22:21 / 22.01.2018
5 499

Super liga jamoalarining yangi mavsumga tayyorgarlik jarayoni qanday davom etmoqda?

Super liga jamoalarining yangi mavsumga tayyorgarlik jarayoni qanday davom etmoqda?
«Lokomotiv»
Tayyorgarlik jarayonini BAAning Dubay shahrida davom ettirayotgan «temiryo‘lchilar» Rossiyaning «Rubin» klubiga qarshi nazorat bahsida 0:0 hisobini qayd etishdi.

«Lokomotiv»: Ignatiy Nesterov, Kaxi Maxaradze, Bobur Yo‘ldoshev, Ikrom Aliboyev, Marat Bikmayev, Sadriddin Abdullayev, Salim Mustafoyev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Sanjar Shoahmedov, Oleg Zoteyev, Cho Sok Jae.

Zaxiradan maydonga tushganlar: Ma’mur Ikromov, Igor Yelich, Shuhrat Muhammadiyev, Sardor Mirzayev, Aziz Omonov, Sherzod Karimov, Farhod Bekmurodov, Dmitriy Barkov.

Eslatma, «temiryo‘lchilar» yig‘in doirasida bunga qadar Shotlandiyaning «Aberdin» jamoasini 2:0 hisobida dog‘da qoldirishgandi. «Lokomotiv» Dubay yig‘inidan o‘rin olgan so‘nggi nazorat o‘yinini kecha Abu-Dabidagi New York University Abu-Dhabi stadionida «Krasnodar»ga qarshi o‘tkazdi.

«Nasaf»
Qarshiliklar o‘tgan hafta davomida Turkiya yig‘ini doirasida bir qator nazorat o‘yinlari o‘tkazishdi. Qozog‘iston birinchi ligasi vakili «Qiziljar»ga qarshi kechgan bellashuvda «Nasaf» 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Bu o‘yinda jamoaning goliga Sharof Muhiddinov mualliflik qildi. «Nasaf» bundan oldin Albaniya Super-ligasi ishtirokchisi «Lyuftetari» bilan bahsda murosa ko‘chasini tanlagandi - 1:1. Gol muallifi - Islom Kenjaboyev.

«Nasaf»: Sanjar Quvvatov, Sharof Muhiddinov, Maqsud Karimov, Umarbek Eshmurodov, Igor Golban, Dilshod Saitov, Akmal Mozgovoy, Islom Rashidxonov, Islom Kenjaboyev, Dragan Cheran, Jasur Hasanov.

Zaxiradan maydonga tushganlar: Sanjar Rashidov, Sherzod Nasrullayev, Najmiddin Normurodov, Jahongir Aliyev, G‘olib G‘aybullayev, Mirg‘iyos Sulaymonov.

Tarkibda yangilik ham bor - serbiyalik Slavko Lukich mashg‘ulotlarga qo‘shildi va kuni kecha shartnoma ostiga imzo chekdi. Demak, Slavko 30 yanvar kuni «Markaziy» stadionida «Al-Faysali»ga qarshi kechadigan uchrashuvda «Nasaf» tarkibida maydonga tushishi mumkin.

Ayni payt uni OChL «pley-off» uchrashuvi «zayavka»siga qo‘shish bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilmoqda. Slavko Lukich vaqtida Serbiyaning U-16 va U-19 toifasidagi terma jamoalari safida 21ta o‘yin o‘tkazgan. U Serbiyaning yuqori divizioni - Fortuna-liga ishtirokchisi «Spartak»dan taklif etildi.

Shuningdek, 2008 yildan buyon «Nasaf» sharafini himoya qilib kelayotgan tajribali himoyachi Maqsud Karimov ham Turkiyadagi yig‘inda safga qaytdi. Chunonchi, u bilan shartnoma muddati uzaytirildi.

«Ajdarlar» hafta oxirida yana bir nazorat uchrashuvida maydonga tushishdi. Bu safar Iroq Premer-ligasi ishtirokchisi, mamlakatning 4 karra chempioni «Arbil» raqib bo‘ldi.

Hisob 2:1 - «Nasaf» foydasiga. E’tiborlisi, bu o‘yinda tojikistonlik Jahongir Aliyev «dubl»ga erishdi. «Nasaf» yurtimizga qaytish oldidan yana bitta nazorat uchrashuvi tashkillashtiradi.

