Sesk Fabregas Komo bilan Chempionlar ligasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi

Sesk Fabregas oʻzining Komo jamoasi futbolchilarini yuqori baholab, ularni faoliyatidagi eng yaxshi guruh deb atadi. Klub A Seriyada tarixiy natija qayd etib, Chempionlar ligasi yoʻllanmasiga ega chiqdi. Arsenal va Chelsi klublarining sobiq yulduzi boshqaruvidagi jamoa bor-yoʻgʻi ikki yil ichida quyi diviziondan Yevropaning eng nufuzli turnirigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Mavsumning soʻnggi turida Komo jamoasi safarda Kremoneze ustidan 4:1 hisobida gʻalaba qozondi. Shu bilan birga, Milan oʻz maydonida Kalyariga imkoniyatni boy berishi natijasida Fabregas shogirdlari turnir jadvalida toʻrtinchi oʻringa koʻtarilib oldi. Bu klub tarixidagi ilk bor Chempionlar ligasiga chiqish sifatida qayd etildi.
Oʻyindan soʻng ispaniyalik mutaxassis maydon markazida futbolchilarni yigʻib, hissiyotlarga boy nutq soʻzladi. "Mavsumning soʻnggi davrasi yakunlandi. Men sizlarga Parma bilan oʻyindan oldin ikki gʻalaba bizni Chempionlar ligasiga olib chiqishini aytgan edim. Bu natija faqat sizning mehnatingiz mahsulidir. Butun umrim davomida sizlardan minnatdor boʻlaman, chunki bu men boshqaradigan eng yaxshi jamoa boʻlib qoladi", — dedi Fabregas.
Komo jamoasi Fabregas qoʻl ostida hujumkor futbol namoyish etib, chempionatda Inter klubidan keyin eng koʻp gol urgan ikkinchi jamoaga aylandi. Mavsum davomida 20 ta gʻalaba va 65 ta gol qayd etgan jamoa Italiya futbolining yangi kuchiga aylanganini isbotladi.
Sesk Fabregas oʻz nutqi yakunida futbolchilarga dam olishni va bayramni nishonlashni tayinladi. Kelasi mavsumda jamoani Yevropaning eng kuchli klublariga qarshi bahslar kutmoqda. Komo oʻz tarixida ikkinchi bor Yevrokuboklarda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!