Jermaine Jenas BBCdan haydalishi haqida: Hammasidan ayrildim

Tottenxem va Angliya terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi Jermaine Jenas BBC telekanalidan haydalishi uning shaxsiy va professional hayotiga qanchalik ogʻir zarba bergani haqida ochiq gapirdi. Sobiq ekspert hamkasblariga nomaqbul xabarlar yuborgani boʻyicha oʻtkazilgan ichki tekshiruvdan soʻng shartnomasi bekor qilinishi oqibatida hamma narsasini yoʻqotganini tan oldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
BBC rahbariyati "The One Show" dasturidagi ayol hamkasblariga nomaqbul raqamli xabarlar va matnli xabarnomalar yuborgani aniqlanganidan soʻng, 43 yoshli Jenas bilan hamkorlikni toʻxtatgan edi. Natijada u Match of the Day va BBC Radio 5 Live kabi nufuzli koʻrsatuvlardagi ishidan ayrilib, media sohasidagi faoliyatiga jiddiy putur yetkazdi.
ITV telekanalining "Good Morning Britain" dasturida chiqish qilgan Jenas ushbu mojaro uning oilaviy hayotini ham barbod qilganini taʼkidladi. "Men amalda hamma narsamni — ishimni, oilamni yoʻqotdim, hamma narsa mendan tortib olindi. Jazo chorasini belgilash men uchun emas, lekin vaziyat shunday boʻldi. Oʻzimni chetga surib, farzandlarim va rafiqam Ellieni nimalarni boshidan oʻtkazishga majbur qilganim haqida oʻyladim", — dedi sobiq futbolchi.
Jenas oʻz xatti-harakatlari uchun masʼuliyatni toʻliq his qilishini va barcha jalb qilingan tomonlardan uzr soʻraganini qoʻshimcha qildi. U oʻz lavozimidan foydalanib, hokimiyatni suiisteʼmol qilganini tan oldi va bu birinchi navbatda uning oilaviy sadoqatiga oid muammo ekanligini bildirdi. Maʼlumot uchun, ushbu mojarodan bir necha oy oʻtgach, uning rafiqasi Ellie Penfold 16 yillik munosabatlarga chek qoʻygan.
Sobiq futbolchi oʻziga nisbatan bildirilgan tanqidlarni qabul qilishini va jamoatchilik oldida oʻzini oqlashga urinmasligini, biroq kelajakda professional faoliyatini tiklash uchun imkoniyat boʻlishidan umidvorligini bildirdi.






























Izohlar 0
…