Deklan Rays BBC talqiniga ko‘ra APLda mavsumning eng yaxshisi bo‘ldi

Buyuk Britaniyaning BBC teleradiokompaniyasi Angliya Premer-ligasining yakunlangan mavsumi bo‘yicha eng yaxshi futbolchilarni e’lon qildi. Nufuzli nashr talqiniga ko‘ra, “Arsenal” yarim himoyachisi Deklan Rays mavsumning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi.
Rays ushbu e’tirof yo‘lida “Manchester Yunayted” sardori Brunu Fernandesh hamda “Brentford” hujumchisi Igor Tiagoni ortda qoldirdi. Angliyalik yarim himoyachi mavsum davomida “Arsenal” o‘yinida muhim rol o‘ynadi, maydon markazida barqarorlik, jismoniy kuch va taktik intizom bilan ajralib turdi.
Yakunlangan mavsumda Deklan Rays APL doirasida 36 ta uchrashuvda maydonga tushdi. U 4 ta gol urdi va 7 ta golli uzatma amalga oshirdi. Ammo uning jamoaga ta’siri faqat raqamlar bilan o‘lchanmaydi. Rays “Arsenal”ning himoya va hujum o‘rtasidagi muvozanatini ushlab turgan asosiy futbolchilardan biri bo‘ldi.
BBC talqinida “mavsum kashfiyoti” nominatsiyasida esa “Manchester Siti” himoyachisi Niko O'Rayli g‘olib chiqdi. U bu borada “Bornmut” vingeri Eli Krupi va “Arsenal” yarim himoyachisi Maks Doumannni ortda qoldirdi.
O'Rayli yakunlangan mavsumda “shaharliklar” safida APLda 34 ta o‘yinda ishtirok etdi. U himoyachi bo‘lishiga qaramay, 5 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma qayd etdi. Bu ko‘rsatkichlar uning nafaqat himoyada, balki hujumda ham faol va samarali harakat qilganini ko‘rsatadi.
Qisqasi, BBC talqinida APL mavsumining asosiy qahramoni Deklan Rays bo‘ldi. Niko O'Rayli esa mavsum kashfiyoti sifatida e’tirof etildi. Angliya futbolida yana bir mavsum yakunlandi, ammo bu nomlar keyingi mavsum intrigasini hozirdan qizdirib qo‘ydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!