20:20 / 07.02.2018
5 849

Asling kabi ko‘rin yoki ko‘ringaning kabi bo‘l!

Asling kabi ko‘rin yoki ko‘ringaning kabi bo‘l!
Shanba kuni orziqib kutilayotgan O‘zbekiston Superligasiga qur’a tashlandi, nihoyat. O‘FAning yangi rahbariyati har bir tadbirni avvalgilariga o‘xshamas tarzda tashkillashga harakat qilyapti.

Misol uchun, Superligaga qur’a tashlash marosimi uchun besh yulduzli muhtasham International Hotel Tashkent (sobiq «Interkontinental») mehmonxonasi tanlandi. Aslida muxlislar uchun bu kabi marosimlarning qanday o‘tkazilishi emas, islohotlar, amalga tatbiq etilayotgan yangiliklarning qanday samara berishi muhimroq hisoblanadi. Jaloliddin Rumiy hazratlari aytganlaridek, «Asling kabi ko‘rin yoki ko‘ringaning kabi bo‘l!»

Qur’a tashlash marosimini futbol sharhlovchisi Davron Fayziyev kirish so‘zi bilan ochar ekan, yangi mavsumda Superligada 12ta jamoa qatnashishini yana bir bora eslatdi. Shundan so‘ng PFL vakili Aleksey Frolov qur’a jarayoni haqida ma’lumot berdi. Uning aytishicha, taqvim izchil ko‘rinishda tuziladi va ikkinchi davra bahslari 1-turda o‘zaro o‘ynaydigan klublarning «uy-safar» tizimi bo‘yicha o‘rin almashishi ketma-ketligi bilan boshlanib, shunday davom ettiriladi. O‘yinlar tartibi esa «Berger» tizimi bo‘yicha aniqlanadi. Bitta mintaqa klublari (misol uchun, «Lokomotiv», «Paxtakor» va «Bunyodkor» yoki «Qo‘qon-1912» va «Neftchi», AGMK va «Metallurg»)ning uy o‘yinlari bir turga to‘g‘ri kelmasligiga ham e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Agar bitta mintaqada klublar soni 2tadan ko‘p bo‘lsa, u holda o‘yinlar 2 kunga qo‘yiladi. Toshkentda aynan shunday holat.

Superliganing yangi formati juda qiziq tuyulyapti. 12ta klub ikki bosqich asosida, dastlab ikki davradan iborat «uy-safar» tizimida bahs olib boradi. Ikkinchi bosqichda esa jamoalar o‘rinlaridan kelib chiqib, 2 guruhga bo‘linadi. Ya’ni 1-6-o‘rinlarni egallagan klublar alohida holda sovrinlar uchun kurashni davom ettiradi. 7-12-pog‘onalarni band etgan jamoalar esa xuddi birinchi guruhdagi kabi «uy-safar» tizimi orqali Superligada qolish uchun bahslarga kirishadi. Asosiysi, yangi formatda «oltin ochko» qoidasiga amal qilinadi. Ya’ni ikkinchi bosqichdan oldin 1-6-o‘rinlarni egallagan jamoalarning qolgan ishtirokchilar bilan uchrashuvlardagi natijalari olib tashlanadi. Faqat kuchli oltitalik jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlar natijasi saqlab qolinadi. 7-12-o‘rinlarda qolgan jamoalar ochkolari ham xuddi shu yo‘sinda hisoblanadi. Yangi mavsumdan Pro-liga nomini olgan sobiq birinchi liga g‘olibi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Superligaga yo‘l oladi. 2-3-o‘rinlarni egallagan jamoalar esa Superligada 10 va 11-pog‘onalarni band etgan klublar bilan «o‘tish o‘yinlari»da maydonga tushadi. Superliganing 12-jamoasi Pro-ligaga tushib ketadi.

