10:29 / 28.07.2017
4 963

Azamat Abduraimovdan: Terma jamoaga murabbiylar kengashi kerak!

Azamat Abduraimovdan: Terma jamoaga murabbiylar kengashi kerak!
Taniqli sobiq futbolchi, murabbiy, jurnalistika sohasida faoliyat yuritgan Azamat Abduraimov «Erudit Sport» gazetasidagi o‘zining sahifasida Oliy Liga, Birinchi Liga 1-davra o‘yinlari tahlili bilan birga terma jamoamizga doir dolzarb savollarga javob keltirdi.

«ANDIJON» OLIY LIGAGA QAYTA OLADIMI?
Oliy Liga sarhisobidan keyin Birinchi Ligadagi bosh voqea «Andijon»ning Oliy Ligaga qayta olish imkoniyalari va umuman bu jamoaning quyi ligada ham ishi nega yurishmayotganligi borasida fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.

«Andijon»ni quyi ligadan Oliy Ligaga chiqarganimdan keyin oradan 3-4 yil o‘tgan bo‘lsada, bu jamoaning natijasi meni bee’tibor qoldirmaydi. Klubning g‘alabasidan quvonaman, mag‘lubiyati esa xafa qiladi. Afsuski, haligacha aksariyat muxlislar jamoaning muvaffaqiyatsizligiga faqatgina murabbiy aybdor deb o‘ylashadi. Aslida esa aynan «Andijon» misolida aytish mumkinki, mag‘lubiyatning otasi sifatida faqat murabbiyni ko‘rsatish noto‘g‘ri. E’tibor bering, mendan keyin Ashurmatov, Gess, Kovshov, Shevchenko, Mamatkazin singari mutaxassislar ishlagan bo‘lishsada, «Andijon» Oliy va quyi liga orasida sarson-sargardon bo‘lib yurishda davom etmoqda. Bu klubda sistemaning noto‘g‘ri ekanligini anglatadi.

Yil boshida «Andijon» bir oyoq bilan Oliy Ligaga qaytishni o‘ylagan chog‘i, rahbariyat mahalliy mutaxassis Vitaliy Ligayni bosh murabbiy sifatida tayinlab, ko‘proq e’tiborni tajribali futbolchilar Anvar Berdiev, Sanjar Asqaraliev, Ibrohim Otaxonovlarga qaratib, aynan ularga ishonch bildirdi. Ammo jamoaning quyi ligada ham peshqadam emasligini inobatga olsak, bu reja ish bermadi. Ya’ni, jamoani faqat tajribali futbolchilar emas, tajribali murabbiy qutqara olishini tushunishdi chog‘i, Usmon Toshevga ishonch bildirishdi. Zero, futbolchilar uchun ham nomdor murabbiy shart. Chunki, Ligay yaxshi yordamchi murabbiy, ammo bosh murabbiy emas. Hozirgi vaziyatda «Sementchi», «Norin», «NBU-Osiyo», «Surxon» klublari ham elitaga chiqish uchun intilayotganliklarini hisobga olsak, Toshev «Andijon»ni Oliy Ligaga qaytarishi uchun jiddiy ishlashiga to‘g‘ri keladi. Buning uchun esa klubga avvalo oldingi xatolari dars bo‘lib xizmat qilishi kerak. Chunki futbolda mayda-chuyda narsalar bo‘lmaydi. Klub davralar oralig‘ida jiddiy kuchaysa, Oliy Ligaga chiqishi mumkin. Usmon Toshev jamoani elitaga qaytara oladi.

BABAYaNNING QOLDIRILIShI — TO‘G‘RI QAROR
Anchadan buyon milliy terma jamoamiz o‘yini atrofida jurnalistlar, muxlislar va umuman futbol jamoatchiligi ishtirokida munozaralar bo‘lmoqda. Terma jamoaning o‘yini, tarkibi, murabbiyi borasida qator savollar yuzaga kelgan.

Avvalo O‘FFning bosh murabbiy Samvel Babayanga yana imkoniyat berganligini to‘g‘ri qaror deb hisoblayman. Nega?

Avvalo shuni aytishni istardimki, termamizning aksariyat o‘yinlaridan keyin terma jamoamiz o‘yinlarini tahlil etib, Babayanni tanqid qilgan bo‘lsamda, buni murabbiyni yaxshi yoki yomon ko‘rganligimdan emas, eng avvalo o‘sha xatoni boshqa takrorlamaslik uchun gapirganman. Buni to‘g‘ri tushunish kerak.

