Vinsent Kompani qarorini oʻzgartirdi: Alfonso Devis Bavariya jamoasini tark etishi mumkin

Alfonso Devisning Bavariya klubidan ketishi deyarli aniq boʻlib ulgurdi. Sport Bild nashrining xabar berishicha, Saudiya Arabistoni klublari Germaniya rekordchisi va kanadalik futbolchi bilan kelasi yozgi transfer borasida aloqaga chiqqan. Myunxenliklar qarorgohida klub vakillari oʻrtasida ehtimoliy transfer shartlari boʻyicha muzokaralar oʻtkazilgani aytilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Garchi Devis 2025-yil boshida Bavariya bilan shartnomasini 2030-yilgacha uzaytirgan boʻlsa-da, soʻnggi paytlarda uning kelajagi Myunxenda katta bahslarga sabab boʻlmoqda. Futbolchining yillik 15 million yevro miqdoridagi maoshi va doimiy jarohatlari rahbariyatni chap qanot himoyachisini sotish haqida oʻylashga majbur qildi.
2025-yil bahorida tizzasidan ogʻir jarohat olganidan beri Alfonso Devis oʻzining avvalgi sport formasini tiklashga qiynalmoqda. Mushaklaridagi takroriy jarohatlar tufayli u uzoq vaqt maydondan tashqarida qoldi, hatto soʻnggi jarohati sabab Kanada terma jamoasi safida Jahon chempionatini oʻtkazib yuborishi kutilmoqda.
Natijada, bosh murabbiy Vinsent Kompani oʻz fikrini oʻzgartirdi. Avvallari Devisni qoʻllab-quvvatlagan murabbiy endilikda yangi chap qanot himoyachisini sotib olishni jamoaning ustuvor vazifasi deb belgiladi. Agar munosib taklif tushsa, Bavariya muzokaralarga tayyor ekanini bildirgan.
Saudiya Arabistoni klublarining cheksiz moliyaviy imkoniyatlari ushbu transferni tezlashtirishi mumkin. Biroq, 25 yoshli futbolchining oʻzi Saudiya Pro ligasiga oʻtishga rozi boʻlishi dargumon, chunki u hali ham dunyoning eng yaxshi qanot himoyachilaridan biri hisoblanadi.






























Izohlar 0
…