19:27 / 06.08.2018
2 248

Kuper: "O‘zbekiston terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqish uchun tinmay mehnat qilishga va’da beraman"

Купер: "Ўзбекистон терма жамоасини жаҳон чемпионатига олиб чиқиш учун тинмай меҳнат қилишга  ваъда бераман"
Milliy olimpiya qo‘mitasining anjumanlar zalida O‘zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan matbuot anjumani tashkil qilindi. Quyida matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga murabbiyning javoblari bilan tanishishingiz mumkin.

- O‘zbekiston terma jamoasi bilan dastlab qanday ishlarni amalga oshirasiz?
- Avvalo futbolchilar, futbolga aloqador insonlar hamda OAV vakillari bilan tanishaman, ichki chempionat o‘yinlarini ko‘raman. Ya’ni ishimni tanishishdan boshlayman. Barcha islohotlar asta sekinlik bilan boshlanadi. Tezda mo‘’jizalar kutish to‘g‘ri emas. O‘z maqsadlarimizga bosqichma-bosqich erishamiz.

- O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan necha yilga mo‘ljallangan shartnoma imzoladingiz?
- O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan 3+1 shaklida shartnoma imzoladik. Mening javobgarligim faqatgina milliy terma jamoa doirasida bo‘ladi. Lekin bu boshqa yoshdagi terma jamoalarni kuzatmayman, degani emas. O‘zbekistonning qolgan terma jamoalari bilan hamjihatlikda ishlashga umid qilyapman.

- Yurtimiz hamda o‘zbek futboli haqida qanday tasavvurga egasiz? Osiyo kubogida O‘zbekistondan qanday natija kutishimiz mumkin?
- Hozircha futbolchilar bilan tanishyapman. Albatta ijobiy natijalar ko‘rsatishga ishonchim bor. Aks holatda sizning terma jamoangiz bilan shartnoma tuzmasdim.

- Janob Kuper Siz O‘zbekistonda istiqomat qilasizmi yoki ma’lum bir vaqtlardagina yurtimizga tashrif buyurasizmi? Murabbiylik shtabingizdan o‘zbek murabbiylar ham joy olishadimi?
- Men O‘zbekistonda yashab, terma jamoada ish olib boraman.Orada Ispaniyaga va Argentinaga borib kelib turishim mumkin. Ammo asoiy yashash joyim O‘zbekiston bo‘ladi. Bu borada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Buning uchun ularga tashakkur bildirib o‘taman.
Mahalliy murabbiylarga keladigan bo‘lsak, terma jamoada ishlash jarayonida ular bilan maslahatlashishim mumkin. Buni vaqt ko‘rsatadi. Bu borada mahalliy murabbiylarning ish faoliyati bilan tanishmay turib javob bera olmayman. Shu bilan birga O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabidan uch nafar yordamchim joy olishini ham ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ular menga raqiblarni o‘rganish, futbolchilarni kuzatish va boshqa jabhalarda yordam berishadi.

- O‘yin falsafangiz bilan bo‘lishsangiz, futbolchilarga qarab taktika tanlaysizmi yoki o‘z taktikangizga mos futbolchilarni tanlaysizmi?
- Mening falsafam futbolchilarga qarab o‘yin sxemasini tuzish emas, balki o‘zim to‘g‘ri deb hisoblagan sxemalarga o‘yinchilarni moslashtirish yoki shunga mos kuchli futbolchilarni tanlab olishdir.

- Nima sababdan O‘zbekiston tomonining taklifiga rozi bo‘ldingiz?
- O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan shartnoma tuzishimning asosiy sababi O‘zbekiston terma jamoasining o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlaridir. Ya’ni Osiyo chempionatidagi ijobiy natija va azaliy orzu bo‘lgan jahon chempionatiga chiqish.

- O‘zbekistonni jahon chempionatiga olib chiqishga va’da bera olasizmi?
- Jahon chempionati 4 yillikning eng katta musobaqasi. Dunyodagi barcha terma jamoalar ushbu musobaqada ishtirok etish uchun katta hajmdagi ish olib borishadi. Futbolda oldindan natijani aniq aytishning ilojisi yo‘q. O‘zbekiston terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqish uchun tinmay mehnat qilishga va’da beraman. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi.

Manba: www.ufa.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kuper: "O‘zbekiston terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqish uchun tinmay mehnat qilishga va’da beraman"