date

Samvel Babayan bugungi mag‘lubiyatdan so‘ng isteʼfoga chiqishni maʼlum qildi

Samvel Babayan bugungi mag‘lubiyatdan so‘ng isteʼfoga chiqishni maʼlum qildi

Superliganing 7-turi doirasida “Andijon” o‘z maydonida OKMKga qarshi uchrashuvda 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ushbu natijadan keyin jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayan matbuot anjumanida isteʼfo berishi va klubni tark etishini rasman maʼlum qildi.

«Birinchi navbatda bugungi natija uchun hammadan uzr so‘rayman. Nima deyishim mumkin? Tushuntirish juda qiyin. Bu hol mening faoliyatimda birinchi marta ro‘y bermoqda. Nima bo‘lishi kerak bo‘lsa, bo‘ldi. Faqat bu hol aynan “Andijon”da sodir bo‘lgani achinarli.

Bugungi raqibimiz ham qiyin vaziyatda edi. O‘yinni yomon boshlamadik, deb o‘ylayman. Bir qator imkoniyatlarimiz bo‘ldi, standart vaziyatlardan ham foydalansak bo‘lardi. Harakat qildik, ammo to‘p darvozaga kirmadi. Qanot himoyasidagi xatolar tufayli gol o‘tkazdik. Darvozamizdan ikkita to‘p o‘tkazib yubordik, buni tushuntirish qiyin», — dedi Babayan.

Mutaxassis jamoa mavsumni yomon boshlamaganini, ammo keyingi turlarda mayda xatolar qimmatga tushganini aytdi.

«Bu yerga kelganimda safarda “Bunyodkor”ni yutib, klubni Superligada saqlab qolgandik. Rahbariyat jamoani shakllantirish uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Yomon transferlar qilmadik. Kimni xohlagan bo‘lsak, hammasini ololmadik, chunki ko‘pchilikning amaldagi shartnomasi bor edi. Ammo imkonimiz doirasida tarkibni kuchaytirdik.

Yig‘inlarda faol ishladik, mavsumni ham yaxshi boshladik. Hatto 4:0 hisobidagi g‘alabadan keyin ham bu jamoaning atigi 60 foizini ko‘ryapmiz, degandim. Bu yolg‘on emasdi. Men hali o‘zim xohlagan jamoani to‘liq ko‘rmagandim», — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.

Samvel Babayan so‘nggi mag‘lubiyatlar haqida ham alohida to‘xtaldi.

“Qizilqum”ga qarshi bahsda kayfiyat yetishmadi. “Neftchi”ga qarshi ham yutqazdik. “Mashʼal” bilan o‘yinda vaziyatni to‘g‘rilash imkoniyati bor edi. FIFA kunlaridan keyin esa ketma-ket uchta mag‘lubiyat bo‘ldi.

“Nasaf” bilan bahsda birgina qo‘pol xato tufayli yutqazdik. “Navbahor”ga qarshi esa 90+4-daqiqada raqib durangni saqlash uchun o‘yinchi almashtirdi, biz esa muvozanatni yo‘qotib, gol o‘tkazdik. Bugungi mag‘lubiyat ham tushunarsiz bo‘ldi», — dedi Babayan.

Murabbiy klub rahbariyati, viloyat hokimi va muxlislarning qo‘llab-quvvatlovini alohida eʼtirof etdi.

«Qanday talablar qo‘yilgan bo‘lsa, klub barchasini bajardi. Bu yerga yaxshi niyat bilan, “Andijon” tarixidagi eng yaxshi natijani yaxshilash uchun kelgandim. Futbolchilar ham yuqori maqsadlar bilan keldi. Jamoa uchun barcha sharoitlar yaratildi.

To‘g‘risini aytsam, erkakcha gapiraman: endi bu yerda boshqa harakat qila olmayman. Klub boshqaruvini boshqasiga topshiraman. Men va murabbiylar shtabim isteʼfoga chiqamiz.

Viloyat hokimi barcha sharoitlarni yaratib, natija uchun jonbozlik bilan harakat qilyapti. Klub yuqori natijalarni ko‘rsatishi uchun barcha ishlar qilinyapti. O‘zbek futboli rivoji yo‘lida ham katta ishlar bo‘lyapti. Biz kechayu kunduz ishladik. Agar 25 soat bo‘lsa ham ishlashga tayyor edik. Afsuski, mehnatlarimiz o‘xshamadi. Demak, nimanidir o‘zgartirish kerak», — dedi Babayan.

Yakunda Samvel Babayan futbolchilar, muxlislar va fan-klubga minnatdorlik bildirdi.

«Futbolchilarga eʼtirozim yo‘q, ular qo‘llaridan kelganicha harakat qilishdi. Barcha muxlislarga rahmat. Ishimiz boshidan bugungacha bizni qo‘llab-quvvatlashdi.

Nodir To‘ychiyevga alohida rahmat. U jamoani doim qo‘llab-quvvatlab keldi. Uning boshchiligidagi fan-klub mamlakatimizdagi eng yaxshilaridan biri. Bunday muxlislar ko‘p narsaga loyiq. “Andijon”ga kelgusida omad tilayman», — deya yakunladi Babayan.

Maʼlumot uchun, “Andijon” Superliga 7-turidan so‘ng 6 ochko bilan 12-pog‘onada bormoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Samvel Babayan bugungi mag‘lubiyatdan so‘ng isteʼfoga chiqishni maʼlum qildi