Ulan-Batordagi Osiyo chempionati: O‘zbekiston kuchini yana namoyon qildi

Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi nufuzli Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi. Qitʼaning eng sara charmqo‘lqop ustalari jamlangan ushbu musobaqa har doimgidek keskin va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi.
Ushbu yirik sport anjumanida ishtirok etgan O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoalari munosib natija qayd etdi. Yurtdoshlarimiz jami 11 ta medalni qo‘lga kiritib, muxlislarni xursand qildi. Jumladan, 3 ta oltin, 4 ta kumush va 4 ta bronza medal mamlakatimiz hisobiga yozildi. Bu esa jamoaning barqaror va raqobatbardosh ekanini yana bir bor namoyon qildi.
Yakunlarga ko‘ra, O‘zbekiston vakillari umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egallashdi. Birinchi pog‘ona Qozog‘iston terma jamoasiga nasib etdi — ular 6 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin esa Hindiston jamoasiga tegishli bo‘lib, ular hisobida 5 ta oltin, 3 ta kumush va 8 ta bronza mavjud bo‘ldi.

Eʼtiborlisi, O‘zbekiston terma jamoasi ushbu musobaqada asosiy tarkib emas, balki ikkinchi tarkib bilan qatnashganiga qaramay, yuqori natijaga erishdi. Bu esa yurtimizda boks maktabi qanchalik keng va zaxira kuchli ekanini yaqqol ko‘rsatib berdi.
Qisqacha aytganda, bu natija tasodif emas. O‘zbekiston bokschilari yana bir bor Osiyoda yetakchi kuchlardan biri ekanini isbotladi. Agar ikkinchi tarkib shunday natija ko‘rsatsa, asosiy tarkib bilan nima bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas — raqiblar oldindan jiddiy tayyorgarlik ko‘raversin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!