AQSHda qo‘lga olingan o‘zbekistonlik trak haydovchisi ozodlikka chiqdi

AQSHda qo‘lga olingan o‘zbekistonlik trak haydovchisi ozodlikka chiqdi

AQSHda yo‘l-transport hodisasi ortidan qo‘lga olingan o‘zbekistonlik trak haydovchisi sud qarori bilan garov evaziga ozod qilindi. Uning ishtirokida sodir bo‘lgan halokat oqibatida 21 yoshli kollej futbolchisi vafot etgan edi.

Gap 42 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Behzod Asrorov haqida ketmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u hodisadan keyin yuk avtomobilidagi videoregistratorni cho‘ntagiga solib qo‘ygan. Shu bois unga ashyoviy dalillarni yashirish yoki yo‘q qilishga urinish bilan bog‘liq ayblov ham qo‘yilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Asrorov trak haydash uchun zarur litsenziyaga ega bo‘lgan. Biroq u ingliz tilini bilmagani sababli politsiya xodimlari bilan Google Translate orqali muloqot qilgan. 10 iyul kuni o‘tgan sud majlisida u tarjimon yordamida ishtirok etdi. Sud uning oyog‘iga elektron nazorat qurilmasini taqish sharti bilan garov evaziga ozod qilishga qaror qildi.

Haydovchining advokati so‘zlariga ko‘ra, Asrorov bir yilga yaqin vaqtdan beri AQSHda yuk tashish kompaniyalaridan birida mehnat qilib kelgan. Kompaniya nomi ochiqlanmagan.

Prokuratura ma’lum qilishicha, toksikologik ekspertiza natijalari tayyor bo‘lgach, unga nisbatan qo‘shimcha ayblovlar ham e’lon qilinishi mumkin.

Halokat qurboni 21 yoshli Tobias Forsayt bo‘lib, u UMass Lowell kolleji futbol jamoasi a’zosi edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Behzod Asrorov 2024 yilda grin-karta dasturi orqali AQSHga ko‘chib borgan.

Mazkur voqeadan keyin AQSHda trak haydovchilariga litsenziya berish tartibini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha bahslar yana avj oldi. AQSH transport vaziri Shon Daffi ingliz tilini bilmaydigan haydovchilarga yuk mashinalarini boshqarishga ruxsat bermaslik kerakligini ta’kidladi.

Prezident Donald Tramp ham ushbu hodisaga munosabat bildirib, yuk tashish sohasida amerikalik mutaxassislarga ustuvorlik berish zarurligini qayd etdi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar