13:12 / 23.11.2018
4 188

O‘zbek futboliga qarama-qarshi uslubni joriy qilayotgan Kuper (tahlil)

O‘zbek futboliga qarama-qarshi uslubni joriy qilayotgan Kuper (tahlil)
Kechagi terma jamoamiz ko‘rsatgan, yo‘q, aniqrog‘i umuman ko‘rsata olmagan o‘yini kishini ancha o‘ylantirib qo‘ydi. Gap natija yoki tablodagi hisobda ham emas. Shunchaki oxirgi bor Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda qachon bu kabi nochor, kurashsiz qolganimizni eslay olmadim. Umuman Livan, Suriya, KXDR yoki Janubiy Koreya bilan bo‘lgan o‘yinlarda biz o‘z qiyofamizni yo‘qotib qo‘ydik. Kuper aytgan va va’da qilgan qiyofa haqida gapirayotganim yo‘q, o‘zimizni eski qiyofamizdan butunlay voz kechganimizni eslatmoqchiman. Garchi yutqazgan bo‘lsakda Eron va Qatarga qarshi kechgan bahsda nisbatan futbol o‘ynashga, himoyada tartibli harakat qilishga erishgandik. Taktik taraflama mazkur bahslar nisbatan yaxshiroq darajada o‘tgandi.

Kechagi xunuk o‘yin, terma jamoamizda Kuper tadbiq etayotgan uslub va sharmandali mag‘lubiyat barchani birdek xafa qildi. Lekin juda ko‘p ta’kidlaganimdek, xulosa chiqarishga va Kuperga baho berishga erta!

Kuper kelganidan buyon o‘rtoqlik o‘yinlariga e’tibor bermaslikka, uning bizning uslubga noodatiy bo‘lgan taktikasiga ko‘nikishimizga to‘g‘ri kelishini juda ko‘p takrorlaganman. O‘shanda ham, hozir ham o‘sha fikrda qolaman. Kuperning uslubi aniq. Terma jamoamiz hali yig‘inga kirishmasdanoq O‘zbekiston Kuper qo‘l ostida qanday uslub va taktikada o‘ynashi haqida yozgandim.

Argentinalik mutaxassis terma jamoamiz bilan yetarlicha yig‘in o‘tkazdi, o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘ziga ma’qul kelgan futbolchilarni o‘z g‘oyalari asosida o‘ynatib ko‘rdi. O‘tkazilgan 6ta o‘rtoqlik o‘yinlari Kuperni Osiyo Kubogi oldidan yakuniy xulosaga kelishi uchun yetarli. Murabbiy qayerda xato qilganini, ikkinchi reja ustida ishlamayotganini pand berayotganini sezgan bo‘lishi kerak.

Bilaman, Kuper ancha qaysar va o‘z odatlaridan osonlikcha voz kechmaydigan mutaxassis. Ammo terma jamoamizda u qo‘llayotgan uslub raqibning birgina goliga qadar ish berayotgani shundoq ko‘rinib turibdi. Buni ko‘rib olish va to‘g‘ri tushunish uchun o‘tkazilgan o‘yinlar yetarli, chamamda. Buyog‘iga murabbiyga Osiyo Kubogi oldidan dekabrdagi ikki haftalik hal qiluvchi yig‘in qoldi. Muhimi, Kuper o‘tkazilgan yig‘in, o‘rtoqlik bahslari va sinab ko‘rgan taktikasidan to‘g‘ri xulosa chiqarmog‘i lozim.

Uslub o‘z yo‘liga, taktika va o‘yin qurishdagi rejalarga o‘zgartirish kiritishga muhtojmiz. Aks holda bu taktika bilan Osiyo Kubogida qiynalib qolamiz. Bizning hozirgi uslubimiz raqibning birgina goliga qadar davom etuvchi taktika. Aynan mazkur holatlar bo‘yicha Kuper taktik o‘zgartirishlar va hujumkorlikni oshiruvchi jihatlarga alohida e’tibor qaratishi shart. Bu nafaqat mening, muxlislar yoki mutaxassislar, balki futbolchilarning ham fikri. Ya’ni, bizning futbolchilar 90 daqiqa to‘psiz va ikkinchi raqam ostida o‘ynashga bardoshlari yetmaydi.

To‘psiz harakat futbolchilarni ustun jihatlarini "yopib" qo‘ymoqda. Kuper bizdagi bor ijrochilarning salohiyatlarini yuzaga chiqarishga imkoniyat taqdim etadigan uslub ustida bosh qotirishi kerak.

Matbuot anjumanida Ektor Kuperdan nega zaxira varianti sifatida boshqa taktik uslublarni sinab ko‘rmayapsiz, Osiyo Kubogida har qanday holatga duch kelib qolish mumkin deganimda, murabbiy hozir futbolchilarni ikki xil uslubda shug‘ullantirib, ularni chalg‘itib qo‘ymoqchi emasman, deya javob qaytargandi. Balki murabbiy haq bo‘lgandir. Biroq o‘tkazilgan o‘yinlar shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirgi uslubda futbolchilar ko‘proq chalg‘ib qolayotgandek tuyulmoqda.

