Ueyn Runi Arne Slotni "Liverpul"ga aura yetmaydi deya tanqid qildi

Futbol afsonasi Ueyn Runi «Liverpul»ning hozirgi bosh murabbiyi Arne Slot haqida bahsli, ammo ancha ochiq fikr bildirdi. Runining aytishicha, Slot — yaxshi inson, madaniyatli mutaxassis, lekin katta klubni boshqarish uchun eng muhim narsalardan biri — “aura”, ya’ni yetakchilikning bosimi va ta’sir kuchi unda yetarli darajada sezilmayapti.
Runi bu fikrlarini The Overlap Fan Debate dasturida bildirgan. U yerda u Slot haqida shunday deydi: “Men uni bir necha marta uchratganman, do‘stona inson. Lekin «Liverpul» uchun u yetarlicha aura bermaydi. Ehtimol, bungacha klubda Yurgen Klopp bo‘lgani uchun ham o‘zgacha qabul qilinayapti, ammo men shunchaki shuni his qilmayapman”.
Ya’ni Runining gapi shunda: katta klubda faqat taktika emas, xarakter ham “baland ovoz” bo‘lib turishi kerak. Ayniqsa, «Liverpul»dek jamoada — tribunalar, tarix, bosim, talab… bu yerda murabbiyning o‘zi ham “maydondagi figura”ga aylanishi shart. Runi esa Slotda shu ta’sirni hozircha ko‘rmayotganini yashirmadi.
U yana bir jihatga ham urg‘u berdi: agar jamoa mavsum oxirida Premer-ligada yuqori beshlikka kirmasa, Slot lavozimi xavf ostida qolishi mumkin. Runining mantig‘i oddiy: katta klubda natija kechikib ketsa, vaqt ham “sabr” ham tez tugaydi.
Shu bilan birga, hozircha «Liverpul» rahbariyati Slotni ishdan olishga shoshilmayapti. Sabab ham aniq: mos va ishonchli alternativa topilmagan. Ya’ni “qo‘lda tayyor variant” bo‘lmasa, klub ham birdaniga keskin qaror chiqarishni istamaydi.
Qolaversa, Slotning o‘zi ham vaziyatni romantik qilib ko‘rsatmayapti: u jamoa hozircha «Liverpul» standartlariga to‘liq javob bermayotganini tan olgan. Bu mavsum unga oson kechmayapti — murakkab davr, bosim, yangi muhit, yangi talablar… Xullas, “paxtadek” start emas.
Muxlislar uchun esa asosiy savol bitta: Slot shu bosimda o‘zini topib ketadimi yoki Runi aytganidek, “aura” yetishmasligi oxir-oqibat natijaga ham ta’sir qiladimi? Baribir, «Liverpul»da har bir o‘yin imtihon — va bu imtihonda bahoni tribuna qo‘yadi.