10:30 / 18.01.2018
3 615

No‘’mon Hasanov: "So‘nggi 10 yil ichida futbolimiz to‘xtab qolgandi"

Нўъмон Ҳасанов: "Сўнгги 10 йил ичида футболимиз тўхтаб қолганди"
Shu kunlarda Superliga jamoalari yangi mavsumga tayyorgarlikni davom ettirishyapti. Xususan, «Qo‘qon-1912» ham Toshkentda mashg‘ulot o‘tkazmoqda.

Bu klub o‘tgan yili oliy ligada 41 ochko bilan 9-o‘rinni egallagandi. Birinchi davrani ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazgan qo‘qonliklar mavsumning ikkinchi qismida qimmatli ochkolarni boy berishgandi.

Ana shu yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqargan murabbiylar shtabi mavsumlar oralig‘idagi tayyorgarlikka jiddiy e’tibor qaratishgan.

Poytaxtdagi yig‘in doirasida to‘rtta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish rejalashtirilgan. Ularning dastlabkisida «Mash’al»ga 2:5 hisobida imkoniyat boy berildi. Keyin esa «Navbahor» bilan durang o‘ynadi. Oldinda «Buxoro» (23 yanvar) jamoasiga qarshi yana bir bahs kutib turibdi.

Shuningdek, 18 yanvar kuniga ham bitta uchrashuv belgilangan bo‘lib, bu borada raqiblar bilan muzokara olib borilyapti. Biz «Mash’al»ga qarshi kechgan bahsdan so‘ng No‘’mon Hasanovdan intervyu oldik.

- Mavsumlar oralig‘idagi tayyorgarlikning ilk o‘yini bo‘lgani uchun natijaga unchalik ham e’tibor qaratmadik, - deya so‘z boshladi «Qo‘qon-1912» ustozi. - Boz ustiga, safimizda ko‘rikdan o‘tayotgan bir guruh yangi futbolchilar bor. Optimal tarkibda maydonga tushmadik. Lekin bu mag‘lubiyat uchun bahona bo‘la olmaydi.

Eng muhimi, rasmiy o‘yinlarda bunday holat takrorlanmasligi lozim. Chunki boy berilgan bahs gohida futbolchilarning o‘ziga kelib olishi uchun ham kerak bo‘ladi. Shu o‘rinda o‘tgan mavsum ko‘rsatgan o‘yinimiz yuzasidan ikki og‘iz fikr bildirmoqchiman. Chempionatning biz uchun ijobiy tomonlari bilan birga o‘ziga yarasha «minus»lari ham bo‘ldi.

Lekin tarozining pallalariga qo‘ysak, baribir, ijobiy holatlar ko‘proq ko‘zga tashlandi. Birinchi galdagi vazifa chiroyli o‘yinimiz bilan muxlislarni yana stadionga qaytarish edi. Buni uddaladik. Ayniqsa, birinchi davradagi ishtirokimiz ishqibozlarga manzur bo‘ldi. Afsuski, hal qiluvchi bosqichda o‘yinimizda pasayish kuzatildi.

Buning natijasida qimmatli ochkolarni boy berdik. Bir tomondan charchoq alomatlari sezilib qolgan bo‘lsa, ikkinchidan, zaxira o‘rindig‘imizning torligi pand berdi. Zaxiradan maydonga tushib, o‘yinimizni kuchaytiradigan o‘yinchi topilmadi. Davralar oralig‘ida ana shunday futbolchini tarkibga qo‘shib olish uchun harakat qildik.

Ammo hamma saviyali o‘yinchilarning o‘z klublari bilan amalda shartnomalari bo‘lgani bois, bu ishni amalga oshira olmadik. Shunga qaramay, muxlislarimiz qiyin vaziyatda bizni tashlab qo‘yishmadi. Oxirigacha qo‘llab-quvvatlab turishdi.

E’tibor qaratsangiz, yutqazgan o‘yinlarimizda ham futbolchilar o‘zlaridan yomon taassurot qoldirishmadi. Hattoki, «Paxtakor» va «Lokomotiv» klublariga qarshi kechgan uchrashuvlarda ham yirik hisobda yutqazmadik. Ya’ni, futbolchilarimiz har bir o‘yinda oxirgi soniyalargacha maydonda mardonavor kurash olib borishdi.

- Hozirgina «futbolchilar jismoniy tomonlama charchab qolishdi», degan jumlani ishlatdingiz. Shu o‘rinda aynan jismoniy tayyorgarlikni aniqlashga mo‘ljallangan normativlarga munosabatingizni bilmoqchi edim. Chunki futbolchilarimizning bu boradagi holati talab darajasida emas. Ko‘pi bilan 70 daqiqa bir maromda o‘ynashadi. Qolgan 20 daqiqani maydonda yurib o‘tkazishadi. Bu borada fikringiz qanday?

- Bilasizmi, ikkinchi davradagi omadsizligimizga futbolchilarimizning jismoniy tayyorgarligi talab darajasida emasligini asosiy sabab sifatida ko‘rsatmagan bo‘lardim. Biz shunchaki, ikkita teng kuchli, bir-biri bilan raqobat qila oladigan tarkibni shakllantira olmadik.

Asosiy tarkibning ikki futbolchisi jarohat olsa, bu biz uchun katta yo‘qotishga aylanardi. Amalda shunday ham bo‘ldi. Asosiy hujumchilarimizdan biri, jamoa sardori Nosir Otaqo‘ziyev jarrohlik stoliga yotishga majbur bo‘ldi. Javohir Siddiqov ham kutilmaganda jarohat orttirib oldi.

Shu ikki yetakchi futbolchimizning bir nechta o‘yinlarda jamoamizga yordam bera olmagani bizga qimmatga tushdi. O‘sha payt ixtiyorimizda 11 nafar teng imkoniyatga ega futbolchi bor edi. Yuqorida aytganimdek, zaxira o‘rindig‘imizda o‘yinni kuchaytira oladigan futbolchiga ega emasdik.

Zaxiradan asosan yosh futbolchilar joy olishgandi. O‘FF tomonidan joriy qilingan normativlarga kelsak, bunday me’yorlar avval ham bo‘lgan. Biz o‘ynab yurgan kezlarimiz ham jismoniy holatni aniqlash uchun joriy qilingan testlarni topshirardik. Buning hech qanday yomonligi yo‘q.

Murabbiylarning o‘zlari ham shogirdlari haqida qo‘shimcha ma’lumotga ega bo‘lib olishadi. «Qo‘qon-1912» vakillari 21 dekabr kuni test topshirishdi. O‘sha paytda futbolchilar qanday holatda yig‘inga yetib kelishganini bilib oldim. O‘z o‘rnida federatsiyadagilar ham murabbiy o‘z jamoasida ishlayaptimi, yo‘qmi, degan savolga javob olishlari mumkin bo‘ladi.

- Yangiliklardan yana biri oliy liganing Superligaga o‘zgartirilgani va jamoalar sonining 12taga qisqartirilgani bo‘ldi. Bu o‘zgarishlar haqida shaxsiy fikringiz qanday?

- Yangi tarkibda ish boshlagan O‘FF baribir, qandaydir o‘zgarishni amalga oshirishi kerak edi. Islohotlar federatsiyaga yangi prezident tayinlangan kunning ertasigayoq boshlanib ketdi. Nazarimda, so‘nggi 10 yil ichida futbolimiz to‘xtab qolgandek ko‘rinayotgandi.

Hozir Superligada 12ta jamoaning qoldirilganiga hech qanday munosabat bildira olmayman. Lekin futbolimizning kuchayishi uchun xizmat qilishiga astoydil ishongim kelyapti. Federatsiyaning yangi rahbarlari o‘zbek futbolini ko‘tarish uchun ta­yinlanishgan. Demak, ijobiy tomonga o‘zgarish bo‘lishi kerak.

Shaxsan menga o‘yinlar vaqtining soat 18:00dan ke­yinga qo‘yilgani ma’qul keldi. Futbol aslida muxlislar uchun o‘ynaladi. 22 nafar futbolchining bo‘m-bo‘sh stadionda ikki soatga yaqin vaqt mobaynida yugurishidan nima foyda? Umuman, mazkur yangilik bundan 10 yil oldin qilinishi kerak edi.

Federatsiya rahbariyatiga rahmat, kech bo‘lsada muxlislarni o‘ylashdi. Endi ishqibozlar ishdan bemalol chiqib, futbol tomosha qilish uchun stadionlarga kelishadi. Yaqinda O‘FF rahbarlari bilan yuzma-yuz gaplashdik. Agar ular aytayotgan yangiliklar amaliyotga tatbiq etilsa, futbolimizda qisqa fursatda katta o‘zgarishlar ro‘y beradi.

