17:14 / 12.07.2018
2 898

Ja’far Irismetov: “Cheran bilan Sergeyev kelgach, raqobat yanada kuchayib ketdi”

Ja’far Irismetov: “Cheran bilan Sergeyev kelgach, raqobat yanada kuchayib ketdi”
Chempionlik uchun kurashda asosiy favorit bo‘lib turgan Toshkentning “Paxtakor” klubi Superligadagi tanaffusdan unumli foydalanishga harakat qildi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, yozda tarkibga ikki nafar hujumchi – Dragan Cheran bilan Igor Sergeyev qo‘shib olindi. SPORTS.uz nashri klub sport direktori Ja’far Irismetov bilan seleksiya va yana boshqa masalalarda musohaba o‘tkazdi.

“Paxtakor” hujumkor o‘yin ko‘rsatgani bilan baribir ko‘plab vaziyatlardan foydalana olmadik, - deya gap boshladi, Irismetov. - Shu sababdan seleksiyadagi asosiy e’tiborimizni hujumchilarga qaratdik. Natijada Dragan Cheran bilan Igor Sergeyevni taklif qildik. Masalan, Sergeyev o‘zimizning hujumchi, u “Paxtakor” futbol maktabida tarbiya olgan. O‘ylaymaki, ushbu ikkala hujumchi jamoamizga juda foyda keltirishadi va kelajakda ko‘plab gollar urishadi. Cheranga keladigan bo‘lsak, u O‘zbekistondagi eng yaxshi legionerlardan bittasi hisoblanadi. Shuning uchun Draganni o‘z jamoamizga jalb qildik.

Igor Sergeyev milliy terma jamoada to‘p surgan paytlarida muxlislar uchun alohida mavzuga aylanib qolgandi. Keyinchalik u kuchli bosimdan xalos bo‘lish maqsadida BAA chempionatiga ketgandi. Boisi ruhiy tomondan ham qiyinchiliklarga duch kelgandi. Ammo, bilishimizcha Sergeyevning BAAdagi faoliyati ham u qadar yorqin ko‘rinish olgani yo‘q. Endi esa yana “Paxtakor”ga qaytdi va uning bugungi kundagi ruhiy holati qanday ekan? Yoki klub futbolchi bilan bu masalada alohida ishlayaptimi? Irismetov esa bu savolga shunday javob qaytardi:

- Igorda hech qanday ruhiy muammolar yo‘q. U ma’lum muddatga chempionatni almashtirganining sababi, shunchaki o‘zini boshqa joyda sinab ko‘rishni istadi. Shu bois Sergeyevda hammasi joyida. Bu futbolchida hech qanaqa bosim yo‘q. O‘ylaymanki, milliy terma jamoamizga Igor Sergeyev kerak. Nima bo‘lganda ham u bizning eng yaxshi hujumchilarimizdan biri hisoblanadi.

Aynan hujumchilar haqida gap ketganda shuni aytish kerakki, “Paxtakor”da xorijlik hujumchilar ham bor. To‘purarlar bahsida Ismoil Gonsalvesh bilan Tiago Bezerra 7 tadan gol bilan kurash olib borishmoqda. Bu shuni ko‘rsatyaptiki, klub hujumchilarni tanlashda adashmagan. Endi ularning orasiga Cheran bilan Sergeyevning qo‘shilganini ham inobatga olsak, hujum chizig‘idagi raqobat yanada kuchayadi. Bunday paytda esa qaysidir o‘yinchining ko‘proq zaxirada qolib ketishi ham mumkinligini bildiradi.

- To‘g‘ri, jamoamizning hujum chizig‘ida futbolchilar ko‘p bo‘lishi mumkin, ammo o‘ylashimcha, raqobat hamma uchun yaxshi, deydi Irismetov. - Raqobat qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha o‘sish bo‘ladi deb o‘ylayman. Kim kuchliroq bo‘lsa va Shota Arveladze kimning tayyorgarligini yaxshi deb topsa o‘shalarni maydonga tushiradi. Masalan, bir o‘yinda Bezerra-Cheran tandemidan foydalanishi mumkin. Yoki Gonsalvesh-Sergeyev juftligi ham paydo bo‘lishi mumkin. Chempionlik uchun kurashayotgan jamoaning har bir chizig‘ida kuchli raqobat bo‘lishi kerak va biz shunga harakat qilyapmiz.

“Paxtakor” klubi ham yozgi tayyorgarlik yig‘inini reja asosida olib bordi deyish mumkin. Shu o‘rinda Ja’far Irismetov bu borada ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Turkiyada o‘tkazilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarimiz juda yaxshi o‘tdi. U yerda ko‘zlagan barcha maqsadlarimizga erishdik. Bir qator nazorat o‘yinlarini ham tashkillashtirdik. Bir so‘z bilan aytganda, tayyorgarligimiz yaxshi bo‘ldi.

