Samvel Babayan “Andijon”ni rasman tark etdi: kelishuv asosida xayrlashuv

Kecha Andijon jamoasi Superliganing 7-turi doirasida o‘z maydonida — Bobur arenada OKMKga qarshi kechgan bahsda 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng, jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayan isteʼfoga chiqishini maʼlum qilgan edi.
Oradan ko‘p o‘tmay, klub matbuot xizmati mazkur masala yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda taʼkidlanishicha, mutaxassis bilan tuzilgan ikki yillik shartnoma har ikki tomonning o‘zaro kelishuvi asosida muddatidan avval bekor qilingan.
Eʼtiborli jihati shundaki, Samvel Babayan shartnoma muddati yakunlanmasidan to‘xtatilgani uchun unga to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya mablag‘laridan voz kechgan. U bu qarori orqali klubni moliyaviy jihatdan qiyin holatga solib qo‘ymaslikni maqsad qilganini ham alohida taʼkidlagan.
Klub rahbariyati o‘z navbatida murabbiyga minnatdorlik bildirib, uning jamoadagi faoliyatini yuqori baholadi. Babayan “Andijon”ni ancha murakkab vaziyatda qabul qilib olgani, jamoani elita divizionda saqlab qolishda muhim hissa qo‘shgani qayd etildi.
Shuningdek, har ikki tomon o‘rtasidagi xayrlashuv o‘zaro hurmat va professional yondashuv asosida o‘tgani taʼkidlandi. Murabbiy klubga kelgusi faoliyatida omad tilab, rahbariyat bilan do‘stona munosabatlar saqlanib qolishini bildirgan.
O‘z navbatida, “Andijon” klubi ham Samvel Babayanga keyingi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab qoldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!