Rafinya Lamine Yamal bilan munosabatlari haqida: Agar xato qilsa, uni urishib beramiz

Barselona yulduzi Rafinya jamoaning yosh iqtidori Lamine Yamal bilan boʻlgan munosabatlari haqida soʻzlab berdi. Braziliyalik vinger oʻzini yosh futbolchi uchun murabbiy va akadek his qilishini, zarurat tugʻilganda unga tanbeh berishdan ham qaytmasligini maʼlum qildi. Kamp Nouda yetakchilik rolini oʻz zimmasiga olgan Rafinya 17 yoshli futbolchini oʻzining ukasidek koʻrishini taʼkidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Rafinya va Yamal oʻrtasidagi maydondagi va undan tashqaridagi yaqinlik joriy mavsumda Barselona muvaffaqiyatlarining muhim omillaridan biriga aylandi. Ularning birgalikdagi gollarni nishonlashi ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez ommalashib bormoqda. Braziliyalik futbolchining tushuntirishicha, bu aloqa shunchaki taktik koʻrsatmalarga emas, balki chuqur shaxsiy bogʻliqlikka asoslangan.
"U mendan 11 yosh kichik. Uni haqiqatan ham ukamdek koʻraman, hatto u oʻz ukamdan ham yoshroq. Shuning uchun unga qoʻlimdan kelgancha maslahat berishga harakat qilaman. Bizning birgalikdagi quvonchimizga kelsak, buni internetda koʻrib qoldik va birga bajarishga kelishib oldik. Bu shunchaki birodarlik ramzi", — dedi Rafinya TNT Sports nashriga bergan intervyusida.
Rafinya Yamalning gʻayritabiiy iqtidorini yuqori baholagan boʻlsa-da, hatto eng yorqin yulduzlar ham intizomga muhtojligini qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, agar yosh futbolchi diqqatini yoʻqotsa, Barselona tarkibidagi tajribali oʻyinchilar darhol vaziyatga aralashishadi. Rafinya unga hayotiy tajribasini oʻrgatishga intilishini, ammo Yamalning tugʻma iqtidorini oʻrgatib boʻlmasligini aytdi.
"U juda yaxshi bola, doim quloq soladi va maslahat soʻraydi. Agar u biror ahmoqlik qilsa, biz uni urishib beramiz va u buni toʻgʻri qabul qiladi. Aramizdagi 11 yillik farqga qaramay, munosabatlarimiz aʼlo darajada", — deya qoʻshimcha qildi braziliyalik futbolchi. Shuningdek, u Yamal bilan kelajakda Braziliya va Ispaniya terma jamoalari safida Jahon chempionati finalida toʻqnash kelishni orzu qilishini ham yashirmadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!