Chelsi yulduzi Pedro Neto Jahon chempionatining eng kelishgan futbolchisi deb topildi

AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida oʻtayotgan 2026-yilgi Jahon chempionati nafaqat shiddatli bahslari, balki kutilmagan eʼtiroflari bilan ham muxlislar eʼtiborini tortmoqda. Chelsi klubi va Portugaliya terma jamoasi vingeri Pedro Neto turnirning eng kelishgan futbolchisi deb topildi. Bu norasmiy unvon ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻldi va futbolchining oʻzi ham Floridada oʻtkazilgan matbuot anjumanida bunga munosabat bildirdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Portugaliya terma jamoasining matbuot kotibi Netoni OAV vakillariga "Jahon chempionatining eng chiroyli oʻyinchisi" sifatida tanishtirgach, futbolchi bu xabarni hazil va oʻziga boʻlgan yuqori ishonch bilan qarshi oldi. Uning soʻzlariga koʻra, bunday eʼtirof nafaqat u uchun, balki butun jamoa uchun kutilgan holat boʻlgan. Pedro Netoning bu samimiy va hazilomuz javobi jurnalistlarning kulgisiga sabab boʻldi.
"Toʻgʻrisi, bu men uchun mutlaqo kutilmagan yangilik emas! Bu mutlaqo tabiiy hol deb oʻylayman. Kiyinish xonasida ham bu mavzu muhokama qilinmadi, chunki jamoadoshlarim bir ovozdan mening eng kelishgan ekanligimga allaqachon kelishib boʻlishgan", — deya hazillashdi Chelsi hujumchisi oʻzining yangi maqomiga toʻxtalib.
Ronaldo va Oʻzbekiston ustidan qozonilgan gʻalaba
Tashqi koʻrinishi haqidagi savollardan soʻng, Neto asosiy eʼtiborni maydondagi harakatlarga qaratdi. Xususan, u Portugaliyaning Oʻzbekiston terma jamoasi ustidan qozonilgan 5:0 hisobidagi yirik gʻalabasiga toʻxtalib oʻtdi. Mazkur bahsda dubl qayd etgan jamoa sardori Cristiano Ronaldo haqida gapirar ekan, Neto faxriy hujumchining gollarga boʻlgan ishtiyoqi butun jamoani ruxlantirishini taʼkidladi.Goal.com nashri xabariga koʻra, Neto Ronaldoning har bir goldan soʻng yanada kuchliroq motivatsiya olishini alohida qayd etgan. "Butun jamoa u uchun xursand boʻldi. Biz uning gollar bilan yashashini va bunga qanchalik bogʻlanib qolganini yaxshi bilamiz. Dunyoning eng yaxshi futbolchisi oʻzi yoqtirgan ishni qilayotganini koʻrish bizga zavq bagʻishlaydi. Unga Jahon chempionatida gol urishga yordam berish biz uchun qoʻshimcha masʼuliyat va motivatsiyadir", — dedi vinger.
Guruhdagi vaziyat va Kolumbiyaga qarshi bahs
Hozirda Portugaliya terma jamoasi "K" guruhida Kolumbiyadan ikki ochko ortda qolgan holda ikkinchi oʻrinda bormoqda. Guruh gʻolibligini aniqlab beradigan hal qiluvchi bahs oldidan Neto jamoaning kayfiyati aʼlo darajada ekanini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, Roberto Martinez shogirdlari pley-offda osonroq raqib tanlash uchun matematik hisob-kitoblar bilan shugʻullanmoqchi emas."Baʼzida ikkinchi yoki uchinchi oʻrinni egallasak, kimga qarshi tushishimiz mumkinligi haqidagi ssenariylarni koʻrib chiqamiz. Biroq asosiysi — gʻoliblik mentalitetini saqlab qolish. Biz eng yaxshisi boʻlishni istaymiz va Kolumbiyaga qarshi faqat birinchi oʻrinni egallash uchun maydonga tushamiz", — deya qoʻshimcha qildi Pedro Neto.
Oʻzbekiston terma jamoasi ustidan qozonilgan yirik gʻalabadan soʻng, Kolumbiyaga qarshi oʻyin Portugaliya uchun haqiqiy sinov boʻlishi kutilmoqda. Janubiy Amerika vakillari ham ajoyib sport formasida ekani inobatga olinsa, ushbu toʻqnashuv guruh bosqichining eng qiziqarli uchrashuvlaridan biriga aylanadi. Neto uchun esa bu oʻyin nafaqat OAV yulduzi, balki katta sahnalarda natija koʻrsata oladigan yetakchi ekanini isbotlash uchun imkoniyatdir.






























Izohlar 0
…