Azar sobiq jamoadoshi Vinisiusga muhim maslahat berdi

"Real Madrid"ning sobiq yulduzi Eden Azar braziliyalik hujumchi Vinisius Juniorning futboldagi kelajagi haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Belgiyalik sobiq futbolchining so'zlariga ko'ra, Vinisius atrofida yuzaga kelgan nosog'lom muhit va irqchilik bilan bog'liq muammolar uning faoliyatini erta yakunlashiga sabab bo'lishi mumkin. Bu haqda goal.com xabar beradi.

Azar va Vinisius "Real Madrid" libosida to'rt mavsum davomida birga harakat qilishgan. Garchi jarohatlar sababli ular maydonda ko'p marta birga o'ynamagan bo'lsalar ham, Azar braziliyalik iqtidor egasining xarakterini yaxshi bilishini ta'kidladi. Uning fikricha, Vinisius xuddi o'zi kabi futbolni shunchaki yaxshi ko'radigan va maydonda zavq olishni istaydigan futbolchidir.
"Hozir odamlar uning maydondagi harakatlaridan ko'ra, unga nisbatan qilinayotgan munosabatlar haqida ko'proq gapirishmoqda. Uning qanday ajoyib futbolchi ekanligi unutilib qolyapti. Bu unga og'ir botishi aniq. O'yinga tushishdan oldin uning xayolida qancha narsa aylanadi. Agar u 30 yoshida hech narsa o'zgarmayotganini aytib, futboldan ketsa, men umuman hayron qolmayman", deydi 32 yoshida butsasini mixga ilgan Azar.

Shuningdek, sobiq futbolchi Vinisiusga o'zining do'stona maslahatini ham berib o'tdi. U braziliyalik yulduzning ruhan va jismonan kuchli ekanligini e'tirof etgan holda, maydondagi xatti-harakatlariga e'tiborliroq bo'lishni so'radi. Azarning ta'kidlashicha, Ronaldinyo ham maydonda raqsga tushgan, ammo uning atrofida bunday muammolar kuzatilmagan.
Ayni paytda Vinisius "Real Madrid"ning asosiy hujumchilaridan biri bo'lib qolmoqda. Uning Chempionlar ligasi va Ispaniya chempionatidagi gollari jamoa g'alabalariga katta hissa qo'shmoqda. Biroq, Azarning so'zlari shuni ko'rsatadiki, hatto eng kuchli sportchilar ham doimiy bosim va adolatsizliklar oldida taslim bo'lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!