Kuperning uslubi bizning futbolga begona. Umuman qarama-qarshi yo‘nalishdagi futbol va murabbiy ekanligini avval ham aytgandik. Argentinalik murabbiyni tanishtiruv marosimida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kuperdan taktikaga qarab futbolchi tanlaysizmi yoki futbolchilarimizdan kelib chiqib taktikani belgilaysizmi, deb so‘raganimda murabbiy aniq javobni bermagandi. Ammo birinchi yig‘indan shu ma’lum bo‘ldiki, Kuper bizning futbolchilarning salohiyatidan kelib chiqib emas, balki o‘zining taktikasiga moslab futbolchilarni tanladi. O‘yinni ham o‘z falsafiga moslab qurdi, qo‘rmoqda va quradi.

Hozir Kuper qo‘l ostidagi yig‘inlar, o‘yinlardan kelib chiqib uni tanqidlar yomg‘iri ostida qoldirayotgandekmiz. Ammo bu yakuniy xulosa chiqarganimizni anglatmaydi. Haqiqat shuki, Kuperga bahoni Osiyo Kubogidagi ishtirokdan keyin beramiz. Aynan o‘shanda murabbiy tanlagan uslub qanchalik o‘zini oqlagani, biz bilmagan, ko‘rmayotgan qirralarni Kuper qanchalik to‘g‘ri ko‘rgani o‘shanda ayon bo‘ladi. Hozircha mavjud kamchiliklar va to‘g‘rilanishi kerak bo‘lgan holatlar haqida fikr bildiryapmiz.

To‘g‘risi, ko‘pchilik Kuperga juda katta ishonch kreditini taqdim etayotgani va Osiyo Kubogidagi ehtimoliy har qanday natija va ishtirokdan keyin ham murabbiyga butkul ishonch berilishini kutayotgan jurnalistlar ham yo‘q emas. Ammo bu xato fikr. Nega?

Birinchidan, Kuperning uslubi bizning futbolga mos emas. Har qanday uslub orqali natijaga erishish mumkin, to‘g‘ri. Ayniqsa Kuperning himoyaviy uslubi tezroq natijaga eltuvchi eng qisqa yo‘q. Biroq bu uslub bizning futbolga yangi yo‘nalish ko‘rsatadigan va futbolimizni yangi bosqichga olib chiqishga ko‘maklashadigan falsafaga zid. Ikkinchidan, bizda futbol texnik jihatdan kuchliroq. Istaymizmi-yo‘qmi, bizning futbolchilar jismoniy jihatdan baquvvat va chidamli o‘yinchilar emas. Shu nuqtai nazardan Kuper tanlovidan oldin futbolimiz mutaxassislaridan maslahat olib, kengroq tahlil qilib, kelayotgan murabbiyning falsafasi bizga qanchalik mos, degan savolni o‘rtaga tashlagan yaxshiroq bo‘lardi.

Shunchaki avval terma jamoamizni bunday statusdagi murabbiy boshqarmagani va Kuperning nomiga qarab o‘zimizni yupatib, uning boy tajribasiga ishonmoqdamiz. Kuper nomiga esankirab qolib, barcha narsaga ko‘z yumish ham bo‘lmaydi. Yaxshi niyat va yuqori ishonch hozir ham saqlanib turibdi. Buni inkor etmayman.Garchi uslubi bizga mos demagan fikrda bo‘lsam ham Osiyo Kubogida ba’zi ehtimoliy taxminlardek muvaffaqiyatsiz ishtirokni emas, balki yaxshi natija qayd etishimizga ham ishonaman.

Biroq Osiyo Kubogida terma jamoa oldiga yuqori vazifa qo‘ymaslik, JCh-2022 yo‘lida qit’a chempionatini qurbon qilish, Kuperga Osiyo Kubogidan keyin ham baho berishga erta, degan gaplar, fikrlar shunchaki futboldan yiroq yoki murabbiyni oqlovchilarning ishi. Ochig‘i, bu fikrlarga keskin qarshilik qilaman. Nega?

Hammasi aslida tizimga borib taqaladi. Bizda futbolning aniq bir tizimi shakllantirilmagan va bunga hech e’tibor qaratilmayapti. Biz yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida natijani barchasidan ustun qo‘ydik, Tokio-2020ni unutib, bugungi g‘alabadan sarmast bo‘ldik. Osiyo o‘yinlarida ham natijani birlamchi qilib, yana olimpiadaga tayyorgarlikni ikkinchi planga chiqarib qo‘ydik. Yozda terma jamoamizning kuchli termalarga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida Osiyo o‘yinlarida qatnashishi lozim bo‘lgan futbolchilarni chiniqtirishga, ularni musobaqaga tayyorlashga urg‘uni berib, terma jamoamizni yangi yuzini ko‘rishni kechiktirdik. Aslida o‘ta muhim bo‘lmagan musobaqalarda natijani birinchi o‘ringa qo‘yib, qit’aning eng muhim turniriga kelganda murabbiyga bosh jamoamizni ko‘rib olish uchun imkoniyat taqdim etib, natijani unutib turishimiz kerakmi? Aslo yo‘q!