«Paxtakor»
Jamoaning Turkiyadagi yig‘ini yakunlandi. Rostin Griffits va Yegor Krimets murabbiy Laslo Yambor nazoratida individual tarzda ishlagan bo‘lsalar, qolgan futbolchilar umumiy guruhda shug‘ullanishdi. 20 yanvar kuni «Vardar» (Makedoniya)ga qarshi kechgan yig‘in doirasidagi oxirgi nazorat uchrashuvida Shota Arveladze shogirdlari 2:0 hisobida zafar quchishdi.

O‘yin davomida «Paxtakor»ning ustunligi sezilib turdi. Gollar esa ikkinchi bo‘limda urildi. Tanaffusga qadar raqib posboni Jasur Hakimov, Sherzod A’zamov va Azim Ahmedovning xavfli zarbalarini bartaraf etganini qo‘shimcha qilish joiz.

Ikkinchi 45 daqiqalikda zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘zlarini ko‘rsatishdi. Avvaliga Doston Ibrohimov aniq zarba bilan hisobni ochgan bo‘lsa, oradan ko‘p o‘tmay, Gidi Kanyuk ustunlikni mustahkamladi.

«Paxtakor»: Aleksandr Lobanov (Eldor Suyunov, 46), Vladimir Kozak (Farrux Sayfiyev, 46), Marko Simich, Sherzod A’zamov (Kamoliddin Tojiyev, 84), Akmal Shorahmedov, Dilshod Rahmatullayev (Gidi Kanyuk, 77), Azim Ahmedov (Akbar Ismatullayev, 65), Jaloliddin Masharipov, Jamshid Iskanderov, Bahrom Abdurahimov (Doston Ibrohimov, 65), Jasur Hakimov (Ibrohim G‘anixonov, 77).

Xullas, «sherlar» Belekda tashkillashtirilgan 4ta nazorat uchrashuvida ham g‘alaba qozonishdi: «Turgutluspor» (3:0), «Amedspor» (2:0), «Partizani» (3:1) va «Vardar» (2:0). «Paxtakor» endi 22 yanvardan tayyorgarlikni Toshkentda davom etiradi.

«Navbahor»
Himoyachi G‘iyos Komilov jamoa bilan xayrlashdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u yangi mavsumni «Qo‘qon-1912»da o‘tkazadi. Oldinroq himoyachiga «Nasaf» va «Mash’al»dan qiziqish borligi aytilgandi. Umuman, «Navbahor»ning seleksiya ishlari davom etmoqda. Xususan, tarkibga yana 2 nafar futbolchi qo‘shildi.

Ulardan biri - «Paxtakor»dagi o‘yinlari orqali tanilgan Javohir Sohibov. Asamaz Burayev esa Rossiyadan taklif etildi. 1990 yili tug‘ilgan bu futbolchi (bo‘yi 180 sm.) o‘tgan mavsum «Jetisu» safida to‘p surib, jamoaning Qozog‘iston Premer-ligasiga yo‘l olishiga hissa qo‘shgan.

Faoliyatini 2008 yili «Avtodor» (Vladikavkaz)da boshlagan Burayev keyinchalik «Spartak» (Nalchik), «Alaniya» (Vladikavkaz), «Mashuk-KVM» (Pyatigorsk), «Luch-Energiya» (Vladivostok), «Ganzasar-Kapan» (Kapan), «Banans» (Yerevan), «Arvamir» (Armavir), «Alashkert» (Martuni) kabi jamoalar sharafini himoya qilgan.

Rossiyalik yarim himoyachi mashg‘ulotlarda murabbiylar ishonchini qozongan taqdirda «Navbahor» a’zosiga aylanishi mumkin. Darvoqe, namanganliklar Toshkent yig‘inidan o‘rin olgan navbatdagi nazorat uchrashuvida «Mash’al»ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berishdi.

«Navbahor»: Abdumavlon Abdujalilov, Avazbek Mamatxo‘jayev, Yanis Linda, Jahongir Mehmonov, Mirzohid G‘ofurov, Azizbek Turg‘unboyev, Ayubxon No‘’monov, Dilshod Sharofutdinov, A’zam Aliyev, Azamat Allaniyozov, Zohir Pirimov.

