Paulu Barboza: «O‘zbekiston avvalgi o‘yiniga yaqinlasha olmadi»

Portugaliyalik futbol agenti Paulu Barboza 2026 yilgi jahon chempionatining ikkinchi turidan o‘rin olgan Portugaliya va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv haqida fikr bildirdi.
5:0 hisobida Portugaliya foydasiga yakunlangan bahsni tahlil qilgan Barboza O‘zbekistonning Kolumbiyaga qarshi o‘yinga nisbatan ancha past saviyada harakat qilganini ta’kidladi.
«O‘zbekiston Kolumbiyaga qarshi uchrashuvga nisbatan juda yomon o‘ynadi. Bu meni hayratga soldi, chunki ular yaxshi jamoa. Portugaliyaga qarshi bahsning dastlabki 20 daqiqasida O‘zbekiston umuman hujumga chiqa olmadi», — dedi u.
Mutaxassisning aytishicha, O‘zbekiston keyinchalik o‘yinni biroz yaxshilagan bo‘lsa-da, jamoa turnirdagi avvalgi harakatlarini takrorlay olmagan.
«Keyinroq ular biroz yaxshiroq o‘ynay boshladi. Ammo baribir jahon chempionatida shu paytgacha ko‘rsatgan darajasiga yaqinlasha olmadi. Shu sabab 0:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi», — deya qo‘shimcha qildi Barboza.
Portugaliyalik agent o‘z mamlakati terma jamoasining o‘yiniga ham baho berdi. Uning fikricha, Portugaliya Kongo DRga qarshi uchrashuvga nisbatan ancha ishonchli harakat qilgan.
«Portugaliya Kongoga qarshi o‘yinga qaraganda ancha kuchliroq to‘p surdi. Ayniqsa, birinchi bo‘limda jamoa juda yaxshi ko‘rindi», — dedi u.
Shunga qaramay, Barboza Portugaliya hali o‘z o‘yinini yanada yaxshilashi kerakligini ta’kidladi. Chunki oldinda Kolumbiyaga qarshi muhim va murakkab uchrashuv kutib turibdi.
«Jamoamiz o‘yin darajasini yanada oshirishi shart. Kolumbiyaga qarshi juda muhim bahs bor. Ayniqsa, himoyada ishonchli harakat qilishimiz kerak. Chunki hujumda ham ayrim muammolar mavjud», — deya xulosa qildi Paulu Barboza.































Izohlar 0
…