Kerrik “Lids”ga qarshi o‘yindagi hakam qarorlarini keskin tanqid qildi

“Manchester Yunayted” bosh murabbiyi Maykl Kerrik “Lids”ga qarshi uchrashuvdan so‘ng hakamlik faoliyatiga nisbatan qattiq tanqid bildirdi. APLning 32-turida mankunianliklar o‘z maydonida “Lids”ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lishdi.
Kerrikning fikricha, jamoa dastlabki golni qoida buzilishi bilan bog‘liq vaziyatdan keyin o‘tkazib yuborgan. U o‘sha epizod o‘yin natijasiga jiddiy taʼsir qilganini taʼkidladi.
“Biz o‘yinni yaxshi boshlay olmadik. Leni Yoro ensasiga tirsak tekkanidan keyin gol o‘tkazdik. Ushbu vaziyatda gol bekor qilinmadi va bu uchrashuvdagi hal qiluvchi burilish nuqtasi bo‘ldi.
Birinchi taymda ritm yetishmadi. Imkoniyatlar yaratdik, lekin ko‘p holatlarda o‘yindan chiqib qoldik”, — dedi Kerrik.
Mutaxassis ikkinchi bo‘limda Lisandro Martinesning maydondan chetlatilishiga ham keskin eʼtiroz bildirdi.
“Yigitlar ikkinchi bo‘limda ham kurashchan ruhni saqlab qolishdi. Biroq Lisandroning qizil kartochka olishi biz uchun shok bo‘ldi.
Ketma-ket ikkinchi o‘yinda qarorlar bizga qarshi chiqmoqda. Bu men kuzatgan eng omadsiz hakamliklardan biri.
Lisandroni tortilgan holatda yengil qo‘l tekkan, u muvozanatini yo‘qotgan va raqibning sochiga tasodifan tegib ketgan. Bu agressiv harakat ham, qasddan qilingan qoidabuzarlik ham emas. Shunga qaramasdan qizil kartochka ko‘rsatildi.
Eng hayratlanarlisi — hakamni vaziyatni qayta ko‘rib chiqishga chaqirishgani. Bu haqiqiy shok”, — dedi Kerrik.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!