Zaxiradan maydonga tushganlar: Mirzohid Mamatxonov, Ilhom Boydedayev, Akmal Turg‘unboyev, Abbos G‘ulomov.

Toshkentda tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inining dastlabki bosqichi oxirgi kuni esa «Bunyodkor»ga qarshi nazorat o‘yini tashkillashtirildi. Bu safar «lochinlar» 1:2 ko‘rinishida yengilishdi. «Navbahor»ning yagona goli Azamat Allaniyozov nomiga yozildi.

«Navbahor»: Abdumavlon Abdujalilov, Jahongir Mehmonov, Darko Stanoyevich, Avazbek Mamatxo‘jayev, Mirzohid G‘ofurov, Oston O‘runov, A’zam Aliyev, Dilshod Sharofutdinov, Zohir Pirimov, Azizbek Turg‘unboyev, Azamat Allaniyozov.

Zaxiradan maydonga tushganlar: Mirzohid Mamatxonov, Ilhom Boydedayev, Ravshan Xursanov, Abbos G‘ulomov, Shohzamon Xayrullayev.

Dilshod Jabborov, Ayubxon No‘’monov va Yanis Linda bu uchrashuvda kichik jarohat tufayli maydonga tushishmadi. Shu bilan futbolchilarga qisqa ta’til berildi. «Navbahor» a’zolari bugun yana Toshkentda to‘planib, tayyorgarlik jarayonining navbatdagi bosqichini boshlashadi.

«Buxoro»
Qisqa ta’tildan so‘ng jamoa vakillari yana Toshkentda yig‘ilishdi. Mashg‘ulotlar bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoyev hamda Baxtiyor Ashurmatov boshchiligida «Bunyodkor» maydonida olib borilmoqda.

Ayni payt «Buxoro» mashg‘ulotlarida belaruslik Sergey Rusetskiy qatnashyapti. To‘g‘ri, uning jamoada qolish-qolmasligi kelishuv natijalariga bog‘liq.

«Mash’al»
«Gazchilar» tarkibiga yana bir futbolchi qo‘shildi. Aniqrog‘i, Iskandar Xolmirzayev «Mash’al» bilan 2 yillik shartnoma tuzdi. U o‘tgan mavsum «Dinamo» sharafini himoya qilgandi.

«Mash’al» shuningdek, ukrainalik Dmitriy Bashlay bilan ham kelishuvga erishdi. Nazorat uchrashuvlariga kelsak, Aleksandr Xomyakov shogirdlari Qibrayda «Navbahor»ga qarshi maydonga tushib, Sardor Abduraimovning yagona goli evaziga g‘alaba qozonishdi.

«Mash’al»: Javohir Ilyosov, Iskandar Shayqulov, Shohjahon Qilichev, Sardor Abduraimov, Jamoliddin Ubaydullayev, Abbos Shodmonov, Sirojiddin Rahmatullayev, Oleg Barannik, Dmitriy Bashlay, Maradona Safarov, Zafar To‘rayev.

AGMK
Antaliyadagi o‘quv-mashg‘ulotlarda olmaliqliklar tarkibida bir qator yangi futbolchilar ishtirok etishmoqda. Hozircha Javlon Guseynov («So‘g‘diyona»), Saydullo Rahmatov («Nasaf»), Ibrohim No‘’monov, Muzaffar Muzaffarov («Neftchi»), Otabek Zokirov («Qizilqum»), Abdumalik Abdullayev («Dinamo»)ning mavsumni AGMKda boshlashlari aniq.

Shuningdek, serbiyalik Vladimir Bubanya («Zemun», Serbiya) va Yovan Jokich («Atirau», Qozog‘iston) bilan ham shartnoma tuzildi. Avvalgi mavsum klubda o‘ynagan aksariyat futbolchilar shartnomasi muddati ham uzaytirildi.

Qirg‘iziston terma jamoasi a’zosi Anton Zemlyanuxinga esa javob berildi. Yig‘inga taklif etilgan bosniyalik hujumchi Ismar Tandir ham murabbiylarga ma’qul kelmadi.

AGMKning Side shahri sport majmuasida «SV Olbernxau» (Germaniya)ga qarshi kechgan o‘rtoqlik uchrashuvi gollarga boy bo‘ldi. 4-daqiqadayoq raqib vakili uzoq masofadan zarba yo‘llab, Akbar To‘rayev darvozasini ishg‘ol qildi.

