Samarqandda niqobli shaxs bankka bostirib kirib, pul talab qildi

Samarqandda niqobli shaxs bankka bostirib kirib, pul talab qildi

Samarqand shahrida joylashgan banklardan birida xavotirli voqea sodir bo‘ldi. Niqob taqqan shaxs bankka bostirib kirib, o‘zida portlovchi modda borligini aytib, xodimlardan pul talab qildi. Hodisa bo‘yicha gumonlanuvchi qo‘lga olindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 13 iyul kuni soat 17:00 atrofida Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan bank filialida yuz bergan. Xavfli vaziyat haqida xabar kelib tushgach, voqea joyiga Qo‘riqlash xizmati tezkor harakatlanuvchi guruhi, ichki ishlar organlari va tez tibbiy yordam xodimlari zudlik bilan yetib borgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qishki kiyimda bo‘lgan, yuzini niqob bilan berkitgan va qora sumka ko‘targan erkak bank ichiga kirib, oynalarni sindirgan. Shundan so‘ng u o‘zida portlovchi modda mavjudligini aytgan holda pul berishni talab qilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari gumonlanuvchi bilan muzokaralar o‘tkazgan. Natijada u qarshilik ko‘rsatmasdan o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lgan va ichki ishlar organlari xodimlariga topshirilgan.

Hodisa vaqtida bank xodimlari va mijozlardan hech kim jabrlanmagan.

Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, gumonlanuvchi pul mablag‘larini noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritishni rejalashtirgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar