Maykl Ouen: Ronaldu O‘zbekistonga qarshi o‘yinda xet-trik qayd etsa, ajablanmayman

2026 yilgi Jahon chempionatining "K" guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston va Portugaliya milliy terma jamoalari o‘rtasidagi bo‘lajak uchrashuv hozirda butun dunyodagi futbol muxlislari va ekspertlarining diqqat markazida turibdi. Musobaqa debyutanti hisoblangan O‘zbekiston terma jamoasi o‘zining hali ochilmagan qirralari bilan ko‘pchilikni qiziqtirib kelayotgan bo‘lsa, Portugaliya ilk turdagi kutilmagan natijasi tufayli diqqat markaziga tushdi.
Portugaliyaning omadsizligi va Ronalduga bo‘layotgan bosim
Turnirning bosh favoritlaridan biri sifatida e’tirof etilgan Portugaliya terma jamoasi dastlabki turda Kongo Demokratik Respublikasi bilan durang o‘ynab, katta sensatsiya qayd etdi. Bu natija futbol jamoatchiligi tomonidan keskin qabul qilindi.
Ayniqsa, ushbu mundialda Lionel Messi bilan bir qatorda oltinchi bor ishtirok etib, mutlaq rekord o‘rnatgan Krishtianu Ronalduning bo‘sh o‘yini ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ldi. Mutaxassislar Portugaliya terma jamoasining umumiy salohiyati va istiqboliga shubha bilan qaray boshlashdi. Mana shunday vaziyatda ikkinchi turdagi O‘zbekistonga qarshi bahs portugaliyaliklar uchun o‘ta muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Maykl Ouen sobiq jamoadoshining yonini oldi
Jahon futboli afsonasi, angliyalik mashhur to‘purar Maykl Ouen O‘zbekiston va Portugaliya to‘qnashuvi oldidan Goal nashriga intervyu berdi. O‘z vaqtida "Manchester Yunayted" klubida Ronaldu bilan birga to‘p surgan Ouen tanqidlarga qaramay, Krishtianuning O‘zbekistonga qarshi bahsda o‘zini ko‘rsata olishiga ishonmoqda:
"Portugaliyaning birinchi o‘yinidan oldin Lionel Messining Argentina tarkibida uchta gol urgani ham Ronalduni gol urishga ilhomlantira olmadi. Bu holatni qabul qilish unga oson bo‘lgani yo‘q. Lekin men Ronalduga bo‘layotgan tanqidlarga qo‘shilmayman. Axir Krishtianu doim shunday bo‘lmaganmi? Ayniqsa, so‘nggi yillarda. U hech qachon jamoaviy o‘yinga juda faol qo‘shilmagan, ammo hal qiluvchi paytda maydondagi vaziyatni butunlay o‘zgartira olgan. U gol urmaganida hamma narsada uni ayblash juda oson. Lekin keyingi o‘yinning o‘zidayoq u tanqidchilarning ovozini o‘chirgan holat necha marta bo‘lgan? O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi o‘yinda Krishtianu Ronaldu xet-trik qayd etsa, bunga umuman ajablanmayman".
Uchrashuv vaqti va joyi
O‘zbekiston va Portugaliya milliy terma jamoalari o‘rtasidagi tarixiy bahs 23 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi. Ushbu hayajonli to‘qnashuvga AQSHning Xyuston shahridagi hashamatli stadion mezbonlik qiladi.































Izohlar 0
…