Keyinchalik Ismar Tandir muvozanatni tikladi, Anton Zemlyanuxin olmaliqliklarni hisobda oldinga olib chiqdi. 32-daqiqada esa Sanjar Rixsiboyev 3-gol muallifiga aylandi. Oradan ko‘p o‘tmay, Anton «dubl»ni rasmiylashtirdi. Yakuniy natija - 4:1.

AGMK: Akbar To‘rayev, Dilshod Jo‘rayev, Ismar Tandir, G‘ulomhaydar G‘ulomov, Anton Zemlyanuxin, Saydullo Rahmatov, Shahzodbek Aliqulov, Shahboz Umarov, Javlon Guseynov, Sanjar Rixsiboyev, Xurshid Muxtorov.

Zaxiradan maydonga tushganlar: Nizomiddin Ziyovuddinov, Otabek Zokirov, Kamronbek Abdulhamidov, Abdumalik Abdullayev, Vladimir Bubanya, Muhammad Isayev.

Keyingi nazorat o‘yinida Qozog‘istonning «Shaxtyor» jamoasi raqib bo‘ldi. Uchrashuv Aktobe viloyatida ro‘y bergan noxush voqea sabab, hayotdan ko‘z yumgan hamyurtlarimiz xotirasiga sukut saqlash bilan boshlandi. Bu bahsda AGMK tarkibida 18 nafar futbolchi maydonga tushdi.

Butun vaqt davomida to‘p nazoratini ushlab turgan jamoa ikki marta penalti ishladi. Har ikki vaziyatda hujumchi Zafar Polvonov jabrlanuvchi bo‘ldi. Birinchi bo‘limda penaltini Muzaffar Muzaffarov aniq amalga oshirgan bo‘lsa, ikkinchisini Yovan Jokich tepdi.

Darvoqe, Shohnazar Norbekov darvozabon bilan birga bir vaziyatga chiqib ketayotgan raqibni to‘xtatib qolgani uchun 17-daqiqadayoq maydondan chetlatildi. AGMKning navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvi Ruminiya chempionati vakili - «Konkordia»ga qarshi kechdi. Jamoa Antaliyada 28 yanvargacha shug‘ullanishini eslatish joiz.

Aytgancha, mashg‘ulotlarga qo‘shilgan yana bir legioner - Qirg‘iziston termasi darvozaboni Pavel Matyashning AGMKda qolishi ehtimoli katta. 2017 yili Maldivda chempionlikka erishgan kiper raqobatni oshirish maqsadida taklif etilgan.

Avvalgi mavsum yaxshi taassurot qoldirgan Xurshid Xo‘jayev esa tizzasiga bog‘liq muammolar sabab, o‘tgan seshanba kuni Moskvada jarrohlik stoliga yotdi. Muhimi, operatsiya yaxshi o‘tdi va shifokorlar Xurshidning 2 oydan so‘ng individual tarzda mashg‘ulot boshlashi mumkinligini aytishdi.

«Qo‘qon-1912»
Toshkent shahrida shug‘ullanayotgan jamoa navbatdagi nazorat uchrashuvida «Lokomotiv-BFK»ni 1:0 hisobida yengdi. «Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi No‘’mon Hasanov bu o‘yinda asosan ko‘rikka taklif etilgan yosh futbolchilarga imkoniyat berdi. Yagona gol ikkinchi bo‘limda Sobir Hamidov tomonidan urildi.

«Qo‘qon-1912»: Aziz Ashurov (Islom Abdullayev), Akmal Xolmurodov, Muhammadaziz Nurmatov, Muhammadanas Hasanov, Iqbol Malikjonov, Ibrohim Rahimov, Sobir Hamidov, Quvondiq Ro‘ziyev, Oybek Mirzohidov, Muslim Qurbonov, Dian Talxatov.

«Metallurg»
Bekobodliklar kunning birinchi yarmida «Bunyodkor» futbol akademiyasi maydonida, tushlikdan keyin esa «Paxtakor» BO‘SM maktabiga qarashli stadionda shug‘ullanishmoqda. Murabbiylar shtabi ixtiyorida 30 nafardan ko‘proq futbolchi bor. Yangilardan biri - «Neftchi» himoyachisi Dilyorbek Ermatov.