Qur’a tashlash jarayoni oldidan PFL bosh direktori Omon G‘ofurov, FIFA referisi Ravshan Ermatov va «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovlar so‘zga chiqib, yangi mavsum bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Omon G‘ofurov (PFL bosh direktori): - Avvalo, O‘FA va PFL nomidan barchani yangi mavsum starti bilan tabriklayman. «Paxtakor» va «Nasaf» jamoalari OChL saralashidan o‘rin olgan uchrashuvlar bilan joriy mavsumni boshlab berdi. Tez orada milliy chempionatimiz ham start oladi. Ko‘pchilik qatori mavsumni intizorlik bilan kutyapman. Sabablar ko‘p: chempionatimiz formati o‘zgartirildi, Superligada 12ta jamoa qoldirildi. Tomoshabop o‘yinlar ko‘payishidan umidvorman. Zero, muxlislar tashrifi futbolimiz uchun eng og‘riqli yo‘nalish hisoblanadi. O‘ylaymanki, o‘zgarishlar samarasi o‘laroq, stadionlarga muxlislar oqimi sezilarli darajada ko‘payadi. Ishonchim komil, yangi mavsum avvalgilariga nisbatan tubdan farqlanadi. Yana bir yangilik shuki, chempionatimiz titul homiyga ega bo‘ladi. Assotsiatsiya rahbariyati futbolimiz saviyasini ko‘tarish uchun bor imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Ravshan Ermatov (FIFA referisi): - Avvalo, ta’kidlashim joiz, muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo chempionati finalini tomosha qilganlari futbolimizga nechog‘li e’tibor berilayotganidan dalolat. Shunga yarasha barchamiz o‘z yo‘nalishimizda futbolimiz taraqqiyotiga xizmat qilishimiz shart. Muxlislar orasida ko‘p yuramiz, ular futbolimiz zerikarli tus olayotganidan nolishadi. Albatta, Superliganing yanada qiziqarli o‘tishi biz - hakamlarga ham bog‘liq. Kichik «fol»ga ham hushtak chalmasligimiz, o‘yin sur’atiga ta’sir o‘tkazmasligimiz kerak. O‘z o‘rnida aytishim kerak, futbolchilar ham salgina shamoldan yiqilib tushavermasliklari lozim. Bunda futbol jozibasi yo‘qoladi. Aytmoqchimanki, futbolchilar va murabbiylar ham jarayonga o‘z hissalarini qo‘shishlari shart. Aks holda, futbol dinamikasini ko‘tarolmaymiz. Aslida o‘zgarishlarni avvalgi yili amaliyotga tatbiq eta boshlagandik. Men kabi ayrim tajribaliroq hakamlarimiz bunga rioya qilishdi. Lekin yosh, tajribasi biroz kam hamkasblarimiz murabbiylar bosimi ostida qolishdi, chamamda. Bejiz murabbiylarimiz ham hissa qo‘shishlari zarurligi haqida so‘z ochmadim. O‘yinda to‘xtalish qancha kam bo‘lsa, futbol shunchalik qiziqarli chiqaveradi. Bu muxlislarga ham yoqadi. Kimdir chetdan kelib, futbolimiz saviyasini ko‘tarib bermaydi. Mana, bu g‘oya O‘FA tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Menimcha, endi muxlislarning o‘zlari joriy mavsum statistikasini avvalgilari bilan solishtirib ko‘rib, farqni sezishlari mumkin. Yo‘q, yaqqol qo‘polliklardan ko‘z yumish yaramaydi, zero, asosiy maqsadimiz - maydonda futbolchilarning jarohatlanmasliklarini ta’minlash. Ammo yelkama-yelka sof kurashlar uchun hushtak chalishni to‘xtatish zarur. Bu zerikarli futbolga olib keladigan holat. Birinchi o‘rinda, shuni yo‘qotishimiz talab etiladi.

Mirjalol Qosimov («Bunyodkor» bosh murabbiyi): - Ravshan Ermatovning fikrlariga to‘liq qo‘shilaman. Darhaqiqat, futbolimiz umumiy saviyasini ko‘tarishimiz kerak. Biz - murabbiylar hakamlarni qo‘llab-quvvatlagan holda, barchasini futbolchilarga uqtiramiz. Ravshan aytganidek, futbolchilarni bo‘lar-bo‘lmas holatda yiqilavermay, halol o‘ynashga undaymiz. Bundan futbol ko‘rimliligi oshadi, o‘z-o‘zidan muxlislar ham stadionlarga talpinishadi. Muxlislar halol futbolga ishonishsa, o‘zlari stadionga oqib kelishadi. Ularni da’vat etish ham shart bo‘lmay qoladi...

Shundan so‘ng qur’a jarayoniga navbat berildi va jamoalar birinchi bosqichda kim bilan qaysi tur va qayerda o‘ynashlarini bilib oldi. Deylik, muxlislar 2-turdayoq markaziy o‘yinlardan biriga guvoh bo‘lishadi: o‘tgan yili bronza medali uchun kurashgan «Bunyodkor» va «Paxtakor» o‘zaro to‘qnashadi. Ya’ni «poytaxt derbisi». Katta islohotlarga qaramay, OChLdan chetda qolgan «sherlar» endi bor e’tiborni ichki chempionatga qaratishlari tayin. «Qaldirg‘ochlar» ham yangi mavsumda xalqaro uchrashuvlardan xoli. Aytish joiz, Mirjalol Qosimov jamoasi chempionatning dastlabki 2ta o‘yinini o‘z muxlislari qarshisida o‘tkazadi. Xullas, barchamizni oldinda uzoq davom etadigan futbol mavsumi kutib turibdi. Superliga bahslariga bahor faslining ilk kuni - 1 martda start beriladi. Shu kuni mamlakatimizning 6ta shahri stadionlarida chempionat bayroqlari ko‘tariladi.

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Asling kabi ko‘rin yoki ko‘ringaning kabi bo‘l!