«Qizilqum» U-19 klubi bosh murabbiyi pora olayotganda qo‘lga olindi

«Qizilqum» U-19 klubi bosh murabbiyi yosh o‘smirni asosiy tarkibga kirishiga kafolat uchun pora olayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
«Mamlakatimizda taraqqiyot kushandasi bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatning barcha jabhalarini uning har qanday ko‘rinishidan holi qilish borasida keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda. Eng muhimi fuqarolarda ushbu illatga nisbatan murosasizlik kayfiyati shakllandi. Buning natijasida esa ko‘plab sohalar qatori, millionlar o‘yini hisoblangan futbol ham jadal rivojlanayotgani barchamizga ma’lum.
Tarixda ilk marotaba O‘zbekiston Olimpiya milliy jamoasining Parij olimpiadasida ishtirok etgani yoki milliy jamoamizning jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgani fikrimiz dalilidir.
Ammo sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek, ayrim mas’ullarning sodir etayotgan nojo‘ya qiliqlari tizimning istiqboliga soya solishi mumkin.
Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi «Qizilqum» professional futbol klubining «U-19» jamoasi bosh murabbiyi garchi o‘yinchilar jamoaga belgilangan sinovlarda saralanib, klub komissiyasining qarori va rahbarning tegishli buyrug‘i asosida qabul qilinishini bilsa-da, o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda Nurota tumanida yashovchi, 2008 yilda tug‘ilgan o‘smirning ishonchiga kirdi. Aniqrog‘i, uni jamoaning asosiy tarkibiga o‘yinchi sifatida qabul qilish evaziga 20 million so‘m talab qildi.
Ammo bosh murabbiy so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi «B» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan futbolda halollik va shaffoflikni ta’minlash eng ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olingan.
Agarda ushbu tamoyillarga amal qilinmasa – bu yosh avlodning futboga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Futbolda barcha ishtirokchilar adolatli, shaffof va yuqori professional standartlarga rioya qilishi majburiy hisoblanadi.
Bu borada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi jamoalar, futbolchilar va mutaxassislarni qat’iy ogohlantiradi hamda tizimni korrupsiyadan holi bo‘lishi uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘radi», — deb yozadi O‘FA matbuot xizmati.