Mashg‘ulotlarda «Metallurg» yoshlar jamoasi o‘yinchilaridan tashqari, «Paxtakor» va «Bunyodkor» o‘rinbosarlari ham qatnashishmoqda. Hafta oxirida futbolchilar ikki tarkibga bo‘lingan holda, nazorat uchrashuvi o‘tkazishdi. Unda Zohid Abdullayev yetakchiligidagi asosiy tarkib sardor tomonidan urilgan 2ta gol evaziga g‘alaba qozondi.

Yarim himoyachi Jahongir Abdumo‘minov yangi mavsumni boshqa klubda boshlaydi. 1993 yilda tug‘ilgan futbolchining shartnomasi yakuniga yetgan va ayni payt ozod agent maqomiga ega. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Pavel Smolyachenko kuni kecha «Metallurg» yig‘iniga qo‘shildi.

Faoliyati davomida «Neftchi», «Lokomotiv», «Dinamo», «Buxoro» hamda «Andijon» klublari sharafini himoya qilgan bu futbolchi avvalgi mavsum Malayziya premer-ligasida o‘ynagandi.

«Qizilqum»
Navoiyliklar o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inini o‘z qarorgohlarida olib borishmoqda. Hamidjon Aktamov asosan avvallari «Qizilqum»da o‘ynagan futbolchilarni taklif etmoqda. Xususan, hujumchi Nemanya Yovanovich («Navbahor»), Vohid Shodiyev («Bunyodkor»), Eldor Boymatov («Sho‘rtan»), Alisher Sanoyev («Buxoro»), Navro‘z Alimov va Georgiy Kvesiyeshvili ayni payt jamoa ixtiyoridalar.

2015 yili «Neftchi» darvozasini qo‘riqlagan rossiyalik Yevgeniy Cheremesin, huquqiy jihatdan «Lokomotiv»ga tegishli hujumchi Doniyor Usmonov ham «Qizilqum» yig‘inida qatnashmoqdalar.

Kuni kecha turkmanistonlik Artur Gevorkyan yig‘inga qo‘shildi. Yana bir legioner hujumchi - gruziyalik Guja Grigalashvili esa ko‘rikdan o‘tmoqda. Jamoa oy oxiriga qadar Navoiyda hozirlik ko‘radi va fevralda mashg‘ulotlar poytaxtda davom ettiriladi.

«Dinamo»
Yangi mavsumga qaratilgan tayyorgarlik ishlarini Samarqandning o‘zida olib borayotgan jamoa dastlabki nazorat uchrashuvida o‘z hamshahri - «Sherdor» bilan kuch sinashdi. Charxin qo‘rg‘onidagi futbol maktabiga tegishli maydonda tashkillashtirilgan bahsda «Dinamo» ustunligi sezilib turdi va bu hisobda ham aks etdi - 3:0.

Shu kuni «Dinamo» murabbiylari bir qator yangi futbolchilarga imkon berishdi. Jamoa gollariga esa Amirjon Safarov, Komil Sharofutdinov va Jasur Qurbonov mualliflik qilishdi.

«Dinamo»: Rustam Toshturdiyev, Bunyod Isroilov, Hakimxon A’lamxonov, Mirkomil Lokayev, Temur Fayzullayev, Akmal Bozorov, Ilhom Yunusov, Jasur Azimov, Komil Sharofutdinov, Jasur Qurbonov, Amirjon Safarov.

Zaxiradan maydonga tushganlar: Shamsiddin Sa’dullayev, Jasur Ashurov, Shahzod Saidov, Asad Tolipov, Mehroj Xudoyberdiyev, Orzumurod Ahmedov, Damir Temurov, Asomiddin Mamatov, Ramish Bobomirzayev.

Mashg‘ulotlarda futbolchilar jismoniy holatini tiklashga katta e’tibor qaratilmoqda. Tajribali futbolchi Ilhom Yunusov ham «Dinamo» yig‘inida ishtirok etmoqda. Samarqandlik yarim himoyachi o‘tgan mavsum «Qizilqum»da o‘ynagandi.

«Sementchi»
Quvasoy klubi Andijon shahri Bo‘ston dahasidagi Bolalar va o‘smirlar futbol maktabi maydonida Eldor Sakayev boshqaruvida shug‘ullanayotgan «Andijon» bilan kuch sinashdi. Murabbiylar uchrashuv davomida ko‘rikda qatnashayotgan barcha futbolchilarni amalda sinab ko‘rdilar.

