11:06 / 15.10.2018
2 440

Qudratillo Abduqahhorovdan WBC Silver kamari olib qo‘yildi

Qudratillo Abduqahhorovdan WBC Silver kamari olib qo‘yildi
Professional boksning yarim o‘rta (-66,67 kg) vazn toifasida ringga chiqadigan o‘zbekistonlik Qudratillo Abduqahhorov WBC yo‘nalishining ikkinchi darajali WBC Silver kamaridan mahrum qilindi. «Xalq so‘zi Online» muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Qudratilloning o‘zi bilan bog‘landi.

«Ha, darhaqiqat hozir menda WBC Silver kamari yo‘q. Bunga sabab esa uni belgilangan vaqtda himoya qila olmaganim. Qoidaga ko‘ra, chempionlik kamariga ega bo‘lgan bokschi uni olti oy davomida himoya qilish kerak. Shu bilan birga himoya janglari oralig‘i uch oydan kam bo‘lmasligi kerak. Men belgilangan vaqtda bu kamarni himoya qilmadim. Natijada WBC Silver vakant bo‘lib qoldi. Aniqroq aytganda o‘zimiz undan voz kechdik.

Murabbiylarim bilan maslahatlashib, bir yo‘la asosiy WBC kamariga harakat qilishga kelishib oldik. Chunki WBC Silverʼni uch marta himoya qildim. Endi olg‘a borish kerak. Shunga oltin kamar uchun harakat qilishga qaror qildik. Shuning uchun ham Silver kamarini himoya qilishga ortiqcha e’tibor qaratmadik.

Ikki oydan oshiqroq vaqt davomida Amerikada shug‘ullandim. Bu yerda juda ko‘plab bokschilarga aloqaga chiqdik. Lekin negadir ular men bilan ringga chiqishni istashmadi. To‘g‘risini aytsam, jang bo‘lmayotganidan zerikib ham ketdim. Mana ikki kun oldin Malayziyaga qaytdik. Shu yerda mashg‘ulotlarni davom ettiryapmiz. Xudo xohlasa tez orada ringga chiqishga umid qilyapman», deya gapirib o‘tgan Abduqahhorov «Xalq so‘zi Online» muxbiri bilan suhbatda.

Ma’lumot uchun, Abduqahhorov WBC Silver kamarini ilk marta 2017 yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan ugandalik Sharles Manyushiga qarshi jangda raqibini nokautga uchratgan holda qo‘lga kiritgandi. So‘nggi marta u titulini 2018 yil 17 mart kuni vengriyalik Laslo Totga qarshi jangda himoya qilgandi. 5 may kuni “O‘zbekiston“ sport majmuasida bo‘lib o‘tgan Tvaka Kidukuga qarshi jang kamarni himoya qilish muddati uch oyga yetmagani bois, reyting jangi sifatida o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qudratillo Abduqahhorov professional boksda 15 jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba (9 nokaut) qozongan. Ayni vaqtda sportchi WBC reytingida 3-o‘rinda bormoqda. Shuningdek, u IBF reytingida to‘rtinchi, WBO reytingida esa 12-o‘rinda bormoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)