Ispaniya Jahon chempionligini nishonlamoqda: Lamine Yamal va Ferran Torres diqqat markazida

Ispaniya terma jamoasi finalda Argentinani 1:0 hisobida magʻlub etib, oʻz tarixida ikkinchi bor Jahon chempioni unvonini qoʻlga kiritgach, Madrid koʻchalarida gʻalabani tantanali ravishda nishonladi. Ochiq avtobusdagi parad davomida futbolchilar minglab muxlislar qurshovida poytaxt boʻylab sayr qilib, unutilmas lahzalarni taqdim etishdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Tantananing asosiy qahramonlaridan biri Barselona yosh yulduzi Lamine Yamal boʻldi. 17 yoshli iqtidor egasi mikrofonni qoʻliga olib, mashhur xonanda Bad Bunny taronalarini kuylashi muxlislar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi. Yamal oʻzining yaqin doʻsti Nico Williams bilan birgalikda parad davomida raqsga tushib, jamoaning yuqori kayfiyatini taʼminlab turdi.
Ferran Torres va uning oʻziga xos uslubi
Gʻalaba golining muallifi Ferran Torres esa oʻzining kiyinish uslubi bilan barchaning eʼtiborini tortdi. Hujumchi AQSHning sobiq prezidenti Donald Trump uslubidagi qizil kepkada koʻrinish berdi. Kepkada "Make Spain Great Again" (Ispaniyani yana buyuk qilaylik) degan yozuv tushirilgan boʻlib, bu bir kun avval futbolchilarga medallarni topshirgan AQSH prezidentiga oʻziga xos ishora sifatida baholandi.Bayram tadbirlari Madridning mashhur Sibeles maydonida yanada hissiyotlarga boy tarzda davom etdi. Jamoa sardori Rodri muxlislarga murojaat qilib, ushbu muvaffaqiyat ortida turgan birlik haqida gapirdi. U oʻz nutqida final qahramoni Ferran Torresni alohida eʼtirof etdi.
"Biz Jahon chempioni boʻldik! Endi bizda ikkita oltin yulduz bor. Bugun men adolatsiz tanqid qilingan, ammo Ispaniya futboli tarixiga kirgan bir insonni – Ferranni yodga olmoqchiman. Bu yigitlar shunchaki ajoyib", – dedi Rodri oʻz nutqida. Maʼlumot oʻrnida, Ispaniya terma jamoasi oʻzining ilk Jahon chempionligini 2010-yilda qoʻlga kiritgan edi.
Bosh murabbiy Luis de la Fuente ham muxlislarga minnatdorchilik bildirib, jamoasidagi 26 nafar futbolchini dunyoning eng yaxshilari deb atadi. Uning taʼkidlashicha, jamoaviy birdamlik Ispaniyani yana bir bor dunyo futboli choʻqqisiga olib chiqdi. Goal.com nashri xabariga koʻra, ushbu gʻalaba Ispaniya uchun yangi oltin davrning boshlanishi sifatida koʻrilmoqda.






























Izohlar 0
…