Meyson Grinvud va Atletiko Madrid oʻrtasida mojaro: Futbolchi Simeonega javob bermadi

Angliyalik hujumchi Meyson Grinvudning Turkiyaga koʻchib oʻtishi kutilmagan mojarolar bilan birga kechdi. Ispaniyaning Atletiko Madrid klubi futbolchini oʻz safiga qoʻshib olishdan soʻnggi pallada voz kechdi. Bunga futbolchining muzokaralar chogʻidagi professionalizmga zid harakatlari va klub vakillarini mensimagani sabab boʻlgani aytilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
ESPN nashri xabariga koʻra, Atletiko Madrid rahbariyati va shaxsan jamoa bosh murabbiyi Diyego Simeone Grinvudni Antuan Grizmanning munosib vorisi sifatida koʻrgan edi. Biroq transfer jarayoni yakunlanish arafasida futbolchi va uning atrofidagilar kutilmaganda aloqaga chiqmay qoʻygan. Bu holat Madrid klubi rahbariyatining keskin noroziligiga sabab boʻldi.
Simeonening qoʻngʻiroqlari javobsiz qoldi
Maʼlumotlarga koʻra, Diyego Simeone futbolchi bilan shaxsan gaplashish, uning Metropolitano stadionidagi kelajakdagi roli va taktik sxemalardagi oʻrnini muhokama qilish uchun bir necha bor qoʻngʻiroq qilgan va xabarlar yuborgan. Biroq Grinvud ikki kun davomida bu urinishlarni eʼtiborsiz qoldirgan. Goal.com nashrining yozishicha, "matraschilar" buni klubga nisbatan hurmatsizlik deb baholashgan.Atletiko Madrid mutasaddilari futbolchining bunday tutumi uning Ispaniya poytaxtida oʻynashga boʻlgan ishtiyoqi pastligidan dalolat beradi, degan xulosaga kelishdi. Natijada, Madrid klubi Grinvud uchun taklif qilgan 45 million yevrolik kelishuvni bekor qilib, poygadan chiqishga qaror qildi. Bu esa Turkiyaning Fenerbaxtche klubi uchun yoʻlni keng ochib berdi.
Fenerbaxtchening yirik xaridi
Istanbul klubi Grinvud bilan toʻrt yillik shartnoma imzolaganini rasman eʼlon qildi. Turkiya Superligasi giganti Marsel jamoasi bilan transfer narxi boʻyicha toʻliq kelishuvga erishgan. Kelishuvga koʻra, Fenerbaxtche 39 million yevro miqdoridagi transfer summasini uch yil davomida teng ulushlarda toʻlab beradi.Futbolchining oʻzi Turkiyada yiliga 7-8 million yevro atrofida sof maosh oladi. Garchi Atletiko Madridning umumiy taklifi moliyaviy jihatdan jozibadorroq boʻlsa-da, Grinvudning vakillari turk klubi taklif qilgan shaxsiy shartnoma shartlarini afzal koʻrishgan. Oʻtgan mavsumda Marsel safida barcha musobaqalarda 26 ta gol urgan hujumchi endi Joze Mourinyo qoʻl ostida toʻp suradi.
Fenerbaxtche rahbariyati ushbu transfer orqali asosiy raqobatchisi Galatasaroyni ortda qoldirib, chempionlikni qoʻlga kiritishni maqsad qilgan. Grinvudning Turkiyaga kelishi mahalliy muxlislar tomonidan katta tantana bilan kutib olindi, biroq uning Atletiko Madrid bilan bogʻliq mashmashalari futbol jamoatchiligida hamon muhokama qilinmoqda.






























Izohlar 0
…