Tramp xorijlik trak haydovchilari bo‘yicha keskin qarorini e’lon qildi

AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatda hujjatsiz faoliyat yuritayotgan xorijlik trak haydovchilari o‘rnini amerikalik harbiy faxriylar egallashini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ma’muriyat bu yo‘nalishda yangi tartiblarni joriy etishni rejalashtirmoqda.
Trampning ta’kidlashicha, AQSH armiyasida og‘ir harbiy texnikalarni boshqargan faxriylar yuk mashinalarini haydashga tayyorlanadi va ularga tijorat haydovchilik guvohnomasini olish jarayoni yengillashtiriladi.
«Biz faxriylarimizni tayyorlaymiz va ularga yuk mashinalarini boshqarish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarni beramiz. Ular hujjatsiz haydovchilarning o‘rnini egallaydi», dedi AQSH rahbari.
So‘nggi oylarda AQSH ma’muriyati trak haydovchilari uchun talablarni yanada kuchaytirishga kirishdi. Xususan, Transport vazirligi ingliz tilini bilish talabini qat’iy nazorat qilish hamda chet ellik haydovchilarga berilgan litsenziyalarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq olgan.
Tramp yuk mashinalari ishtirokida sodir bo‘layotgan ayrim halokatlarda muhojir haydovchilarni tanqid qildi. Shu bilan birga, bu da’volarni tasdiqlaydigan keng qamrovli rasmiy tadqiqotlar hozircha e’lon qilinmagan.
Mazkur bayonotlar AQSHda 5 iyul kuni sodir bo‘lgan fojiali yo‘l-transport hodisasidan keyin yangradi. Unda O‘zbekiston fuqarosi Behzod Asrorov boshqaruvidagi trak yengil avtomobil bilan to‘qnashib, 21 yoshli kollej futbolchisi Tobias Forsayt halok bo‘lgan edi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Asrorov hodisadan keyin videoregistratorni yashirishga uringani uchun dalillarni yo‘q qilish yoki yashirishga urinish bo‘yicha ham ayblanmoqda. U 2024 yilda grin-karta dasturi orqali AQSHga ko‘chib borgan va trak haydash uchun amal qiluvchi litsenziyaga ega bo‘lgan. Biroq ingliz tilini bilmagani sababli politsiya xodimlari bilan Google Translate orqali muloqot qilgan.
Ayni paytda ish yuzasidan tergov davom etmoqda. Toksikologik ekspertiza natijalari chiqqanidan keyin o‘zbekistonlik haydovchiga nisbatan qo‘shimcha ayblovlar ham qo‘yilishi mumkin.






























Izohlar 0
…