Ayni vaqtda Radisson mehmonxonasida tadbirga tayyorgarlik ishlari davom etyapti.
Barcha mutasaddilar shu yerda. Ta’kidlash joiz, barcha ish professional tarzda yo‘lga qo‘yilgan. FIFA va OFKdan kelgan mehmonlar tadbirdan mamnun bo‘lishi turgan gap. Xorijdagi shunga o‘xshash marosimlarda ishtirok etgan jurnalist sifatida buni bemalol ta’kidlash mumkin.
Uff.uz sayti ushbu sahifa orqali konferensiyadan tezkor reportaj berib boradi. Uzoqlashmang...
Hisobot saylov yig‘ilishi uchun hamma narsa shay. Yuqoridagi suratda keltirilgan mutasaddilarni tanigan bo‘lsangiz kerak. Sardor Rahmatullayev va Asqar Tolibjonov nimalarnidir qizg‘in muhokama qilishmoqda.
Konferensiya boshlanishi belgilangan soatdan, ya’ni, 10.00dan 3 daqiqa o‘tib ketdi, ammo hozircha kutish bilan bandmiz. Biroz zerikarli...
Hamma joy-joyida o‘tiribdi. Faqat minbardagilar yo‘q. Ularsiz boshlay olmayapmiz :).
Soat 10.10 da kimdir mikrofonda "bir, bir, ikki, uch", deb sanashni bilishini maqtandi. Tayyorgarlik maromida, boshlab qolishsa kerak :).
Nihoyat, Toshkent vaqti bilan soat 10.12da O‘FF hisobot va saylov konferensiyasi boshlanganini tantanali e’lon qilamiz! Tadbir EtoO, Puyol, Messi, Ronaldu va boshqa yulduzlarning Toshkentga kelgani va Sardor Rahmatullayev bilan rasmga tushgani haqidagi fotolar namoyishi bilan boshlandi.
Sardor Rahmatullayev konferensiyani "Assalom alaykum", deb boshladiku, lekin keyin hafsalani pir qilib, rus tilida davom ettirib ketdi. Xullas kamina xizmatchingiz bugun ham tadbir yorituvchisi, ham tarjimon sifatida xizmatingizda bo‘laman...
10.15 Sardor Rahmatullayev kun tartibidagi masalalarni ko‘rib chiqqani haqida konferensiya ishtirokchilaridan tasdiq so‘radi. Va yig‘ilish protokolini ma’lum qildi. Hozircha rasmiyatchiliklar davom etmoqda. Birozdan keyin Mirabror Usmonovning nutqi bo‘ladi. Uni to‘liq yetkazishga harakat qilamiz.
10.22 O‘FF taftish qo‘mitasi raisi G. Musayev ma’ruza qildi. Aytishicha, hammasi joyida, hech qanday moliyaviy kamchiliklar aniqlanmagan. Xullas, konferensiyani davom ettirishga hech qanday to‘siq yo‘q...
10.28 Endi Buxoro futbol federatsiyasi rahbari Mardon To‘raqo‘ldoshev ma’ruza qilmoqda. Buxoroda ham ishlar zo‘r ekanini bilib olyapmiz.
10.30. So‘z Ro‘ziqul Berdiyevga berildi. "Assalom Alaykum. Bugungi kunda futbolimizda yutuq va kamchiliklar uchrab turibdi. Ammo futbolimiz rivojlanib bormoqda va bundan keyin ham rivojlanishiga ishonchim komil. Buning uchun bizda barcha asos bor. Futbolga davlatimiz tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda. Xalqimiz futbolni juda yaxshi ko‘radi. Iqtidorli yoshlarga egamiz. Bu omillar futbolimizda katta yutuqlarga erishishimizga umid qilaman.
Fursatdan foydalanib so‘nggi yillarda O‘FFda Mirabror Usmonov boshchiligida ish olib borgan barcha mutasaddilarga minnatdorchilik bildiraman. Har bir viloyatda infratuzilma yaxshi tomonga o‘zgardi. Kelajak uchun qilingan bu ishlar samara beradi, deb ishonaman. Shu bois barcha murabbiylar nomidan Mirabror Zufarovichga ulkan minnatdorchilik bildiraman. Mirabror aka qilingan ishlardan boshini baland ko‘tarib yurishi mumkin.
Shu bilan birga yangi rahbariyat bu ishlarni davom ettirib, muvaffaqiyatli ishlaydi, deb umid qilaman".
10.32 Narimon Jalolov so‘z boshladi. Ancha gaplar aytdi. "Mirabror Usmonov ko‘p ishlarni amalga oshirdi. Bir vaqtlar "Paxtakor"ni uning o‘zi boqar edi. "Toshkent" restoranida ovqatlantirgan. Hozirgacha boqadi. Mirabror Zufarovichning xizmatlarini e’tirof etish qiyin. Ammo jurnalistlar, ba’zi qo‘shtirnoq ichidagi "do‘stlarimiz" ko‘p yomon gaplarni aytishdi. MDH davlatlari orasida kim jahon chempionatida ishtirok etyapti?" degan gaplarini alohida keltirib o‘tishni ma’qul ko‘rdik.