Bosh termamiz ishtirok etadigan eng nufuzli musobaqada ham natijani yoddan chiqarmaslik kerak. Osiyo Kubogi fonida Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati yoki Osiyo o‘yinlari hech qanday ahamiyat kasb etmay qoladi. Aslida hali sanalgan ikki musobaqada natijani emas, jamoani shakllantirib olishga asosiy urg‘uni qaratish lozim edi. Yanvarda bo‘ladigan qit’a chempionatida terma jamoamizdan natija kutishga haqlimiz va bundan boshqasi bizni qiziqtirmaydi. Qachongacha kichik muvaffaqiyatlarni ko‘zlab, katta g‘alabalarni unutishimiz lozim?

Ektor Kuper deya kerilib, kezi kelganda maqtanib qo‘yamiz. Terma jamoamizni nihoyat jahon miqiyosidagi murabbiy boshqarayotganini katta musobaqalarda his etish kerak. Kuper aynan tezroq natija keltirishi va terma jamoamizga yangi g‘alabalarni taqdim etish uchun olib kelingan. Qanday uslubda natija keltirishi muhim emas. Muhimi - natija!

Biz avvallari Osiyo kuboklarida o‘z darajamizdan kelib chiqib natija qayd etganmiz. Oxirgi to‘rtta musobaqadagi eng minimum natijamiz - chorak final. Qatardagi qit’a chempionatida esa yarim final bekatiga qadar yetib borgandik. O‘shanda ham aslida o‘z darajamizdagi raqiblarni mag‘lub etib, bizdan yuqoriroq turadigan jamoalarga yutqazganmiz. Bizdan kuchli va darajasi yuqori raqiblarga tengma-teng kurash taqdim etilgan. Aytmoqchi bo‘lganim, oxirgi yillarda Osiyo Kubogida o‘z darajamizdan kelib chiqib nisbatan ancha barqaror natija qayd etganmiz. Yutqazgan o‘yinlarda ham mardonavor kurashganmiz. Kuper qo‘l ostida esa o‘z darajamizdan bir bosh baland sakrash lozim. Xorijlik murabbiy va uning boy tajribasi bizga aynan shuning uchun ham kerak aslida.

To‘g‘ri, Kuper kelganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. Ammo Janubiy Koreya bosh murabbiyi Bentu ham yangi va u Kuperdan keyin terma jamoa ruliga o‘tirdi. Yoki bunga o‘xshagan misollar bisyor. Zlatko Dalich Xorvatiyani qaysi payt va qanday holatda qabul qilib olganini barcha biladi. Nimalar qilgani haqida to‘xtalishga hojat yo‘q. Aytmoqchi bo‘lganim, Kuper yangi keldi deyiladigan gaplar bahona bo‘lmasligi lozim. Yaxshi murabbiy o‘z imzosini tezda ko‘rsata oladi. Osiyo Kubogida natija deganda chempionlik yoki finalga chiqishimiz shart, demoqchi emasman. Bilamiz, hozirgi darajamiz Osiyo grandlari qatorida emas. Lekin Kuperdan kutiladigan natija shuki, Osiyo Kubogidagi ishtirok orqali biz murabbiy bizning ishonchni qozonishi va kelajakda ham terma jamoamizga nimadir bera olishini isbotlashi lozim. Qit’a chempionatidagi biz kutayotgan eng minimum vazifa shu. Ya’ni, Kuper kelajakda ham O‘zbekistonda ishlab, terma jamoamizni yangi pog‘onaga chiqishida yordam bera olish salohiyatida ekanligini isbotlashi lozim bo‘ladi.

Kuperning bizning futbolga teskari bo‘lgan uslubi aslida murabbiyning to‘g‘ri qarori ekanligini his qilsak, bu Kuper va terma jamoamizning yutug‘iga aylanadi.

Qisqa qilib aytganda, Ektor Kuperga haqiqiy bahoni Osiyo Kubogidan keyin beramiz. Hozirdan esa Kuperni tanqid qilib, Osiyo Kubogida hech narsaga erisha olmaymiz yoki qit’a chempionatidagi ehtimoliy muvaffaqiyatsizlik murabbiyning faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmasligi kerak, degan fikrlar juda ortiqcha va xato. Hammasi qaxraton qishda ma’lum bo‘ladi.

Muhimi, murabbiy mazkur yig‘inlar va o‘rtoqlik o‘yinlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarsa bo‘lgani. Har holda Kuper nomi ostida juda boy tajribaga ega mutaxassis gavdalanadi. Shaxsan o‘zim uning uslubidan ham ko‘ra, boy tajribasiga ishonaman.

O‘rtoqlik o‘yinlari murabbiylar uchun, rasmiy bahslar esa murabbiyga baho berish uchun xizmat qiladi. Shuni unutmaslik kerak!
Shahboz Beg'amov

Manba: championat.asia

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » O‘zbek futboliga qarama-qarshi uslubni joriy qilayotgan Kuper (tahlil)