Eronlik futbolchi qizlar Avstraliyada siyosiy boshpana oldi

Avstraliyada o'tkazilgan Osiyo kubogi doirasida Eron ayollar terma jamoasi a'zolari bilan bog'liq shov-shuvli voqea yuz berdi. Musobaqa davomida Eron madhiyasi yangrayotgan vaqtda bir guruh futbolchi qizlar uni kuylashdan bosh tortdi. Ushbu holat Eron rasmiylari tomonidan keskin qoralanib, "sharmandalik cho'qqisi" deb ataldi. Vataniga qaytgan taqdirda ta'qib va jiddiy xavf ostida qolishidan cho'chigan besh nafar sportchi Avstraliya hukumatidan siyosiy boshpana so'rashga majbur bo'ldi. Bu haqda tengrinews.kz xabar beradi.
Avstraliya Ichki ishlar vaziri Toni Berk ushbu sportchilarning gumanitar viza olish bo'yicha arizalarini ma'qullaganini e'lon qildi. Hozirda futbolchi qizlar Avstraliya politsiyasi himoyasiga olingan va xavfsiz joyga joylashtirilgan. AQSH prezidenti Donald Tramp ham ushbu vaziyatga munosabat bildirib, sportchilarni vataniga qaytarmaslik kerakligini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, agar Avstraliya ularni qabul qilmasa, AQSH o'z himoyasiga olishga tayyor edi.
CNN Sports xabariga ko'ra, Eron terma jamoasi tarkibidan kamida yetti nafar sportchi chiqib ketgan. Ulardan besh nafari rasman himoyaga olingan bo'lsa, qolgan ikki nafarining taqdiri hozircha noma'lumligicha qolmoqda. Ba'zi futbolchilar o'z oila a'zolarining xavfsizligidan xavotir olib, vataniga qaytishni istayotgani ham aytilmoqda. Eron ayollar terma jamoasi guruh bosqichidagi so'nggi o'yinda Filippin terma jamoasiga imkoniyatni boy berib, musobaqani tark etgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!