“Paxtakor” ayni paytda turnir jadvalida 30 ochko bilan peshqadam bo‘lib turibdi. Unda keyin esa “Navbahor” boryapti va ularning hisobida 27 ochko mavjud. Asosiy raqiblar sifatida e’tirof etilayotgan “Lokomotiv” bilan “Nasaf” esa “Paxtakor”ga jiddiy qarshilik ko‘rsatishi kutilayotgandi. Biroq bu klublar hozircha hatto kuchli uchlikda ham emas. To‘g‘ri, “Bunyodkor” 3-o‘rinda boryapti, biroq ushbu klubning moliyaviy tomondan muammolarga yo‘liqayotgani hech kimga sir emas. Shuni hisobga olganda, “Paxtakor”ning chempionlik uchun kurashdagi imkoniyatlari sezilarli darajada oshiryaptimi? Sport direktori esa quyidagicha munosabat bildirdi.

- Men bunday deb o‘ylamayman. Oldinda bizni juda yaxshi o‘yinlar kutib turibdi. “Paxtakor” 1-o‘rinda bo‘lgani bilan “Navbahor”dan faqat uch ochko oldinda boryapmiz. Bitta turda hamma narsa o‘zgarib ketishi ham mumkin. Shu bois chempionat qizg‘in o‘tyapti. Lekin keyinchalik ko‘p jamoalarga oltin ochkolar xalaqit berishi mumkin. Masalan, chempionlik uchun kurashayotgan jamoalar “So‘g‘diyona” yoki boshqa raqiblarga qarshi o‘yinlarga tarkibini biroz “yumshatib” olib borishi mumkin. Chunki endi har 3-4 kunda o‘yinlar bo‘ladi. Bunday paytda hamma ham asosiy o‘yinchilarini qo‘ymasligi mumkin. Menimcha, shunday holatlar yuz berishi ham mumkin. Lekin oldinda bizni qiziqarli o‘yinlar kutyapti. Har bir uchrashuv murosasiz o‘tadi. Ammo qaysidir o‘yinga ikkinchi tarkibimizni olib borsak, bu muxlislarda ham qiziqishni pasaytirishi mumkin va sport tamoyillariga ham to‘g‘ri kelmaydi. Demoqchimanki, keyinchalik oltin ochkolar qoidasi bilan o‘ynalsa u holda pastki o‘rindagi jamoalarga qarshi biroz e’tiborsizlik bo‘lishi mumkin. Agarda jamoalar hozirgi jamg‘arayotgan ochkolari bilan keyinchalik ham kurashni davom ettirsa, kurash yanada keskin tus oladi. Menimcha, buni O‘FA rahbariyati ko‘rib chiqsa ham yaxshi bo‘lardi.

Shuningdek, yozgi yig‘in chog‘ida “Paxtakor”ni Stanislav Andreyev tark etdi va u “Metallurg”ga yo‘l oldi. Futbolchi jarohat olib ancha vaqt davolanishiga to‘g‘ri keldi keyinchalik asta-sekin asosiy tarkibga qaytishni boshlagandi. Ammo murabbiylar Stanislavni “Metallurg”ga berishga qaror qilishdi. Yoki uning “Paxtakor”ga foydasi tegmasmidi? Irismetov esa shunday dedi:

- Stanislavga keladigan bo‘lsak, ko‘proq uning o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishini inobatga olib, “Metallurg”ga berishga qaror qildik. Bekobodliklar safida ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lsa, keyingi yili “Paxtakor”ga yordami tegadi deb o‘ylaymiz. Andreyevga faqat o‘yin amaliyoti bo‘lishi uchungina “Metallurg”ga berdik. O‘zinglar ham bilasizlar, u yaxshi o‘yinchi va “Metallurg”ga ham yordam beradi. “Paxtakor”da Farruh Sayfiyev, Vladimir Kozak kabi uning joyida o‘ynay oladigan futbolchilar bor.

Yaqinda “Paxtakor” yangi stadion qurishni rejalashtirayotgani haqida aytilgandi. Ammo keyinchalik bu mavzu to‘xtab qoldi. Aslida ham klubning o‘z stadionini qayta rekonstruksiya qilish yoki yangi stadion qurish rejasi bormi? Bu savolga Irismetov javob berdi.

- Bu 1-2 kun ichida hal bo‘ladigan masala emas. Bu hamma bilan maslahatlashgan holda qilinadi. Lekin hozirgi kunga kelib stadion masalasi o‘z yechimini topib boryapti. Stadion quradigan odamlar bilan muzokaralar olib borilyapti. Balki bu yil stadionni boshqatdan qurish ishlarini boshlasak ham kerak. Ammo bu birgina “Paxtakor”ning o‘ziga bog‘liq emas. Ushbu ishni boshlash uchun tegishli joylardan ruxsat olishimiz kerak. Stadion qurish oson narsa emas. Buning uchun barchasini hisobga olish zarur. Lekin shuni ishonch bilan aytamanki, “Paxtakor” yaqin yillar ichida yangi zamonaviy stadionga ega bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ja’far Irismetov: “Cheran bilan Sergeyev kelgach, raqobat yanada kuchayib ketdi”