Babayanning qoldirilishini to‘g‘ri qaror deb hisoblashimga, murabbiylik etikasidan kelib chiqishim sabab bo‘ladi. Har qanday murabbiyga imkoniyat berildimi, ishini oxirigacha yakunlashga imkon berish shart. Babayanning o‘rnida men bo‘lganimda ham, vazifani bajarish uchun oxirigacha imkoniyat berilishini so‘ragan bo‘lardim. Sababi hali terma jamoamizda 2-o‘rinni qo‘lga kiritish uchun yaxshi imkoniyat bor. Agarda, bunday imkoniyat bo‘lmaganida murabbiyni iste’foga chiqarilishini kutish mumkin bo‘lardi. Shunday ekan, hozirda Babayan va terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlashimiz juda muhim.

To‘g‘ri, ko‘pchilik bizdan yaxshiroq holatda bo‘lgan Janubiy Koreya nega unda bosh murabbiyini iste’foga chiqardi, deyishi mumkin. Gap shundaki, koreyslar terma jamoada o‘sish kuzatilmayotganligini, jamoa inqirozda ekanligi va o‘z imkoniyati darajasida to‘p surmayotganligi uchun bosh murabbiy bilan xayrlashishga qaror qilishdi. Ular yaqin orada bu ahvolga tushishmagandi. Chunki Qatar, Suriya kabi jamoalarga qarshi muvaffaqiyatsizlik Janubiy Koreya darajasidagi terma jamoa uchun juda yomon natija. Shu bois o‘zgarishsiz natija bo‘lmasligini tushunishdi.

XORIJLIK MURABBIY YoKI MAHALLIY?
Aksariyat muxlislar terma jamoaga xorijlik murabbiy kerak deb hisoblashmoqda. Muhim o‘yinlarimizga qisqa fursat qolayotganligini inobatga olsak, xorijliklar varianti ish bermaydi. Fikrimcha, juda zarur bo‘lgan taqdirda ham, o‘zimizni mahalliy murabbiylar tandemiga ishonish ma’qulroq. Ya’ni bir kishi emas, misol uchun Qosimov-Shkvirin, Abramov-Berdiev, Inileev-Abduraimov va hokazo. Bunday holatda jamoaga ikki kishi javobgar bo‘lishi ko‘proq ma’suliyat yuklaydi. Bu misol uchun termada asosan bitta klubning a’zolari emas, ayni damda chindanam eng kuchli bo‘lgan futbolchilarning to‘planishiga sabab bo‘ladi. Aytganimdek, buni faqatgina vaziyat taqozo etsa qilish mumkin. Hozirda esa bosh murabbiy Babayanning o‘ziga ishini yakunlashi uchun imkoniyat berish shart edi. Azaliy orzuimizga etishish uchun umid qilishda davom etamiz.

MURABBIYLAR KENGAShI NEGA YO‘Q?
Milliy terma jamoamizning tayyorgarligi, natijasi, tarkib tanlash, muammolar, o‘yin uslubi, futbolchilarning holati, taktika, terma jamoa o‘yiniga bog‘liq barcha masalalar hozirgi kunda faqat bosh murabbiyning zimmasida qolib ketmoqda. Oldin esa O‘FF qoshida murabbiylar kengashi bo‘lib, unda Rustam Akramov, Birodar Abduraimov, Ahrol Inoyatov, Yuriy Sarkisyan, Rustam Mirsodiqov singari tajribali murabbiylarga hisobot berishardi. Hozirgi kunda esa terma jamoa bosh murabbiyi qilayotgan ishlari borasida hech kimga hisobot bermaydi, faqat natija borasida O‘FF prezidentiga hisobot beradi. Ammo, terma jamoa atrofidagi savollar, jumladan, terma jamoa qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda, nega mamlakat bosh jamoasiga o‘yin amaliyatiga ega bo‘lmagan futbolchilar chaqirilmoqda, nega klubida gol urishda oqsayotgan Igor Sergeev doimo terma jamoa asosiy tarkibidan joy olaveradi?

Murabbiylar kengashida bosh murabbiy aynan mana shunaqa tushunarsiz holatlar borasida tushuntirish berishi kerak aslida. To‘g‘ri, bosh murabbiy natijaga javobgar, shu bois u hammasini hal qiladi. Ammo uning xohlaganini qilib, bu borada hech kimga bo‘ysunmay, hisobot topshirmasligi noto‘g‘ri tushuncha. Suriya bilan o‘yinda futbolchilarimizda kuchli ishtiyoqni ko‘rmagan bo‘lsak, Eronda murabbiy imzosi yo‘qligi uchun mag‘lub bo‘ldik. Lekin o‘tgan o‘yinlardagi xatolardan to‘g‘ri xulosa qilsak, Xitoy va Janubiy Koreyani mag‘lub eta olishimizga ishonaman.

Azamat ABDURAIMOV, «Erudit Sport» gazetasi.


Manba: www.erudit-sport.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Azamat Abduraimovdan: Terma jamoaga murabbiylar kengashi kerak!