Xadji Ruminiya terma jamoasiga yangi bosh murabbiy etib tayinlandi

George Xadji Ruminiya milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi sifatida rasman eʼlon qilindi. 61 yoshli tajribali mutaxassis mamlakat futbol federatsiyasi bilan 2028 yilga qadar mo‘ljallangan uzoq muddatli shartnomaga imzo chekdi.
Ushbu qaror futbol jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otdi, chunki Ruminiya futbolida yangi davr boshlanishi kutilmoqda. Federatsiya rahbariyati Xadjidan terma jamoani qayta tiklash va yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 7 aprel kuni Ruminiya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Mircha Luchesku 80 yoshida vafot etgan edi. Uning ketishi mamlakat futbolida katta bo‘shliq qoldirgani taʼkidlanmoqda.
Xadji futbolchilik faoliyati davrida Yevropa futbolida katta iz qoldirgan yulduzlardan biri hisoblanadi. U “Styaua”, “Real”, “Barselona” va “Galatasaroy” kabi nufuzli klublarda to‘p tepib, yuqori darajadagi tajriba to‘plagan.
Murabbiy sifatida esa u avval ham Ruminiya terma jamoasini 2001 yilda boshqargan. Shuningdek, klub darajasida ham “Styaua” va “Galatasaroy”da ishlab, turli musobaqalarda tajriba orttirgan.
Hozir esa barcha eʼtibor yangi loyihaga qaratilgan. Futbol mutaxassislari Xadji kelishi bilan terma jamoada yangi uslub va yangi ruh paydo bo‘lishini kutishmoqda. Lekin natija baribir maydonda ko‘rinadi — bosim ham, talab ham yuqori bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!