10. 42. Nihoyat Sardor Rahmatullayev O‘FF prezidentligiga nomzodni tanishtirdi. Umid Ahmadjonov - O‘FF prezidentligiga nomzod. Endi rasman.
10.44 Murod Aliyev yangi O‘FF prezidenti haqida iliq fikrlar bildirmoqda. "Umid Muhammadjonovich 10 yildan buyon futbolimizda ishlab keladi. Hamma biladi, bu inson futbolimizga katta hissa qo‘shgan. Men Umidjon Muhammadjonovichga katta yutuqlarga erishishini tilab qolaman. Shaxsan o‘zim juda xursandman. Umid Muhammadjonovich futbol sohasida ko‘p ustozlarni ko‘rgan. 90 yillarda bu inson sport qo‘mitasida ishlagan. Futbol bo‘yicha yaxshi o‘rinlarga ko‘tarilishimizga ishonaman. Rahmat! Omad!"
10. 48 O‘FFning yangi prezidenti - Umid Ahmadjonov ham o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
"Assalom alaykum. Avvalombor ishonch uchun minnatdorchilik bildiraman. Xudo xohlasa o‘zbek futbolini ko‘tarishga va’da beraman. Xalqimiz ishonchini oqlash uchun bor kuch bilan ishlayman. Rahmat!" - dedi yangi rahbar.
Shundan so‘ng O‘FF vitse prezidentligi uchun ham saylov bo‘lib o‘tdi. Ya’ni, nomzodlar bildirildi va bir ovozdan saylandi.
Ochilboy Ramatov - O‘FF vitse prezidenti.
Po‘lat Bobojonov - IIV vaziri. O‘FF vitse prezidenti.
Shoakrom Isroilov - O‘FF vitse prezidenti
10.54. Diqqat! Mirabror Usmonov ma’ruzasi boshlandi:
Assalom alaykum barchaga. Hammani ko‘rib turgandan mamnunman. Bunday uchrashuvlar kam bo‘ladi. Hozir futbol o‘sayotgani haqida ko‘p gaplar bo‘ldi. Ammo kamchiliklar haqida hech kim hech narsa demadi. Avvalo meni O‘FF rahbarligiga taklif etganiga mana 12 yil bo‘ldi. Qurilgan stadionlar, shart sharoitlar, bularning barchasi mening xizmatim emas. Bu avvalo O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov va o‘sha vaqtlarda Bosh Vazir lavozimida bo‘lgan Shavkat Mirziyoyevning xizmatlaridir.
Men 2006 yilda kelganimda aytgan edim: "Mendan hech narsa kutmanglar. Mendan jahon chempionatiga olib chiqishni so‘ramanglar. Buni va’da bera olmayman. Sakkiz, o‘n yildan so‘ng jahon chempionatiga chiqib, nimadir ko‘rsatishimiz mumkin. Bizda poydevor yo‘q", degan edim. Hukumatimiz sportga katta e’tibor qaratmoqda. Endi sportchilarimiz g‘olib chiqsa, bir umr maosh oladi. Osiyoda kimga shunday sharoit yaratib berilmoqda?
Bizning maqsadimiz nima? Cho‘qqilarga chiqish hali nasib etadi. Bizning hozirgi maqsadimiz esa - sog‘lom avlod qoldirish. Agar o‘zimizdan sog‘lom avlod qoldirsak, Davlatimiz kelajagi ham porloq bo‘ladi.
Mana hozir O‘FFga yangi rahbar saylandi. Ularga katta omad tilayman. Duo qilamiz, o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadga erishsin. Yangi rahbariyatga maslahatim - hech qachon tanqiddan qochmanglar. Ishlamagan odamni birov esga ham olmaydi, tanqid ham qilmaydi.
Ammo tanqid ham har xil bo‘ladi. Yuzta tanqid bo‘lsa, shundan 20 tasi to‘g‘ri bo‘ladi. Mana shu yerda jurnalistlarimiz ham o‘tiribdi. Ular vaqtida bizni tergab turishdi, o‘z fikrlarini berishdi. Biz ularga e’tibor berdik. Demak sportning rivojlanishida jurnalistlar va muxlislarning ham katta xizmati bor. Shuning uchun tanqid yaxshi narsa. Undan qochmaslik va unga e’tibor berish kerak.
Albatta har bir odamning o‘ziga yarasha armoni bo‘ladi. Men ham bir armon bilan ketyapman. Shu jahon chempionatiga chiqsak ham yomon bo‘lmas edi. O‘ylaymanki keyingi 4 yilda albatta O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqadi va u yerga borganda bizni uyaltirib qo‘ymaydi.
Hammaga omad tilayman. O‘ylab qo‘ygan niyatingiz ro‘yobga chiqsin. Sog‘ bo‘linglar.
Tadbir oxirida Mirabror Usmonovga odatimiz bo‘yicha zarbof to‘n kiydirildi. Shu bilan O‘zbekiston futbol federatsiyasining hisobot va saylov yig‘ilishi yakuniga yetdi.
Hammasi uchun rahmat!
Manba: www.uff.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi