Barselona va Birmingem Siti o‘rtasida kutilmagan o‘rtoqlik uchrashuvi

Barselona klubi 2026-27-yilgi mavsumoldi tayyorgarlik rejasini tasdiqladi. Hansi Flick boshchiligidagi jamoa iyul oyi oxirida Angliyaning St George’s Park bazasida ikki haftalik yig‘in o‘tkazadi. Ushbu yig‘in doirasida kataloniyaliklar NFL afsonasi Tom Brady aksiyadorlari qatorida bo‘lgan Birmingem Siti jamoasiga qarshi nazorat uchrashuvini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Hansi Flick uchun bu yig‘in jamoaning taktik tayyorgarligini kuchaytirish va yangi mavsum oldidan tarkibni shakllantirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Birmingem Siti bilan o‘yin qulay logistika va Tom Brady ishtiroki tufayli katta tijoriy qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda.
Angliyadagi yig‘indan so‘ng, Barselona Afrikaga yo‘l oladi. Jamoa Keniyaning Nayrobi shahrida Liverpulga qarshi nufuzli o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi, shuningdek, avgust oyi o‘rtalarida Marokashda yana bir bahs rejalashtirilgan. Ushbu safarlar klub g‘aznasiga qariyb 10 million yevro daromad keltirishi kutilmoqda.
Klub rahbariyati ushbu o‘yinlar orqali nafaqat moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, balki jahon chempionatidan qaytadigan asosiy yulduzlarni jamoaviy o‘yinga moslashtirishni maqsad qilgan. Barselona yangi mavsum startiga qadar barcha futbolchilarni optimal sport formasiga olib chiqishni rejalashtirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!