O‘yin taqdirini yagona gol hal qildi. Bu holatda to‘p himoyachi Iqbol Boboxonov va darvozabon Farrux Turdaliyev o‘rtasida yuzaga kelgan tushunmovchilik natijasida «rikoshet» holatida «Sementchi» darvozasidan joy oldi. Quvasoyliklar tarkibiga bir qator yangi futbolchilar qo‘shilishganini ta’kidlash lozim.

Xususan, nazorat uchrashuvida Temur Usmonov («NBU-Osiyo»), Abdurasul Komilov («Obod») va Furqat Hasanboyev («Andijon») «Sementchi» safida to‘p surishdi.

«Sementchi»: Farrux Turdaliyev, Davron Mamatov, Shukurali Po‘latov, Iqbol Boboxonov, Oybek Nurboyev, Abbos Maxstaliyev, Elyor Mamasoliyev, Sunnat Ermatov, Davron Isoqov, Otabek Ahmadjonov, Abdulaziz Yusupov.

Zaxiradan maydonga tushganlar: Temur Usmonov, Abdurasul Komilov, Qahramon Muhammadjonov, Furqat Hasanboyev, Jamshid Qobulov, Sardor Qahhorov.

Sementchi» murabbiylari darvozabon masalasida nomzodlarni ko‘rib chiqishmoqda. Boisi, quvasoyliklar yig‘iniga qo‘shilgan Sardor Qobuljonov oyog‘ida og‘riq sezib, klub lagerini tark etdi. Natijada murabbiylar ixtiyorida birgina Farrux Turdaliyev qoldi. Aytishlaricha, «Sementchi» rossiyalik kiper Yevgeniy Cheremesinga qiziqmoqda.

Tomonlar o‘zaro kelishuvga erishishsa, «Neftchi»ning sobiq posboni yangi mavsumni Quvasoy jamoasida boshlaydi. O‘tgan yili klub sharafini himoya qilishgan Ilhom Jumanov, Oqil Mahmudov, Rahmatillo Meliboyev va Anvar Rahimovga esa rasman javob berildi.

«So‘g‘diyona»
Jizzax klubi o‘z qarorgohida tashkillashtirilgan tayyorgarlik jarayonining birinchi bocqichini yakunladi. Rejaga ko‘ra, ikkinchi yig‘in Toshkentda olib boriladi. «Oq-tepa»ga qarshi kechgan o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng qisqa ta’tilga chiqqan jamoa shu maqsadda poytaxtda yig‘ildi va muhtasham «Grand Atlas» mehmonxonasiga joylashdi.

Toshkent yig‘ini rejasiga bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvi kiritilgan. Hozircha 3ta o‘yin sanasi ma’lum - 25 yanvar («Paxtakor» bilan), 28 yanvar («Navbahor» bilan) va 5 fevral («Qizilqum» bilan). Jizzaxdagi yig‘inda qatnashgan ayrim futbolchilar bilan xayrlashildi va endi Toshkentda jamoa safiga bir qator yangi o‘yinchilar qo‘shilishlari kutilmoqda.

«Sho‘rtan»

G‘uzor klubi o‘z qarorgohida mahalliy yosh futbolchilar bilan dastlabki mashg‘ulotlarni o‘tkazdi. Jarayonga jamoa texnik direktori, sobiq murabbiy Bahodir Shoymardonov boshchilik qilmoqda. Unga yoshlar jamoasi ustozi Akmal Saytqulov va darvozabonlar murabbiyi Erkin Mirzayev yordam berishmoqda.

Shoymardonovning ta’kidlashicha, asosiy tarkibning bir qator futbolchilari - Hasanboy Ergashev, Olim Karimov, G‘ulom Rahmonov, Alibek Turobov va Otabek Narzullayev yaqin orada mashg‘ulotlarga qo‘shilishadi. O‘tgan mavsumning ikkinchi davrasida «Sho‘rtan» safini to‘ldirgan Ruslan Melzitdinovning kelishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Klublarning rasmiy saytlaridagi ma’lumotlardan ham foydalanildi


Manba: www.iff.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Super liga jamoalarining yangi mavsumga tayyorgarlik jarayoni qanday davom etmoqda?