Cristiano Ronaldo omadsiz oʻyin oʻtkazdi: Portugaliya Nigeriyani qiyinchilik bilan yengdi

Portugaliya terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionati oldidan oʻzining soʻnggi tayyorgarlik bahsida Nigeriya ustidan 2:1 hisobida gʻalaba qozondi. Leiriya shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvda 41 yoshli Cristiano Ronaldo diqqat markazida boʻldi, biroq afsonaviy hujumchi oʻzining odatiy samaradorligini namoyish eta olmadi va bir qator qulay imkoniyatlarni koʻkka sovurdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Sobiq Manchester Yunayted va Real Madrid yulduzi Roberto Martinez jamoasining asosiy figurasi boʻlib qolmoqda, ammo uning maydondagi 65 daqiqasi asabiylik bilan oʻtdi. Oʻyinning 9-daqiqasida Nelson Semedo yetkazib bergan toʻpni darvozaga yoʻllashda adashgan Ronaldo, keyinchalik jarima maydonchasi ichidan yoʻllagan zarbasini ham noaniq amalga oshirdi. Bu holat muxlislar va ekspertlar orasida uning boʻlajak turnirda asosiy tarkibdagi oʻrni borasida bahslarni keltirib chiqardi.
Shunga qaramay, bosh murabbiy Roberto Martinez sardorning maydonda koʻp qolishi rejalashtirilgan strategiya ekanini taʼkidladi. Tanaffusda sakkizta oʻzgarish amalga oshirilganiga qaramay, Ronaldo ikkinchi boʻlimda ham maydonda qolgan yagona maydon oʻyinchisi boʻldi. Martinezning soʻzlariga koʻra, bu hujumchining jismoniy holatini guruh bosqichidagi ogʻir oʻyinlarga tayyorlash uchun qilingan maxsus rejaning bir qismidir.
Uchrashuvda hisobni 23-daqiqada Pedro Neto ochdi, biroq tanaffus arafasida Akor Adams muvozanatni tikladi. Nigeriya terma jamoasi, garchi tarkibida Victor Osimhen va Ademola Lookman kabi yulduzlar boʻlmasa-da, Portugaliyaga jiddiy qarshilik koʻrsatdi. Oʻyin taqdirini 75-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Francisco Conceicao hal qildi. Uning oʻng qanotdan ichkariga kirib yoʻllagan aniq zarbasi jamoasiga gʻalaba keltirdi.
Shu tariqa, Portugaliya terma jamoasi Chili bilan oʻyindagi kabi yana 2:1 hisobida gʻalaba qozonib, Shimoliy Amerikadagi Jahon chempionatiga yoʻl oladigan boʻldi. Jamoa gʻalaba qozongan boʻlsa-da, Ronaldoning sport formasi va gol ura olmayotgani asosiy muhokama mavzusi boʻlib qolmoqda.































Izohlar 0
…