date

Milandagi marosimda kutilmagan, ammo juda ta’sirli manzara kuzatildi

Milandagi marosimda kutilmagan, ammo juda ta’sirli manzara kuzatildi
Milandagi San-Siro stadionida o‘tgan Qishki Olimpiya o‘yinlari ochilish marosimida kutilmagan, ammo juda ham ta’sirli manzara kuzatildi. Rossiyalik Anastasiya Kucherova marosim paytida Ukraina terma jamoasi tablichkasini ko‘tarib chiqqani haqida Instagram sahifasida yozdi. U Associated Press agentligiga bergan intervyusida bu qarorni nega qabul qilganini ham ochiq tushuntirgan.

Qizning aytishicha, Ukraina sportchilari bilan yonma-yon yurib borganda, ularning har qanday rossiyalikka nisbatan qattiq hissiyotda bo‘lishga haqli ekanini yanada chuqurroq anglaysan. Shunga qaramay, u “hamma odamlar ham bir xil fikrlamasligi”ni ko‘rsatish uchun hech bo‘lmaganda kichik qadam tashlash muhim, deb hisoblagan.

APning aniqlashicha, Kucherova 2018 yildan beri Rossiyaga bormagan, 14 yildan buyon Milanda yashaydi va u yerda arxitektor bo‘lib ishlaydi. Eng qizig‘i — Ukraina jamoasi tablichkasini ko‘tarib chiqish tashabbusi aynan undan chiqqan. Avvaliga mamlakatlar ko‘ngillilarga tasodifiy taqsimlanishi kerak edi, keyin esa xoreograf kim qaysi davlat bilan chiqishni xohlashini so‘ragan — shu paytda RFda tug‘ilgan qiz Ukrainani tanlagan.

Marosimda Kucherova uzun kumushrang puxovikda tablichkani ko‘tarib olgan holda oldinda yurgan, uning ortidan esa besh nafar ukrain sportchisi qadam tashlab borgan. Ular orasida konkichi Yelizaveta Sidorko va figurist Kirill Marsak ham bo‘lgan. Matnda keltirilishicha, har ikki sportchining otasi hozir frontda.

Kucherovaning so‘zlariga ko‘ra, chiqishdan oldin sportchilar uning rus ekanini sezib qolgan va unga rus tilida murojaat qilgan. U buni ruslar va ukrainlar o‘rtasidagi “chuqur bog‘liqlik” alomati deb qabul qilgan va urush bo‘lmaganda bu aloqa saqlanib qolishi ham mumkin edi, degan fikrni aytgan. O‘sha lahzada u orqaga o‘girilib, nimani deyishni bilmay qolgan, keyin esa shunchaki butun stadion ularni tik turgan holda olqishlayotganini aytgan. Tomoshabinlar jamoani qo‘llab-quvvatlovchi qichqiriqlar bilan qarshi olganda, u o‘zini tiyib tura olmay yig‘lab yuborganini, katta qora ko‘zoynak ortida ko‘z yoshlarini berkitishga uringanini ham tan olgan.

Shu bilan birga, Kucherova aytgan gaplari Ukrainaga emas, Rossiyada qolgan tanish-bilishlariga zarar yetkazishi ehtimoli borligini tushunishini ham ta’kidlagan. Lekin u o‘z pozitsiyasini shunday izohlagan: agar demokratik davlatda yashab, erkinliklarga ega inson qo‘rqsa, demak, rejim maqsadiga yetgan bo‘ladi.

Bu voqea sportdagi g‘alaba-mag‘lubiyatdan tashqari, odamning ichkarisidagi tanlov ham ba’zan qanchalik qattiq “sado” berishini ko‘rsatdi. Kimdir buni “kichik qadam” deydi, kimdir “katta ishora” — ammo baribir bu sahna hali uzoq muhokama qilinadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Milandagi marosimda kutilmagan, ammo juda ta’sirli manzara kuzatildi