- No‘’mon aka, yana jamoaning tayyorgarligiga qaytamiz. Yuqorida o‘tgan mavsumdagi omadsizlikka tarkibdagi muammolar sabab bo‘ldi, dedingiz. O‘sha kamchiliklardan tegishli xulosalar chiqarildimi? Teng kuchli ikki tarkibni shakllantirishga e’tibor qaratyapsizmi?
- Aslida, oldimda turgan eng asosiy vazifa ham shu. O‘tgan yili «Lokomotiv» bilan o‘ynaganimizda, raqib jamoaning zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan futbolchilarni ko‘rib hayratga tushgandim. O‘sha o‘yinchilardan ham alohida jamoa tuzib, chempionatda ishtirok etilsa, sov­rinli o‘rinlarni egallash mumkin.

Shundan kelib chiqib, jamoada sog‘-lom raqobatni yuzaga keltirmoqchimiz. Aks holda, hozirgi tarkib futbolchilari raqobatdan xoli bo‘lib, o‘z ustlarida ishlamay qo‘yishadi. O‘tgan yili jarohati bor futbolchini ham maydonga tushirishga majbur bo‘ldim. Boshqa ilojim ham yo‘q edi. O‘ylaymanki, bu yil hammasi boshqacha kechadi.

- Hozirgacha qaysi futbolchilar bilan rasman shartnoma imzolandi?
- O‘tgan yilgi tarkibni deyarli to‘laligicha saqlab qoldik. Bu eng katta yutug‘imiz bo‘ldi. Amalda shartnomalari bo‘lgan futbolchilar mashg‘ulotlarda ishtirok etishyapti, ularga to‘laligicha ishonaman. O‘z o‘rnida bu yigitlar ham men va muxlislarga bo‘lgan hurmatlari sabab jamoada qolishga qaror qilishdi.

Buning uchun ularga rahmat aytaman. Yangi taklif etilganlar bilan yanvar oyi oxirida shartnoma imzolashga qaror qildik. Hozirda 3-4 nafar futbolchi ko‘rikdan o‘tyapti. O‘z o‘rnida legionerlarni ham ko‘rik uchun taklif qilganmiz. Ular tez orada safimizga kelib qo‘shilishadi.

- Legionerlar limitiga ham o‘zgartirish kiritildi. Aniqrog‘i, yangi mavsumdan bir jamoada besh nafar xorijlik futbolchi o‘ynashi mumkin. Shu o‘rinda, siz ana shu 4+1 limitidan foydalanasizmi?
- Nasib qilsa, imkoniyatdan to‘liq foydalanmoqchimiz. Lekin bu duch kelgan legioner bilan shartnoma imzolash degani emas.

- O‘tgan mavsum jamoa sharafini himoya qilgan legionerlar taqdiri nima bo‘ladi?
- Menimcha, har ikki serbiyalik futbolchimiz ham yangi mavsumni «Qo‘qon-1912»da boshlasa kerak. Shu kunlarda Darko Gojkovichning safimizga kelib qo‘shilishi kutilyapti.
Filipp Rayevats hozir Serbiyada hordiq chiqarmoqda. Agar to‘purar futbolchimizdan kuchliroq hujumchi topa olmasam, u ham jamoa­da qoladi.

- Umumiy olsak, o‘tgan mavsum Ra­yevats yomon o‘yin ko‘rsatmadi...
- To‘g‘ri, biz kutgan o‘yinni namoyish eta oldi. Lekin uning potensiali yanada kuchliroq edi. O‘z o‘rnida jarohati ham bunga imkon bermadi. Boshqa tomondan, Filippga mamlakatimizning yetakchi jamoalari qiziqishyapti. Bilishimcha, «Bunyodkor» va «Lokomotiv» klublaridan taklif olgan.

O‘zim futbolchi bo‘lganim uchun uni to‘g‘ri tushunaman. Rayevatsdan tashqari asosiy tarkibda o‘ynagan deyarli barcha mahalliy futbolchilarimizga takliflar tushdi. Lekin ular bilan gaplashdim, jamoada qolishlarini iltimos qilgan paytlarim bo‘ldi. Quvonarlisi, ular yo‘q de­yishmadi.

