudlangan futbolchi — Kingsli Sarfo bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda jamoa matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, samarqandliklar 30 yoshli ganalik yarim himoyachi bilan bir yil muddatga mo‘ljallangan shartnoma tuzgan.
Ma’lumot uchun, Kingsli Sarfo so‘nggi to‘rt yil davomida Kiprning APOEL klubi safida to‘p surib kelgan.
Ochiq manbalarda keltirilishicha, futbolchi 2017 yilda Shvetsiyaning “Malmyo” jamoasida o‘ynab yurgan paytida 14 yoshli qizga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etganlikda ayblangan. Shvetsiya qonunchiligiga ko‘ra, 15 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqaga kirishish bola zo‘rlash jinoyati sifatida baholanadi.
Sud qaroriga muvofiq, Kingsli Sarfo 2 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan, shuningdek, mamlakatdan deportatsiya qilingan hamda jabrlanuvchi foydasiga 150 ming shved kronasi miqdorida tovon puli to‘lashga hukm qilingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!