Eldor Shomurodov «Fenerbahche»ga o‘tishi mumkinmi?

Eldor Shomurodov «Fenerbahche»ga o‘tishi mumkinmi?

O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov faoliyatini Turkiyaning mashhur «Fenerbahche» klubida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Ajansspor nashri xabar berdi.

Manba ma’lumotiga ko‘ra, Istanbul klubi 30 yoshli futbolchiga jiddiy qiziqish bildirmoqda. «Fenerbahche» Shomurodovni transfer qilish bo‘yicha dastlabki qadamlarni ham tashlagan.

O‘z navbatida, futbolchining amaldagi klubi «Istanbul Bashakshehir» ham hujumchi bo‘yicha kelib tushadigan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Klub Eldorning transferi uchun kamida 15 million yevro talab qilishi mumkin.

Qayd etish lozim, «Bashakshehir» joriy yilning fevral oyida Shomurodovning transfer huquqlarini «Roma»dan to‘liq sotib olgan edi. Ushbu kelishuv Istanbul klubiga 5,8 million yevroga tushgan.

O‘zbekistonlik hujumchi o‘tgan mavsumda Turkiya Superligasida juda yuqori natija qayd etdi. U chempionatning eng yaxshi to‘purariga aylanib, 34 ta uchrashuvda 22 ta gol urdi.

Shomurodov, shuningdek, jamoadoshlariga 5 ta golli uzatma berdi. Uning bunday samaradorligi Turkiyaning yetakchi klublari e’tiborini tortishi tabiiy bo‘ldi.

Endi asosiy masala — «Fenerbahche» «Bashakshehir» talab qilayotgan mablag‘ni to‘lashga tayyor bo‘ladimi yoki yo‘q. Agar tomonlar kelishuvga erishsa, Eldor Shomurodov yangi mavsumni Turkiyaning eng mashhur klublaridan biri safida boshlashi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar