Ueyn Runi barcha davrlarning eng zo‘r murabbiyi kimligini aytdi...

Angliya milliy jamoasi va «Manchester Yunayted» klubi sobiq hujumchisi Ueyn Runi futbol tarixidagi eng yaxshi murabbiy kimligi haqidagi savolga javob berdi. Angliyalik afsona bu borada ser Aleks Fergyusonni birinchi o‘ringa qo‘ydi.
Runining fikricha, Pep Gvardiola o‘z avlodining eng kuchli murabbiyi hisoblanadi. Ispaniyalik mutaxassis «Manchester Siti» bilan katta ustunlikka erishdi, Premer-ligada yangi o‘yin madaniyatini shakllantirdi va raqiblaridan ancha oldinda ekanini isbotladi.
Shu bilan birga, Runi barcha davrlar mezonida Fergyusonni alohida darajaga qo‘yadi.
«Men Aleks Fergyuson bilan juda ko‘p solishtirishlarni ko‘rdim. Aytishim mumkinki, Fergyuson — barcha davrlarning eng yaxshi murabbiyi, ammo Pep o‘z avlodida shubhasiz eng yaxshisi va u qolganlardan ancha oldinda», — dedi Runi.
Sobiq hujumchi Fergyusonning «Manchester Yunayted»dagi 26 yillik faoliyatini aql bovar qilmas natija deb baholadi. Uning fikricha, bu darajada uzoq vaqt bitta klubga sadoqat bilan ishlash va doimiy ravishda g‘alaba uchun kurashish juda kam uchraydigan holat.
Runi shuningdek, Fergyuson «Manchester Yunayted»ga kelganida klubdagi vaziyat hozirgi «Manchester Siti»dan ancha farq qilganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, ser Aleks jamoani amalda noldan qayta qurgan va yillar davomida uni Angliya hamda Yevropa futbolidagi eng katta kuchlardan biriga aylantirgan.
Pep Gvardiola esa boshqacha sharoitda ish boshlagan bo‘lsa-da, uning «Siti»dagi to‘liq ustunligi va o‘yin falsafasi ham savollarga o‘rin qoldirmaydi. Runi aynan shu jihatni tan olib, ispaniyalik mutaxassisning zamonaviy futbolga ta’sirini yuqori baholadi.
Qisqasi, Runi uchun umumiy tarixda birinchi raqam — ser Aleks Fergyuson. Ammo hozirgi avlodda Pep Gvardiolaga teng keladigan murabbiy yo‘q. Biri 26 yillik imperiya qurgan, ikkinchisi futbolni “apdeyt” qilib yuborgan. Taqqoslash qiyin, lekin bahs mazza.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!