Rustam Ashurmatov: Beshta gol o‘tkazishni hazm qilish qiyin

Rustam Ashurmatov: Beshta gol o‘tkazishni hazm qilish qiyin

O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Rustam Ashurmatov JCH-2026 guruh bosqichining ikkinchi turida Portugaliyaga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.

«Oq bo‘rilar» bahsda 0:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ashurmatovning ta’kidlashicha, Portugaliyadek kuchli jamoaga qarshi maydonga tushish har qanday natijada ham katta tajriba beradi. Biroq himoyachi uchun beshta gol o‘tkazib yuborishni qabul qilish oson emas.

«Yutamizmi yoki mag‘lub bo‘lamizmi, Portugaliyaga qarshi o‘yin har qanday holatda ham katta tajriba. Lekin beshta gol o‘tkazib yuborish juda ko‘p. Himoyachi sifatida buni hazm qilish qiyin bo‘lyapti», — dedi Ashurmatov.

Futbolchi jamoa hali guruh bosqichidagi so‘nggi uchrashuvini o‘tkazmaganini eslatib, Portugaliyadan qabul qilingan mag‘lubiyatni tezroq unutish va oldindagi bahsga e’tibor qaratish zarurligini aytdi.

«Hali uchinchi o‘yinimiz ham bor. Bu mag‘lubiyatni unutishga harakat qilishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

Ashurmatov milliy jamoa dastlabki ikki turda juda ko‘p gol o‘tkazib yuborganini tan oldi. Uning fikricha, bunda himoya chizig‘ida yo‘l qo‘yilgan xatolar asosiy omillardan biri bo‘lgan.

«Dastlabki ikkita bahsda juda ko‘p gol o‘tkazib yubordik. Bu ko‘proq himoyachilarning xatosi», — dedi futbolchi.

Shunga qaramay, himoyachi jamoaning keyingi bosqichga chiqish imkoniyati saqlanib qolishiga va so‘nggi uchrashuvda g‘alaba qozonishiga umid bildirdi.

«Uchinchi uchrashuvda imkoniyat qolishiga va keyingi o‘yinda g‘alaba qozonishga umid qilamiz», — deya ta’kidladi Ashurmatov.

Futbolchi Aziz G‘aniyevning bekor qilingan goli haqida ham fikr bildirdi. Uning aytishicha, o‘sha vaziyatda qoidabuzarlik bor-yo‘qligi bahsli bo‘lgan.

«G‘aniyevning golida fol 50ga 50 edi, deb o‘ylayman. Agar hakam golni hisoblaganida, portugaliyaliklar ham ko‘p e’tiroz bildirmagan bo‘lardi», — dedi u.

Endi O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh bosqichining so‘nggi turida Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi maydonga tushadi. «Oq bo‘rilar» ushbu bahsda mundialdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritish uchun kurashadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar