Mag‘lubiyatdan keyin Argentina terma jamoasi Messini yolg‘iz qoldirmadi

Argentina milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati finalidagi mag‘lubiyatdan keyin jamoa sardori Lionel Messiga bag‘ishlangan ta’sirli va hissiyotlarga boy murojaat bilan chiqdi.
Argentinaliklar hal qiluvchi final bahsida Ispaniyaga qo‘shimcha vaqtda kiritilgan yagona gol tufayli 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Shu tariqa jamoa 2022 yil Qatarda qo‘lga kiritgan jahon chempionligi unvonini himoya qila olmadi.
Terma jamoa e’lon qilgan murojaatda Messining mehnati, fidoyiligi va mamlakat futboli uchun qo‘shgan beqiyos hissasi alohida e’tirof etildi.
«Sening ko‘z yoshlaring — bizning ham ko‘z yoshlarimiz, kapitan. Sen bizga hayotimizdagi eng baxtli onlarni taqdim etding. Fidoyiliging, sehring va so‘nggi soniyagacha kurashganing uchun rahmat. Biz seni abadiy sevamiz, Leo!» — deyiladi murojaatda.
39 yoshli Lionel Messi Jahon chempionatining kumush medalini qabul qilib olgach, tribunadagi argentinalik muxlislar oldiga bordi. U o‘z hissiyotlarini yashira olmadi va ko‘z yoshlarini to‘kdi. Bu ta’sirli lahzalar stadiondagi minglab muxlislarni ham, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini ham befarq qoldirmadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu Messining faoliyatidagi oltinchi va ehtimol so‘nggi Jahon chempionati bo‘ldi. Navbatdagi mundial 2030 yilda o‘tkaziladi va o‘sha vaqtga kelib Messi 43 yoshga to‘ladi.






























Izohlar 0
…