500 yilgacha yashaydigan noyob akula Irlandiya sohilidan topildi

500 yilgacha yashaydigan noyob akula Irlandiya sohilidan topildi

Irlandiya sohilida sayr qilib yurgan fuqarolarni hayratga solgan noyob topilma qayd etildi. Mamlakat sohilidan dunyodagi eng uzoq umr ko‘radigan jonzotlardan biri sanaluvchi qadimiy Grenlandiya akulasining jasadi topildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu yirik dengiz yirtqichi 500 yilgacha yashash qobiliyatiga ega bo‘lib, bu turning Irlandiya sohiliga chiqib qolishi mamlakat tarixida ilk bor kuzatildi.

Ma’lum qilinishicha, Hammad Chaudri va Jeyms Uinters O'Donnell Finnisklin (Slaygo grafligi) sohili bo‘ylab sayr qilib yurgan vaqtlarida dahshatli ko‘rinishdagi ulkan dengiz jonivorining jasadiga duch kelishgan. Jam Press ma’lumotiga ko‘ra, dastlab ular buni oddiy ulkan akula deb o‘ylashgan. Keyinchalik topilma haqida Irish Whale & Dolphin Group tashkilotiga xabar berilgan.

Mutaxassislar o‘rganishlaridan so‘ng jasad haqiqatan ham Grenlandiya akulasiga tegishli ekanini tasdiqladi. Ular bu holatni «juda noyob va ilmiy jihatdan o‘ta qiziq sohilga chiqib qolish hodisasi» deb baholadi. Keyinchalik namuna yanada chuqurroq tahlil o‘tkazish uchun Tabiiy tarix muzeyiga olib ketildi.

Toshlar orasida ko‘k arqon bilan bog‘langan yirik akula yonida bir kishi o‘tiribdi.

Olimlarning fikricha, ushbu akula taxminan 150 yoshda bo‘lgan. Mutaxassislar uning yaxshi rivojlangan jinsiy belgilariga qarab, jonivor sohilga chiqib qolishidan avval deyarli voyaga yetgan bo‘lganini taxmin qilmoqda. Biroq bu yosh ham mazkur tur uchun nisbatan «yosh» hisoblanadi. Chunki Grenlandiya akulalari bir necha asr davomida yashay oladi.

Irish Whale & Dolphin Group vakili shunday dedi:

«Grenlandiya akulasi dunyodagi eng uzoq umr ko‘radigan umurtqali jonzot hisoblanadi. Uning hayot davomiyligi bir necha asrni tashkil etadi. Ilmiy jihatdan qayd etilgan eng qari namuna yarim ming yildan ham ortiq yashagan».

Grenlandiya akulasi dunyodagi eng yirik akulalardan biri sanaladi. Uning uzunligi 20 futdan (6 metrdan) ortiq bo‘lishi mumkin. Bu esa deyarli yirik yuk avtomobili uzunligiga teng hisoblanadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, garchi bu holat achinarli bo‘lsa-da, sohilga chiqib qolgan namuna olimlarga ushbu sirli dengiz mavjudoti haqida yanada ko‘proq ma’lumot to‘plash imkonini beradi. Chunki Grenlandiya akulalari odatda Arktika va Shimoliy Atlantika okeanining muzdek suvlarida, 7000 fut (qariyb 2100 metr) chuqurlikda hayot kechiradi. Shu bois ularni tabiiy muhitda kuzatish juda qiyin.

Grenlandiya akulasi moviy okean suvida suzmoqda.

Bu tur og‘ir va baquvvat tana tuzilishi, qisqa yumaloq boshi hamda kichik ko‘zlari bilan ajralib turadi. Florida Museum ma’lumotiga ko‘ra, Grenlandiya akulasi turli baliqlar, jumladan, goletslar, bo‘ribaliqlar, kichik akulalar, ba’zan esa tyulenlar va dengiz cho‘chqalarini ovlaydi.

Shunga qaramay, mutaxassislar ushbu akula insonlar uchun xavf tug‘dirmasligini ta’kidlamoqda. Bunga asosiy sabab — uning yashash muhiti insonlar suza olmaydigan darajada sovuq suvlarda joylashganidir.

Shuningdek, mutaxassislar Grenlandiya akulasining go‘shti yangi holatida zaharli bo‘lishini, ammo maxsus usulda yer ostida fermentatsiya qilinib, keyin quritilgandan so‘ng iste’mol qilish mumkinligini ham qayd etmoqda.

Noyob topilma olimlar uchun yana bir muhim ilmiy manbaga aylanishi kutilmoqda. Ushbu holat dunyoda eng uzoq umr ko‘radigan umurtqali jonzotlardan biri bo‘lgan Grenlandiya akulasining hayot tarzi va biologiyasini yanada chuqurroq o‘rganishga xizmat qilishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar