Peres Alonsoni ketkazish va Arbeloa qarorida xato qilganini tan oldi

“Real” klubi prezidenti Florentino Peres jamoa bosh murabbiyi lavozimidagi oʻzgarishlar yuzasidan qarorlarida xato boʻlganini tan olgani haqida maʼlumotlar paydo boʻldi. Uning fikricha, murabbiy almashinuvi toʻgʻri vaqtda amalga oshmagan va bu keyingi jarayonlarga salbiy taʼsir koʻrsatgan.
Habi Alonso 12 yanvar kuni Ispaniya Superkubogi finalida “Barselona”ga 2:3 hisobidagi maglubiyatdan keyin jamoani tark etgan edi. Uning oʻrnini esa Alvaro Arbeloa egallagan.
“ABC” nashri maʼlumotlariga koʻra, Peres Alonsoni avvalroq, yaʼni dekabr boshidayoq “Selta”ga qarshi 1:2 maglubiyatdan soʻng isteʼfoga chiqarmoqchi boʻlgan. Ammo klub bosh direktori Xose Anxel Sanches bu qarorni shoshilinch qabul qilmaslikni tavsiya qilgan. Natijada kechikish yuzaga kelgan va bu Arbeloaning ishini yanada ogʻirlashtirgan.
Peres Arbeloa mehnatini qadrlashini, unga hurmat bilan munosabatda boʻlishini taʼkidlamoqda, biroq uni kelasi mavsumda ham bosh murabbiy sifatida qoldirish rejada yoʻq. Uning fikricha, na Alonso, na Arbeloa jamoadan kutilgan yuqori darajadagi natijani bera olmagan.
Klub rahbari jamoa soʻnggi ikki mavsumga qaraganda yaxshiroq oʻynayotganini tan olsa-da, haqiqiy sakrash uchun top darajadagi murabbiy kerak, deb hisoblamoqda. Shu sabab yozgi transferlar bilan birga murabbiy masalasi ham chuqur tahlil qilinishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, tarkibda katta inqilob rejalashtirilmayapti. Asosiy eʼtibor markaz va oʻng qanot himoyasi, shuningdek yarim himoya chizigini kuchaytirishga qaratilgan.
“Real” ayni paytda kelajak uchun bir qator transfer variantlarini ham koʻrib chiqmoqda. Jumladan, “Komo”dan Niko Pas va “Osasuna”dan Viktor Munosni qaytarish imkoniyati oʻrganilmoqda. “Lion”da ijarada oʻynayotgan Endrikning ham qaytishi rejada bor.
Ayrim yosh futbolchilar, jumladan Franko Mastantuono ijaraga yuborilishi mumkin, Gonsalo Garcia esa qayta sotib olish sharti bilan sotilishi ehtimol qilinmoqda.
Hozirda “Real” La Ligada 32 turdan soʻng 73 ochko toʻplab, ikkinchi oʻrinda bormoqda. Jamoa “Barselona”dan 6 ochko ortda, biroq kataloniyaliklar bir oʻyini kam oʻtkazgan.