Oxirgi paytlarda milliy terma jamoamizga qachon yangi bosh murabbiy tayinlanadi, degan savol rosa avj oldi va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Bunga esa yetarlicha sabab va asoslar borligini siz ham yaxshi bilsangiz kerak. Chunki bugungi kunga kelib nega hali ham xorijlik murabbiy bilan kelishuvga erishilmagani (balki kelishuvga erishilgandir) ko‘plab savollarni keltirib chiqaryapti va bunday bo‘lishiga avvalo O‘FAning o‘zi sababchi. Nega deysizmi? Yodingizda bo‘lsa, O‘zbekiston milliy terma jamoasini bundan buyon xorijlik mutaxassis boshqarishi allaqachon ma’lum bo‘lib ulgurgandi, faqat uning kimligi noma’lum bo‘lib kelayotgandi. O‘zebkiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov ham o‘z chiqishlarida bir necha bor xorijlik taniqli murabbiylardan birining terma jamoamizni boshqarishi haqida aniq aytib o‘tgandi.
Aslida esa voqealar rivoji qish faslidan boshlandi. O‘shanda shu yilning yanvar oyidayoq yangi murabbiy nomi e’lon qilinishi kutilgandi. Keyinchalik esa Ahmadjonov xorijlik mutaxassis bilan fevral oyida BAAda uchrashishini aytdi. O‘shandayoq Eronni boshqarib kelayotgan portugaliyalik Karlos Keyrushning nomzodi ilgari surilayotgani ko‘p bor tilga olindi. Hattoki, buni Umid Mahammadjonovich ham inkor etmagandi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib esa O‘FA rahbariyati jahon chempionatidan keyin yangi bosh murabbiy nomi e’lon qilinishini ma’lum qildi. Natijada esa xalqimiz yana biroz kutadigan bo‘ldi. Ungacha esa O‘FA terma jamoani boshqarishi mumkin bo‘lgan ko‘plab nomzodlarning nomini ommaga oshkor qilib yuborgandi. Xullas, mundial arafasida va mundial nafasi chog‘ida terma jamoa bosh murabbiyligi masalasi ma’lum muddatga “yopilgandek” bo‘ldi.
Jahon chempionati ham tugadi, yana muxlislarimizda savollar uyg‘ona boshladi. Qani, terma jamoaning yangi bosh murabbiyi? Terma jamoamizni kimga topshiramiz? Keyrush keladimi yoki Bert Van Marveykmi? Aynan shu kabi savollar barchani qiziqtirib kelayotgandi. Chunki O‘FA mutasaddilarining o‘zlari aytganlaridek, jahon chempionati ham tugab, endi haqiqatan yangi bosh murabbiy nomini rasman e’lon qilinishi kerak edi, har holda va’da o‘z nomi bilan va’da! Ungacha terma jamoamizni mahalliy murabbiylar – Ro‘ziqul Berdiyev, keyin esa Timur Kapadze vaqtincha boshqarib turdi. Endi esa boshqaruv postini xorijlik mutaxassisga topshirish vaqti keldi!
So‘nggi kunlarda O‘zbekistonni boshqarishi mumkin bo‘lgan yana bir yangi nomzod – Ektor Kuper paydo bo‘ldi. Rossiyadagi mundialga Misr terma jamoasini olib chiqa olgan argentinalik mutaxassisning terma jamoamizni boshqarishi haqidagi xabarlar Osiyoda keng tarqalmoqda. Ochig‘ini aytganda, milliy terma jamoaga bosh murabbiy tayinlash juda nozik masala. Bu xalq jamoasi, bu Vatan jamoasi. O‘zbekiston – bu bizning davlatimiz, bizning millat! Shunday ekan, buning javobgarligi va mas’uliyati naqadar ulkan ekanligini ortiqcha ta’riflashga hojat bo‘lmasa kerak. Buni esa Umid Ahmadjonovning o‘zi ham juda yaxshi tushunib turibdi. Ya’ni, uning o‘zi bir necha bor O‘zbekistonni 2022 yilgi jahon chempionatiga olib chiqish shart ekanligini ta’kidlab kelmoqda. Qolaversa, 2019 yilning yanvar oyida BAAda o‘tadigan Osiyo Kubogida ham muvaffaqiyatli qatnashish ustivor vazifalardan biriga aylangan. Shu bois bizga natija keltiradigan murabbiy kerak. Endi qandaydir vaqt kutadigan holatda emasmiz. Shuncha yil kutganimiz yetar, shunday emasmi?
