“Chelsi” Enso Fernandesni qaytardi: Rosenyor vaziyatni qanday izohladi?

“Chelsi” bosh murabbiyi Liam Rosenyor yarim himoyachi Enso Fernandesning jamoaga qaytishi yuzasidan munosabat bildirdi.
Argentinalik futbolchi ommaviy bayonotlari sababli klub tomonidan ikki o‘yinga chetlatilgan edi. Shu sabab u “ko‘klar” tarkibida "Manchester Siti"ga qarshi muhim uchrashuvni o‘tkazib yubordi va jamoa o‘z maydonida 0:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Rosenyorning taʼkidlashicha, qabul qilingan qaror shaxsiy ziddiyatlar bilan bog‘liq emas, balki klub manfaatlarini himoya qilish maqsadida amalga oshirilgan.
“Har qanday jamoaga Enso kabi futbolchi yetishmaydi. Lekin biz bu qarorni uzoq muddatli manfaatlar nuqtai nazaridan qabul qildik. Mening Fernandes bilan mutlaqo shaxsiy muammolarim yo‘q. U seshanba kuni jamoaga qaytadi. Enso — juda kuchli futbolchi va yaxshi inson. Uning qaytishini sabrsizlik bilan kutyapman. Biz allaqachon suhbatlashib oldik,” — dedi u.
Fernandesning safga qaytishi “Chelsi” uchun muhim yangilik sifatida baholanmoqda, ayniqsa jamoa so‘nggi mag‘lubiyatdan keyin tarkibni yana-da mustahkamlashga ehtiyoj sezmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 18 aprel kuni APLning 33-turi doirasida “Chelsi” o‘z maydonida "Manchester Yunayted"ni qabul qiladi.
Chempionlik kurashi qizg‘inlashib borayotgan pallada har bir futbolchining qaytishi jamoa uchun katta ahamiyat kasb etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!