Lautaro Martinez: Dunyoning eng yaxshi hujumchisi — Xarri Keyn

Inter sardori Lautaro Martinez dunyo futbolidagi eng kuchli markaziy hujumchi sifatida Erling Xoland emas, balki Xarri Keynni eʼtirof etdi. Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida argentinalik futbolchi Bavariya hujumchisining texnik mahorati va maydonni koʻra olish qobiliyati uni boshqalardan ajratib turishini taʼkidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Martinezning fikricha, Keyn nafaqat gol urish, balki toʻp bilan ishlash, sheriklari bilan bogʻlanish va oʻyinni tushunish borasida ham tengsizdir. U ingliz hujumchisini haqiqiy fenomen deb atadi. Garchi Haaland Manchester Siti safida ajoyib natijalar koʻrsatayotgan boʻlsa-da, Lautaro aynan Keynning har tomonlama mukammalligini ustun qoʻydi.
Oʻzining joriy mavsumdagi oʻyini haqida gapirar ekan, Martinez A Seriyada 29 ta oʻyinda 17 ta gol urib, toʻpurarlar poygasini boshqarib borayotganidan mamnunligini bildirdi. U oʻzini faoliyatidagi eng yaxshi formada his qilayotganini va taktik jihatdan ham ancha oʻsganini qayd etdi.
Shuningdek, hujumchi jamoadoshi Markus Tyuram bilan oʻzaro tushunish darajasi yuqori ekanligini alohida taʼkidladi. Ularning xarakterlari turlicha boʻlsa-da, maydonda bir-birini mukammal toʻldirib, Inter hujum chizigʻining samaradorligini taʼminlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!