O‘ylashimcha, O‘FA rahbariyati masalaning ushbu tomonlarini ham hisobga olgan holda vaziyatga chuqur yondashmoqdalar. Terma jamoani qaysi mutaxassisga topshirish bo‘yicha ularda variantlar, nomzodlar ko‘p bo‘lganiga ishonchimiz komil. O‘sha Keyrush, o‘sha van Marveyk, o‘sha Bilich, o‘sha Dalich kabi mutaxassislar bilan futbolimiz mutasaddilari muzokarlarga kirishganiga ishonamiz. Lekin har doim ham siz o‘ylagan narsa amalga oshavermaydi. Avvalo ikki tomonning xohish va istaklari bir joydan chiqishi kerak. Bizningcha, Ektor Kuper varianti keyinchalik paydo bo‘ldi va katta ehtimol bilan ushbu variant biznikilarni qoniqtiradigan darajada bo‘lib turibdi. Aks holda so‘nggi kunlarda Kuper masalasi bu qadar tez ommalashmagan bo‘lardi.
Zukko va qiziquvchan o‘quvchilarimiz ommaviy axborot vostilari, ijtimoiy tarmoqlar orqali terma jamoaga murabbiy tayinlash masalasida qanday yangilik bor ekan, deb kuzatib o‘tirishgani hech qanday shubha yo‘q. Hozircha berilayotgan ma’lumotlar asosan OAV tomonidan ilgari surilmoqda. Biroq O‘FA bu borada hali rasmiy bayonot bergani yo‘q. Demak, biz o‘zimizcha fikrlayotgan bo‘lishimiz ham mumkin. Biroq shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi, to‘g‘rimi? Terma jamoa va xorijik murabbiy masalasi hali biz uchun siyqasi chiqqan mavzuga aylanmagan va aylanmaydi ham. O‘zbekiston nomining o‘ziyoq hech birimizni be’etibor qoldirmaydi va har qanday xabar yoki ma’lumot O‘zbekiston fuqarosini o‘ziga tortishi shubhasiz. Biz siz aziz muxlislarning talab va istaklaringizni to‘g‘ri tushunib turibmiz va hattoki, biz jurnalistlar ham tezroq milliy terma jamoani boshqaradigan murabbiy nomini bilish istagidamiz. Kecha aynan shu maqsadda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovga mazkur masala yuzasidan murojaat qilgandim. Chunki bunday paytda u kishidan boshqa birov aniq va lo‘nda javobni ayta olmasa kerak. Ahmadjonov esa bosh murabbiy masalasiga javob berar ekan, yana bir hafta kutib turishimizni aytdi. Aniqrog‘i, bir haftadan keyin aytaman dedi. Qirqiga chidagan qirq biriga ham chidaylik, endi. Lekin bu yog‘i oz qoldi, ishonavering.
Balki O‘FA allaqachon yangi bosh murabbiy bilan kelishuvga erishgandir-u, faqat kelishuvning ikir-chikirlari qolgandir. Balki Kuperdan boshqa yana yangi variant ham paydo bo‘lgandir. Bu borada bizda turli mulohazalar yo‘q emas. Ammo chindan ham oz qoldi. Buni O‘FAning o‘zi ham yaxshi tushunib turibdi. Aslid-ku, barchamiz uchun Keyrush asosiy nomzod bo‘lib turgandi. Ammo Eron va Keyrush masalasi barchamizni chalkashtirib yubordi. Eron tomoni murabbiyni olib qolganini aytsa, yana bir boshqa tomon hamkorlik to‘xtalishini aytmoqda. Endi esa yana uning Erondan ketishi haqida aytilmoqda. Shu bois bu masala chindan ham bizni chalg‘itib tashladi. Hozirgi paytda eng aniq javobni Umid Ahmadjonovning o‘zi biladi. Shu bois u shu kunlarda yo Kuperni rasman bosh murabbiy bo‘lganini e’lon qiladi yoki boshqa mutaxassisning nomini ma’lum qiladi. Demak, oz qoldi...
Manba: Sports.uz
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xitoy tovushdan tez uchuvchi yo‘lovchi samolyotni sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazdi
Lukashenko ukrainalik generallar taslim bo‘lish uchun unga qo‘ng‘iroq qilishganini aytdi
Mayk Tayson: "Kasalxonada o‘lgandan ko‘ra, ringda o‘lganim afzal"
Yangi Cobalt Midnight 7,3 million so‘m qimmatroq bo‘ladi
“Hizbulloh” rahbari: Urush qancha davom etmasin, o‘t ochishni to‘xtatishni so‘ramaymiz
Yuk mashinalari haydovchilari uchun yangi tartib kuchga kirdi
Vengriya hukumati Ukrainaga noqonuniy qurol yetkazib berishning oldini olganini ma’lum qildi
Hande Erchel turk madaniyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun mukofotlandi