Mbappe “El Klasiko” qaydnomasidan naga chetda qoldi?

Madridning “Real” klubi La Liganing 35-turidan o‘rin olgan “Barselona”ga qarshi “El Klasiko” bahsi uchun qaydnomani e’lon qildi. Eng katta e’tiborli jihat shundaki, “qirollik klubi” hujumchisi Kilian Mbappe ushbu muhim o‘yin uchun tarkibga kiritilmadi.
Fransiyalik yulduz “El Klasiko” oldidan “Real” mashg‘ulotlarida ishtirok etgani aytilgandi. Shu bois muxlislar uning “Barselona”ga qarshi o‘yinda maydonga tushishi mumkinligidan umid qilgan edi. Biroq klub matbuot xizmati e’lon qilgan qaydnomada Mbappening ismi yo‘q.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aprel oyi oxirida Mbappeda chap oyog‘ining yarim pay mushagi jarohati aniqlangan. Shu sabab murabbiylar shtabi futbolchini xavf ostiga qo‘ymaslikka qaror qilgan ko‘rinadi. “El Klasiko” qanchalik muhim bo‘lmasin, bunday jarohat bilan shoshilish keyinchalik yanada jiddiy muammoga aylanishi mumkin.
Shu bilan birga, Federiko Valverde bilan janjal sabab 500 ming yevro jarimaga tortilgan yarim himoyachi Orelen Chuameni qaydnomadan joy oldi. Bu esa Alvaro Arbeloa futbolchiga ishonch bildirishda davom etayotganini ko‘rsatadi. So‘nggi kunlarda jamoa ichidagi mojarolar ko‘p muhokama qilingan bo‘lsa-da, “Real” endi butun e’tiborni maydondagi natijaga qaratishi kerak.
Rasmdagi ma’lumotlarga ko‘ra, “Real”ning “Barselona”ga qarshi qaydnomasi quyidagicha:
Darvozabonlar: Kurtua, Lunin, Serxio Mestre.
Himoyachilar: Alaba, Trent, Asensio, A. Karreras, Fran Garsiya, Ryudiger, Xyoyssen, D. Ximenes.
Yarim himoyachilar: Bellingem, Kamavinga, Chuameni, Tiago, Sestero, Palasios.
Hujumchilar: Vini Junior, Gonsalo, Braim, Mastantuono.
Bosh murabbiy: Alvaro Arbeloa.

“Real” uchun ushbu uchrashuv mavsumdagi eng muhim bahslardan biri bo‘ladi. Madridliklar “Kamp Nou”da “Barselona”ga qarshi maydonga tushadi va bu o‘yin nafaqat uch ochko, balki obro‘, ruhiy ustunlik va chempionlik poygasidagi so‘nggi imkoniyatlar nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyatga ega.
Mbappening yo‘qligi “Real” hujumiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Fransiyalik futbolchi tezligi, individual mahorati va golli vaziyatlardagi sovuqqonligi bilan har qanday raqib himoyasiga katta bosim o‘tkaza oladi. Endi Arbeloa hujumda Vini Junior, Braim, Gonsalo va Mastantuono kabi futbolchilarga tayanishga majbur bo‘ladi.
Bellashuv 10 maydan 11 mayga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan 00:00 da “Kamp Nou” stadionida start oladi. “El Klasiko” har doim katta intriga, katta bosim va katta savollar bilan keladi. Bu safar esa savol yanada ko‘p: Mbappesiz “Real” “Barselona”ga qarshi o‘z so‘zini ayta oladimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!