- O‘tgan yilgi tarkibdan kimlar ketdi?
- Umuman olganda, hamma qoldi, deyish mumkin. Yosh futbolchimiz Avaz Mamatxo‘jayevni ijara asosida «Nav­bahor»ga berdik.

- Javohir Siddiqov «Paxtakor»­dan «Qo‘qon-1912» jamoasiga o‘tgach, o‘yinida ancha o‘sish ko‘zga tashlandi. Bilishimizcha, bu yarim himoyachiga «Nasaf» jiddiy tarzda qiziqish bildirayotgan ekan. Ushbu ma’lumot qanchalik haqiqatga yaqin?
- Ha, bu ma’lumotni tasdiqlayman. Hozirda u olimpiya terma jamoamiz tarkibida Osiyo chempionatida ishtirok etyapti. Xitoydan qaytgach, safimizga kelib qo‘shiladi.

Mendan oldin uning o‘zi barcha chaqiruvlarga rad javobini berdi. Ishonchim komil, u hali «Qo‘qon-1912» jamoasida ko‘p yillar to‘p suradi. Javhoir jamoamiz muxlislarining yoqimtoyiga aylangan. Ularni osonlikcha tashlab ketmaydi.

- Qaysi chiziqlar o‘zgarishga muhtoj?
- Asosan hujumni kuchaytirishimiz shart. Yana bir saviyali forvard izlayapmiz. Bilasiz, hamisha kamida ikki hujumchi bilan o‘ynayman. Hujumkor futbol tarafdoriman. Birinchi davrada birgina «Qo‘qon-1912» jamoasi yuz foiz o‘yinlarda ikki hujumchi bilan o‘ynadi.

Ikkinchi davrada Nosir Otaqo‘ziyev jarohat olganidan keyin bir hujumchi bilan o‘ynashga majbur bo‘ldik. Filipp Ra­yevatsning sog‘lig‘ida ham muammolar ko‘zga tashlandi. Shuning uchun ham taktikani o‘zimiz istamagan holda o‘zgartirishga majbur bo‘ldik.

- O‘tgan yili Janubiy Koreya chempionatining birinchi ligasida to‘p surgan Bahodir Pardayev «Qo‘qon-1912»ga qaytibdi. Uning klubda qolishi hal bo‘ldimi?
- Ha, u yuz foiz jamoada qoladi. Yuqorida aytganimdek, safimizga yangi qo‘shilgan futbolchilar bilan shu oyning oxirida rasman shartnoma imzolaymiz. Hozir og‘zaki kelishuvimiz bor.

- O‘tgan mavsum «Qo‘qon-1912»ning yoshlar ligasidagi jamoasi chempionatda bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Ana shu tarkibda o‘zini ko‘rsatgan futbolchilar bormi? Ulardan kimlarni bu yil asosiy jamoada ko‘rishimiz mumkin?
- Asosiy tarkib bilan raqobat qila oladigan iste’dodli futbolchilar bor. Ayniqsa, Muhammadanas Hasanovni alohida aytishim kerak, u qolganlarga qaraganda ancha tez o‘sdi. Bu kabi iste’dodli yoshlar jamoamizda yetarli.

- «Paxtakor», «Lokomotiv» kabi klublarimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni kuzatib boryapsizmi?
- Albatta. «Paxtakor» «Nasaf» futbolchilari evaziga tarkibini kuchaytirib oldi. Lekin Qarshi jamoasi sezilarli darajada kuchsizlandi, deya olmayman. Bir narsani unutmaslik kerak, bu klubda Ro‘ziqul Berdiyev bor va u qo‘l ostidagi jamoani yana kuchaytirib oladi.

Ta’kidlash lozimki, Superligada oson o‘yinlar bo‘lmaydi. «Lokomotiv», «Nasaf», «Paxtakor» va «Bunyodkor»dan tashqari qolgan jamoalar ham tarkiblarini sezilarli darajada kuchaytirib olish imkoniyatiga egalar.

O‘tgan yili birinchi ligaga tushib ketgan 4ta jamoa­dagi eng yetakchi futbolchilar o‘zlariga Superliga klublaridan panoh topishlari aniq. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, qolgan 8ta jamoaga ham jiddiy qarashga to‘g‘ri keladi. Bir so‘z bilan aytganda, yangi mavsumda muxlislar zerikib qolishmaydi.

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » No‘’mon Hasanov: "So‘nggi 10 yil ichida futbolimiz to‘xtab qolgandi"