Manchester Yunayted moliyaviy barqarorlik uchun yangi shartnoma bandini joriy qildi

Manchester Yunayted Chempionlar ligasiga chiqish uchun futbolchilarga avtomatik 25 foizlik maosh ustamasini bekor qilib, yangi shartnomalarda 60 foizlik ishtirok talabini joriy etdi. 2023-yil oxiridan boshlab amal qilayotgan qoidaga ko'ra, bonus faqat mavsumdagi rasmiy uchrashuvlarning kamida 60 foizida maydonga tushgan futbolchilarga beriladi.
Manchester Yunayted klubi so'nggi o'n yil davomida o'zini oqlamagan moliyaviy modelni o'zgartirish va maoshlar fondini jilovlash maqsadida shartnoma muzokaralariga muhim o'zgartirishlar kiritdi. The Telegraph nashri xabar qilishicha, «qizil iblislar» endilikda futbolchilarga Chempionlar ligasiga chiqqani uchun avtomatik tarzda ulkan miqdorda maosh oshishini kafolatlaydigan eski tizimdan voz kechmoqda. Ushbu yangi yondashuv klubga kelgusida ortiqcha xarajatlardan qochish va tarkibdagi moliyaviy muvozanatni tiklash imkonini beradi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Ma'lumotlarga ko'ra, Ineos rahbariyati 2023-yil oxiridan boshlab yangi transferlar va shartnomani uzaytiradigan o'yinchilar uchun tubdan farq qiluvchi qoidalarni joriy etgan. Avvallari Old Trafford rahbariyati mavsum yakunida nufuzli Yevropa turniriga yo'llanma olinganda, butun jamoa a'zolarining maoshini birdek 25 foizga oshirib berish amaliyotidan foydalangan. Oqibatda, zahirada o'tiradigan yoki asosiy tarkibda muntazam o'ynamaydigan futbolchilar ham hech qanday harakatsiz ulkan gonorarlarga ega bo'lib kelgan va ularni jamoadan sotib yuborish klub uchun og'ir vazifaga aylangandi.
Yangi shartnomaning asosiy shartlari
The Sun nashrining yozishicha, yangi siyosatga ko'ra, Chempionlar ligasiga chiqqani uchun beriladigan 25 foizli ustama endi hamma uchun kafolatlanmaydi. Buning o'rniga futbolchi mavsum davomida rasmiy uchrashuvlarning kamida 60 foizida maydonga tushib, yetarli daqiqa to'plashi shart. Faqatgina jamoa muvaffaqiyatiga o'zining sezilarli hissasini qo'shgan o'yinchigina moliyaviy mukofotga ega bo'ladi. Bu esa klub mablag'larining asossiz sovurilishining oldini oladi.Ushbu o'zgarishlarning zarurati Markus Reshford vaziyatida yaqqol ko'zga tashlandi. Angliyalik hujumchi klubning eng ko'p maosh oluvchi o'yinchilaridan biri bo'lib qolmoqda, biroq uning amaldagi besh yillik shartnomasi 2023-yil iyulida, ya'ni yangi cheklovlar rasman kuchga kirishidan biroz oldin imzolangan edi. O'tgan mavsumni ijara asosida Barselona safida o'tkazganiga va Manchester Yunaytedning Chempionlar ligasiga qaytishiga hissa qo'shmaganiga qaramay, Reshford shartnomadagi eski band sababli yozda 4 million funt sterling miqdorida bonus olishi kutilmoqda. Aynan mana shunday holatlarning takrorlanishiga yo'l qo'ymaslik uchun ham 60 foizlik chegara o'rnatilgan.






























Izohlar 0
…